my5
Sevimli

O`zbekistonda ilk bor islomiy obligasiyalar (sukuk) chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

Iqtisodiyot 24.01.2021, 12:16
O`zbekistonda ilk bor islomiy obligasiyalar (sukuk) chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

Bu haqda  Oliy Majlis quyi palatasi deputati Doniyor G`aniev xabar berdi.  

Mamlakatda islomiy moliyaviy xizmatlarni joriy etish, buning uchun zarur huquqiy bazani yaratish vaqti-soati kelganligi Prezidentimizning Oliy Majlisga yo`llagan Murojaatnomasida ilgari surilgan muhim tashabbuslardan biri bo`ldi, deydi deputat. U islomiy moliyalashtirishni mamlakatimizda joriy etish va rivojlantirishning bir nechta ijobiy natijalarni ham sanab o`tgan. 

"Birinchidan, bugungi jadal iqtisodiy rivojlanish jarayonlari va islohotlar olib borilayotgan vaqtda davlat va tadbirkorlar uchun mazkur islohotlarni amalga oshirish va moliyalashtirish uchun moliyaviy resurslar kerak. Ushbu holatda islomiy moliyalashtirish tizimini joriy qilinishi mamlakat rivojlanishi uchun muhim bo`lgan moliyaviy resurslarni jalb qilishda yangi manbaa bo`ladi.

Ikkinchidan, o`zining diniy e`tiqodidan kelib chiqqan holda an`anaviy kreditlash va moliya bozorlarida ishtirok etishni istamaydigan ko`plab salohiyatli tadbirkorlarimiz uchun o`z bizneslarini kengaytirish va rivojlantirish qiyin kechmoqda. Islomiy moliyalashtirish joriy qilinishi esa shu kabi ko`plab tadbirkorlarimizga "halol" moliyalashtirish  instrumentlaridan foydalangan holda o`z bizneslarini rivojlantirishga zamin yaratadi.  

Uchinchidan, islom e`tiqodi sabab o`z shahsiy jamg`armalarini yoki haj amallari va umra ziyoratlarini ado etish uchun bir necha yillar jamg`arib borayotgan mablag`larini tijorat banklarida omonat ko`rinishida saqlamay kelayotgan, aksiya va obligasiyalarni xarid qilmayotgan yurtdoshlarimiz ham talaygina. Islomiy moliya tizimi esa mana shu mablag`larni ham kapital bozoriga jalb qilishga, ulardan iqtisodiyotimiz rivoji uchun foydalanishga imkon beradi.

To`rtinchidan, hozirda dunyo bo`yicha jami islomiy aktivlar qiymati 2,4 trln. AQSh dollardan oshgan bo`lib, kelgusi yillarda bu raqam yuqori suratlarda o`sib borishi taxmin qilinmoqda. Islomiy avtivlarning katta qismi asosan Malayziya, Eron, Saudiya Arabistoni, BAA kabi davlatlari hisobiga to`g`ri kelishi hamda mintaqa davlatlarida bu tizim etarlicha rivojlanmaganligi inobatga olinsa, Islomiy moliya tizimini jadallik bilan joriy etish orqali nafaqat mamlakat moliya bozorini rivojlantirish, balki O`zbekistonni mintaqadagi asosiy Islom moliya markaziga aylantirish imkoniyati bor. Bu orqali mamlakat kapital bozoriga Markaziy Osiyo, Afg`oniston va Rossiya Federasiyasi musulmonlarining katta hajmdagi jamg`arma va investisiyalarini jalb qilish mumkin bo`ladi.  

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Kapital bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan joriy yil tajriba tariqasida Islom tamoyillariga asoslangan Sukuk obligasiyalarini (emissiyaviy qimmatli qog`oz) mamlakatimizda ilk bor joriy etish rejalashtirilmoqda. Hozirda, Agentlik tomonidan Islom Taraqqiyot Bankining texnik ko`magi asosida Sukuk obligasiyalarini chiqarish bo`yicha keng qamrovli muhokamalar olib borilmoqda.

Xalqaro tajriba shuni ko`rsatmoqdaki, islom moliya tizimining rivojlanib borishi uchun mamlakatda sohaga oid mukammal huquqiy asoslar yaratish, kadrlar tayyorlash va  aholi moliyaviy savodxonligini oshirish o`ta muhimdir. Misol uchun, aynan mukammal huquqiy asoslar yaratilmaganligi Qozog`iston va Ozarbayjonda islomiy moliyalashtirish bozori rivojlanishiga asosiy to`siq bo`lganligini kuzatish mumkin.  

Shu bois, joriy yilda Oliy Majlis palatalari oldida islomiy moliyaga oid zarur huquqiy asoslarni ishlab chiqish vazifasi turibdi. Bunda bir qator qonunlar, jumladan, “Qimmatli qog`ozlar bozori to`g`risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunlarga tegishli o`zgartish va qo`shimchalar kiritish orqali islom moliya tizimi va tushunchasi, moliyalashtirish turlari, uni joriy etish tartibi aniq va mukammal yoritib berilishi talab etiladi.  

Umid qilamanki, Islom tamoyillariga asoslangan Sukuk obligasiyalarini mamlakatimizda tajriba tariqasida joriy etilishi muvaffaqiyatli bo`ladi hamda kapital bozorning rivojlanishiga, tadbirkorlar faoliyatini kengaytirishga, yangi ish o`rinlari yaratishga xizmat qiladi" , deya ta`kidlamoqda Doniyor G`aniev

Шарҳлар