AsosiyJamiyat

Koronavirusning "britancha shtammi"ni aniqlash jarayoni qanday kechdi?

'Koronavirusning "britancha shtammi"ni aniqlash jarayoni qanday kechdi?'ning rasmi

Innovasion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg`or texnologiyalar markazi direktori o`rinbosari, professor Alisher Abdullaev koronavirusning «britancha shtamm»ni aniqlash jarayoni haqida ma`lumot berdi.

“Britancha shtamm”ni genetik aniqlash jarayoniga taxminan 5 kun vaqt sarflandi. Bu jarayon anchayin murakkab bo`lib, har bir bosqichini alohida nazorat qilish talab etiladi. Ta`kidlash joizki, ushbu usul, ya`ni maxsus praymerlar markazimiz olimlari tomonidan mustaqil ravishda yaratilgan.

Shu kungacha markazimiz tomonidan «Britaniya shtammi» mavjudligi ehtimoli bo`lgan COVID-19 virusi aniqlangan 33 nafar bemorning burun bo`shlig`idan olingan surtmalar tekshirildi. Birinchi bosqichda barcha taqdim etilgan namunalarning koronavirus RNKsi DNK shaklga o`tkazildi. Sababi, virus RNK shaklda bo`lib, u bilan ishlash uchun uni avval DNK shaklga o`tkazish talab etiladi.

Ikkinchi bosqich – Real Time PCR reaksiyasi yordamida «britancha shtamm»ning marker mutasiyasi skriningi o`tkazildi. Bu usul ham bizning olimlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan bo`lib, ilk bor real bemorlar tahlilida qo`llanildi. Bir paytning o`zida bu usulni optimallashtirishimizga to`g`ri keldi va bir qator takror tajribalar o`tkazib, xatoga yo`l qo`ymaganimizni tekshirdik. Aynan mana shu bosqichda biz shubhali namunani aniqladik, ammo mazkur namununada «britancha shtamm»ga xos bo`lgan qator boshqa mutasiyalar ham mavjud ekaniga ishonch hosil qilishimiz kerak edi.

So`ngra namunani sekvenlashga (genlarning DNK ketma-ketligini aniqlashga) tayyorladik. Buning uchun koronavirus genomi uchastkalari sun`iy sharoitda ko`paytirilib, tozalanadi. Bu eng qiyin jarayon hisoblanadi, negaki bir qator reaksiyalar qo`lda amalga oshiriladi. Keyin esa DNKning qayta ishlangan va tayyorlangan bo`laklari apparatga – sekvenatorga joylanadi va bevosita genetik tahlili qilinadi.

Sekvenlash ishlari SeqStudio (Applied Biosystems, USA) gen analizatorida amalga oshirildi. Mazkur uskuna markazimiz tomondan bir necha oy avval aynan koronavirusning genetik ketma-ketligini aniqlash maqsadida xarid qilingandi, ilk natijalar o`tgan yil yozda e`lon qilingandi. «Britancha shtamm»ni aniqlash uchun virus shtammining ORF1ab kodlangan hududi mutasiyalari va S geni mutasiyalari maqsadli uchastka sifatida tanlab olindi.

Shu o`rinda biz bitta emas, balki har bir mutasiya uchun alohida tahlillar o`tkazganimizni ta`kidlash joiz. Bu sinovlar ilk bora amalga oshirilayotgani uchun xatoga yo`l qo`ymaslik o`ta muhimligini e`tiborga olish lozim.

Va so`nggi bosqich, bu – natijalarni kompyuterda qayta ishlab, xalqaro ma`lumotlar bazasidagi ketma-ketliklar bilan solishtirish bo`ldi. «Britancha shtamm»ga xos qator mutasiyalar mavjudligi tasdiqlanganidan keyingina, ma`lumotlar Sog`liqni saqlash vazirligiga taqdim etildi”,–  deyiladi Innovasion rivojlanish vazirligi Axborot xizmati bergan xabarda.

Boshqa yangiliklar