my5
Sevimli

Boquvchisini yo`qotgan ayollarning bog`cha xarajatlari davlat byudjetdan qoplanadi

Siyosat 26.02.2021, 21:05
Boquvchisini yo`qotgan ayollarning bog`cha xarajatlari davlat byudjetdan qoplanadi

Xabar berganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida xotin-qizlar muammolari masalasiga bag`ishlangan videoselektr yig`ilishi o`tkazilmoqda. Yig`ilishda otasidan ayrilgan, yolg`iz onasi qaramog`ida voyaga etgan muhtoj qizlarni uy-joy bilan ta`minlash maqsadida boshlang`ich to`lovini to`lab berish uchun har bir viloyatga 5 milliard so`mdan beriladi. Shuningdek, boquvchisini yo`qotgan ayollarning farzandini bog`chaga berish uchun xarajatlari qoplab beriladi. Bu haqda Kun.uz xabar qilmoqda.

«Qaramog`ida bir va undan ortiq I va II guruh nogironligi bo`lgan bolalari mavjud 8 ming nafar yolg`iz ayollar mavjud. Namanganda – 1 ming nafar, Toshkent viloyatida – 970 nafar, Farg`onada – 830 nafar. Tuman va shaharlar kesimida Namangan shahrida – 180 nafar, Yangihayot tumanida – 176 nafar, Yangiyo`l tumanida – 165 nafar shunday ayollar istiqomat qiladi.

Shuningdek, boquvchisini yo`qotgan ayollarga farzandini bog`chaga berish xarajatlarini byudjetdan qoplash tartibi joriy etiladi. Bu tartib, davlat bog`chalari bilan birga, oilaviy bog`chalar tarbiyalanuvchilariga ham tatbiq qilinishi zarur», deya prezidentning so`zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shavkat Mirziyoev noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy bilan ta`minlash uchun ajratiladigan mablag`lar haqida gapirdi.

«Yana bir masala – noturar joylarda istiqomat qilayotgan 4 ming nafar ayollarni turar joy bilan ta`minlash uchun boshlang`ich badalini qoplab berishga har bir viloyatga 10 milliard so`mdan mablag` ajratiladi. Keyingi yilda yana 4 ming nafar ayollar uchun 150 milliard so`m ajratamiz. Respublika bo`yicha 9 mingdan ziyod bunday toifadagi ayollar mavjud.

Misol uchun, Surxondaryoda – 2 ming nafar, Qashqadaryoda – 1,4 ming nafar, Toshkent viloyatida – 1,1 ming nafar, Jizzax va Samarqandda – 800 nafardan ayollar uysiz sarson-sargardon yuribdi.

Bundan tashqari, otasidan ayrilgan, yolg`iz onasi qaramog`ida voyaga etgan muhtoj qizlarimizni uy-joy bilan ta`minlash maqsadida boshlang`ich to`lovini to`lab berish uchun har bir viloyatga 5 milliard so`mdan beriladi.

Zero, bu qizlarimiz «otasiz o`sdim» deb o`ksinmasligi, davlatning g`amxo`rligini amalda his qilishi zarur. Shu bilan birga, xotin-qizlarga turar joy ijara kompensasiyasi uchun 11 milliard so`m ajratiladi», degan prezident Shavkat Mirziyoev 26 fevral kuni o`tkazilgan videoslektorda.

Шарҳлар