Sevimli

Respublika xirurgik angionevrologiya ixtisoslashtirilgan markazining ilk filiali Farg`onada ish boshladi

Salomatlik 16.02.2021, 15:43
Respublika xirurgik angionevrologiya ixtisoslashtirilgan markazining ilk filiali Farg`onada ish boshladi

Mamlakatimizning Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg`ona filiali qon-tomir jarrohligi bo`limi negizida Respublika xirurgik angionevrologiya ixtisoslashtirilgan markazining Farg`ona viloyati mintaqaviy filiali ochildi. Bu haqda SSV Matbuot kotibi ma`lum qildi.

Filialda ma`sul mutaxassislar, yani nevropatolog, qon-tomir jarrohi va UTT shifokorlari to`laqonli ish faoliyatini boshladi va kelajakda bemorlarga malakali ixtisoslashgan yordamni tashkil qilish masalalari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg`ona filiali hamda Respublika xirurgik angionevrologiya ixtisoslashtirilgan markazi tomonidan o`zaro kelishib olindi.  

— Birinchi kuniyoq  ilk marotaba ochilgan filialda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg`ona filiali va Respublika xirurgik angionevrologiya ixtisoslashtirilgan markazi mutaxassislari birgalikda bemorlarning ko`rigini boshlab yuborishdi, — deydi RXAIM direktori, akademik Shavkat Karimov. — Endilikda filialda surunkali bosh miya qon aylanishi etishmovchiligi bo`lgan bemorlarga malakali yordam tashkillashtiriladi. Shuningdek, bu erda uyqu arteriyalarida turli rekonstruktiv amaliyotlarni o`tkazish rejalashtirilgan. Bu esa, o`z navbatida, xalqimizga malakali yuqori texnologik amaliyotlarni joylarda o`tkazish imkoniyatini beradi.  

Shu o`rinda ta`kidlash joizki, Respublika xirurgik angionevrologiya ixtisoslashtirilgan markazining malakali mutaxassislari doimiy ravishda hududlarga chiqib, bemorlarni ko`rikdan o`tkazmoqda hamda ularga sifatli tibbiy xizmat ko`rsatishmoqda. Jumladan, kuni kecha ular Farg`ona viloyati Beshariq tumanida bo`lishdi. Ko`rik davomida tuman tibbiyot birlashmasida surunkali bosh miya qon aylanish etishmovchiligi bo`lgan, ishemik insult va miokard infarktini o`tkazgan bemorlarni tashxislash va davolashda mahalliy shifokorlarga amaliy yordam ko`rsatildi. 70 nafarga yaqin bemorlarga uyqu arteriyalarini dupleks skanerlash tekshiruvi bajarildi.

Namangan viloyati Turaqo`rg`on tumanida ham shu kabi faoliyat amalga oshirilgan bo`lib, tekshiruv davomida bosh miyaga qon olib boruvchi braxiosefal arteriyalarning zararlanishi va uyqu arteriyalarida aterosklerotik zararlanishlar, patologik deformasiyalar mavjud bemorlar Respublika xirurgik angionevrologiya ixtisoslashtirilgan markazining bir qator mutaxassislari tomonidan malakali tibbiy tekshiruvdan o`tkazildi. 90 nafarga yaqin bemorlarga uyqu arteriyalarini dupleks skanerlash tekshiruvi bajarildi. Bemorlarga markazning malakali mutaxassislari va To`raqo`rg`on tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari kerakli tavsiyalarni berishdi va keyingi davo muolajalarini birgalikda belgilab olishdi.

Aytish lozimki, Respublika xirurgik angionevrologiya ixtisoslashtirilgan markazi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2017 yilda tashkil etilgan bo`lib, Farg`onada uning ilk filiali ishga tushdi. Yaqin kunlarda esa uning filiallari Buxoro va Xorazm viloyatlarida ham ochilishi kutilmoqda.

 

Шарҳлар