my5
Sevimli

Yuridik universitet talabasi qurilish ob`ektida vafot etdi

Jamiyat 02.03.2021, 14:21
Yuridik universitet talabasi qurilish ob`ektida vafot etdi

Toshkent davlat yuridik universitetining 3-bosqich talabasi Bahodir Bozorov o`zi ham ishlab, ham yashayotgan, qurilishi tugallanmagan bino hududida yiqilib, vafot etdi. Bu haqda Kun.uz xabar berdi.

Qayd etilishicha, 1994 yilda Surxondaryo viloyati Qumqo`rg`on tumanida tug`ilgan Bozorov Bahodir Xo`shboq o`g`li bir necha yil qiynalib, talaba bo`lgan. U Toshkent davlat yuridik universitetining 3-bosqichida o`qigan. Umrining so`nggi oylarini Bektemir tumani hokimiyatiga yaqin joydagi qurilish ob`ektida ham yashab, ham ishlab kelayotgan bo`lgan.

Kunduzi quloqchin taqib, onlayn darslarda qatnashgan, fevral oyidan yarim kun darsga borib, yarim kun ishlagan, kechalari qurilishi tugamagan binoda usta yigitlar bilan yashagan. Shanba kuni tunda (2021 yil 27 fevral) lift uchun betondan tayyorlangan, himoyalanmagan shaxtaga 2-qavatdan yiqilgan. Tez yordam kelavermagach, yaqinlari ko`chadan patrul mashinasini to`xtatib, yordam so`rashgan. Shoshilinch yordam bo`limida uning vafot etganini aytilgan.

Sog`liqni saqlash vazirligi Tibbiy ekspertizasi Toshkent shahar filialidan olingan o`lim haqidagi tibbiy guvohnoma nusxasida Bahodir Bozorovning bo`yin, qorin qo`shma to`mtoq jarohatlari bo`yicha oltinchi umurtqa sinishi, orqa miyaga qon quyilishi, shuningdek, jigarining yorilib ketishi va o`tkir qon ketishi oqibatida vafot etgani ma`lum qilingan.

«Mamlakat, oliy ta`lim tizimi, universitet har qanday qiyinchiliklarga dosh berib, hech kimdan hech narsa kutmay, toshdek iroda bilan o`zini bilintirmay yurgan toza yurakli javohir bir yigitdan ayrildi.

Bahodir, bizga, davlatga, jamiyatga, oliy ta`lim tizimiga, universitetga, qurilish ob`ekti egasiga qoldirib ketgan savollarga qanday javob beriladi endi?..», deya suhbatni yakunlagan Kun.uz manbasi.

Шарҳлар