O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 3 mart kuni Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilma vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegasiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma`lum qildi.
Uchrashuvda ko`p qirrali O`zbekiston-BAA hamkorligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko`rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari oliy darajada, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot, investisiya va moliya sohalarida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish borasida ikkala tomonning faol sa`y-harakatlarini mamnuniyat bilan qayd etdi. O`zbekistonda pandemiya oqibatlarini engib o`tishda Amirliklar hukumati tomonidan ko`rsatilgan yordam uchun samimiy minnatdorlik bildirildi.
O`z navbatida, vazir Suhayl al-Mazruiy davlatimiz rahbariga BAA Prezidenti Shayx Xalifa Ol Nahayon, Abu-Dabi Amirligi valiahdi, BAA Qurolli Kuchlari Oliy bosh qo`mondoni o`rinbosari Shayx Muhammad Ol Nahayon va BAA Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini etkazdi, shuningdek, mamlakatimizda BAA investorlarining faoliyati har tomonlama qo`llab-quvvatlanayotgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Suhbatda xususiy investisiyalarni jalb qilgan holda, shu jumladan qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirish va qayta ishlash, Amirliklar bozori va uchinchi mamlakatlarga etkazish bo`yicha agrosanoat tarmog`ida qo`shma loyihalarni ilgari surishga alohida e`tibor qaratildi.
Muqobil energiyadan foydalanish sohasida, energetika va boshqa muhim infratuzilma ob`ektlarini modernizasiya qilish, zamonaviy mehmonxona majmualarini barpo etish bo`yicha yirik loyihalarni faol ishlab chiqish va amalga oshirishni davom ettirishga, shuningdek, yangi ishbilarmonlik tashabbuslari doirasida investisiyalar portfelini kengaytirish va moliyaviy-texnik ko`mak dasturlarini ro`yobga chiqarishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, ta`lim sohasida samarali hamkorlikni kengaytirish hamda Birlashgan Arab Amirliklarining etakchi tashkilotlari ishtirokida boshqaruv sohasida milliy kadrlarni tayyorlash muhim ekani ta`kidlandi.