O`zbekistonda 2021 yilda koronavirusga qarshi aholini ommaviy emlash jarayoni o`tkazilishi rejalashtirilmoqda. Shu bois jamoatchilikda vaksina o`zi nima ekani, u qanday ishlashi, ommaviy emlash jarayoni qay tartibda olib borilishi to`g`risida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i o`rinbosari Botir Qurbonov ma`lumot berdi.
Xususan, mutaxassis vaksinalar qanday ishlashi xususida to`xitalib o`tgan.
«Vaksina mikrobning (virus yoki bakteriyalarning) zaiflashgan, zararsiz bo`lagi bo`lib, tanangizning tabiiy immuniteti bilan birgalikda kasallik yuqishi xavfini kamaytiradi. Vaksina tanangizga yuborilgandan keyin immunitet tizimingiz tanaga kirgan mikrobni aniqlaydi va bu mikrobga karshi kurashish uchun antitanachalarni ishlab chiqarib, u bilan qanday kurashish kerakligini eslab qoladi. Agar kelgusida ushbu mikrob ta`siriga yana duch kelsangiz, immunitet tizimingiz uni qanday yo`q qilishini biladi, siz kasal bo`lmaysiz. Shunday qilib, vaksina tanada kasallikka qarshi immunitetni ishlab chiqishga ko`mak beruvchi xavfsiz va samarali vosita sanaladi. Kasallik paydo bo`lganidan keyin uni davolashdan ko`ra, emlash orqali kasalliklarning oldini olish maqsadga muvofiq», — deydi u.
Shuningdek, Botir Qurbonov «Vaksinalar uzoq muddatli himoyani kafolatlay oladimi?» degan savolga ham to`xtalib o`tgan va quyidagicha javob bergan:
«Bu savolga javob berish uchun qo`shimcha tadqiqotlar o`tkazilishi talab etiladi. Mavjud ma`lumotlarga ko`ra, COVID-19 virusidan tuzalgan odamlarning aksariyatida immunitet shakllanadi. Uning davomiyligi qancha muddat saqlanib turishini vaqt ko`rsatadi. Insonda infeksiya yuqishi natijasida hosil bo`lgan tabiiy immunitetning shakllanishi organizmning o`ziga xos xususiyatlariga bog`liq. Ushbu virus insoniyat uchun yangi bo`lganligi sababli bu savolning aniq javobini hali bilmaymiz. Mavjud ma`lumotlarga ko`ra, COVID -19’ni yuqtirib olish natijasida hosil bo`lgan immunitet 90 kun davomida qayta kasallanishdan saqlaydi. COVID-19 vaksinalarining real hayotda qanday ta`sir qilishi haqida ayni paytda barcha xalqaro ilmiy-tekshirish institutlari va nufuzli vaksina ishlab chiqaruvchi kompaniyalarda izlanishlar olib borilmoqda. Emlashdan keyingi immunitet davomiyligi haqida bir narsani aniq ayta olamiz, barcha tadqiqotchilar tomonidan ushbu vaksinalar qabul qilingandan keyin to`liq bir yil davomida kasallikka qarshi immunitet hosil qilishi ta`kidlanmoqda», — deya so`zini yakunlagan mutaxassis.