“COVID-19”ning “britancha shtamm”i yurtimizda ham ilk bor qayd etildi. Bu haqda SSV Matbuot xizmatiga Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i Bahodir Yusupaliev xabar berdi.
2010 yilda tug`ilgan poytaxtlik fuqaro Sh. oila a`zolari bilan birgalikda Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahriga safar qilib, 2021 yilning 23 yanvar kuni Toshkentga qaytgan.
O`rnatilgan tartibga ko`ra, xalqaro aeroportda fuqarodan ekspress usulida test olinganda, unda musbat natija qayd qilingan. Shundan so`ng, bemor zudlik bilan yuqumli kasalliklar shifoxonasiga tez yordam mashinasida olib kelingan. Shifoxonada o`sha kunning o`zida funksional-klinik tekshiruvlardan o`tkazildi va unga “COVID-19”ning simptomsiz kechishi tashxisi qo`yildi.
— SARS-CoV-2 virusi genomini o`rganish uchun Innovasion rivojlantirish vazirligi huzuridagi Ilg`or texnologiyalar markaziga yuqumli kasalliklar shifoxonasidan PZR usulida olingan 33 ta musbat natijali tomoq-burun namunasi “britancha shtamm”ni aniqlash maqsadida yuborilgandi, — deydi Bahodir Yusupaliev. — Ushbu namunalar PZR skriningi orqali birinchi bosqich tekshiruvidan o`tkazilgan. Natijada, ular orasida mutasiyaga uchragan namunalar ham aniqlangan. Kuni kecha ikkinchi test bosqichida mutasiya aniqlangan namunalardan birining genom qismlarida “britancha shtamm”ga xos bo`lgan qo`shimcha mutasiya mavjudligi tasdiqlangan. Bu namuna esa 10 yoshli bemor Sh. (qiz bola)ga tegishli ekani ma`lum bo`lgan.
Hozirda bemorning umumiy holati qoniqarli, shikoyatlari yo`q, tegishli tibbiy standartlar bo`yicha davo muolajalarini olmoqda. Bemor bilan birga bo`lgan oila a`zolarida manfiy natija aniqlangani sababli uy sharoitida izolyasiyaga ruxsat berilgan.
Sog`liqni saqlash vazirligi ana shu vaziyatdan kelib chiqib, yana bir bor aholini hushyorlikka, jamoat hamda ish joylarida tibbiy niqobni to`g`ri va doimiy tarzda taqib yurishga, ijtimoiy masofani saqlash, qo`llarni muntazam yuvib turish kabi kundalik odatlarni kanda qilmaslikka chaqirib qoladi.
Yurtdoshlarimizdan zarurat bo`lmaganda chet el safarlariga vaqtincha chiqmay turishlarini so`raymiz.
Aziz yurtdoshlar! O`zingiz va yaqinlaringizni asrang! Salomatligingiz o`z qo`lingizda.