AsosiySiyosat

Bugun Shavkat Mirziyoev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida nutq so`zlaydi

'Bugun Shavkat Mirziyoev Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida nutq so`zlaydi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun, 4 mart kuni videoanjuman shaklida o`tadigan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) 14-sammiti ishida ishtirok etadi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.

1985 yilda tashkil etilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bugungi kunda nufuzli mintaqaviy birlashma hisoblanadi. Ushbu ko`p tomonlama tuzilmaning asosiy maqsadi savdo, investisiyalar, innovasiyalar, transport, kommunikasiyalar, energetika, qishloq xo`jaligi va sanoat kabi ustuvor yo`nalishlarda hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.

Bugungi kunda 10 ta davlat IHTga a`zo. Bular – O`zbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Afg`oniston.

Tashkilotga a`zo davlatlar rahbarlarining Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog`an raisligida o`tadigan uchrashuvi kun tartibidan COVID-19 dan keyingi davrda mintaqada amaliy hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari o`rin olgan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti o`z nutqida mintaqaviy sheriklikni kengaytirish istiqbollari borasidagi fikr-mulohazalarini bayon etishi, shuningdek, pandemiya oqibatlarini engib o`tish, savdo aloqalarini tiklash, sanoat kooperasiyasini kuchaytirish, transport va logistika, oziq-ovqat xavfsizligi sohalarida qo`shma dasturlarni amalga oshirish, “yashil” iqtisodiyot va moliyaviy hamkorlikni rivojlantirish bo`yicha qator takliflarni ilgari surishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar