AsosiyDunyo

Ichki ishlar organlarining vazifalaridan biri MIBga yuklatiladi

'Ichki ishlar organlarining vazifalaridan biri MIBga yuklatiladi'ning rasmi

Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligining “Ijro hujjatlari talablarini bajarishdan bo`yin tovlayotgan qarzdor jismoniy shaxslar va ijro hujjatlari bo`yicha olib qo`yilishi lozim bo`lgan bolani qidirishda Majburiy ijro byurosi va ichki ishlar organlarining hamkorligi bo`yicha yo`riqnomani tasdiqlash to`g`risida”gi qarori loyihasi e`lon qilindi.

Loyiha asosida qarzdor jismoniy shaxs va olib qo`yilishi lozim bo`lgan bolani qidirish vazifasi ichki ishlar organlaridan olinib, MIBning qidiruv bo`linmalariga yuklatilmoqda.

Amaldagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to`g`risida”gi qonunga asosan qarzdor jismoniy shaxs va olib qo`yilishi lozim bo`lgan bolani qidirish ichki ishlar organlariga yuklatilishi belgilab qo`yilgan.

Prezidentning 2019 yil 23 maydagi “Mustaqil davlatlar hamdo`stligida qatnashuvchi davlatlarning shaxslarni davlatlararo qidirish to`g`risidagi shartnomasi bo`yicha O`zbekiston Respublikasining majburiyatlari bajarilishini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 4333-sonli qarori bilan Majburiy ijro byurosi MDHda qatnashuvchi davlatlarning Shaxslarni davlatlararo qidirish to`g`risidagi shartnomasining sud qarorlarini ijro etishdan bo`yin tovlayotgan shaxslarning joylashgan joyini aniqlash qismi bo`yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish uchun vakolatli organ etib belgilangan.

Shuningdek, 2020 yil 24 noyabrdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 6118-sonli farmonda Majburiy ijro byurosi tarkibida tezkor qidiruv faoliyati bilan shug`ullanuvchi qidiruv bo`limi va shu`balari faoliyat yuritishi nazarda tutilgan bo`lib, mazkur farmonning 17-bandida majburiy ijro organlari ichki ishlar organlarining axborot tizimlaridan foydalanish, shuningdek, MDH davlatlari axborot tizimlariga qidiruv tashabbuskori sifatida ma`lumot kiritishi tartibini belgilashni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari talablarini bajarishdan bo`yin tovlayotgan qarzdor jismoniy shaxslar va olib qo`yilishi lozim bo`lgan bolalarni qidirishda majburiy ijro va ichki ishlar organlarining o`zaro hamkorlik qilish tartibini qayta ko`rib chiqish vazifasi yuklatilgan.

Byuroning ijro hujjatlari yuzasidan qarzdor jismoniy shaxs va olib qo`yilishi lozim bo`lgan bolani qidirish borasidagi vazifalarni amalga oshirishda ichki ishlar organlari axborot tizimlaridan foydalanishi, ichki ishlar organlari bilan hamkorlik qilishi, bu borada Byuro va ichki ishlar organlari tegishli bo`linmalarining vazifalari hamda tartib-taomillar belgilanmoqda.

Shuningdek, Majburiy ijro byurosi MDHda qatnashuvchi davlatlarning Shaxslarni davlatlararo qidirish to`g`risidagi shartnomasining sud qarorlarini ijro etishdan bo`yin tovlayotgan shaxslarning joylashgan joyini aniqlash qismi bo`yicha xalqaro hamkorlikni amalga oshirish uchun vakolatli organ etib belgilanganligi sababli ichki ishlar organlarining axborot tizimlaridan foydalangan holda MDH davlatlari axborot tizimlariga qidiruv tashabbuskori sifatida ma`lumot kiritish tartibi nazarda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar