AsosiyJamiyat

Samarqand shahrida Turkiyaning Bosh konsulxonasi ochildi

'Samarqand shahrida Turkiyaning Bosh konsulxonasi ochildi'ning rasmi

Samarqand shahrida Turkiya Respublikasining Bosh konsulxonasi ochildi. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ochilish marosimida O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hamda Turkiya Respublikasining Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho`g`lu nutq so`zlagan. Shuningdek, Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov hamda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etgan.

O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning Turkiyaning Samarqand shahridagi Bosh konsulxonasi rasmiy ochilish marosimidagi nutqida Turkiya Respublikasi O`zbekiston Respublikasini mustaqil davlat sifatida eng birinchilardan bo`lib tan olganini esladi.

"Endilikda ham Turkiya Samarqand shahrida o`z Bosh konsulxonasini birinchilardan bo`lib ochmoqda. Ushbu voqea bir necha nuqtayi nazardan muhim ahamiyat kasb etadi.

Birinchidan, Turkiyaning O`zbekistonda ham Elchixonasi, ham Bosh konsulxonasi mavjudligi ikki tomonlama munosabatlarimiz o`ziga xos yuqori pog`onaga chiqqanligidan dalolat beradi.

Ushbu diplomatik vakolatxona aynan 2021-yilda ochilishida ham alohida ma`no bor - bu O`zbekiston davlat mustaqilligining 30 yillik bayramiga o`ziga xos ramziy tuhfa, deb o`ylayman.

Ikkinchidan, Turkiyaning Samarqanddagi Bosh konsulxonasi madaniy-gumanitar, turizm sohalarida hamkorlik va hududlararo aloqalar rivojlanishiga ijobiy turtki beradi.

2018-yilda ikki tomonlama munosabatlarimiz tarixida ilk marotaba “Istanbul-Samarqand” yo`nalishida aviaparvozlar joriy etilgan edi. Pandemiya sababli qo`yilgan cheklovlar doirasida vaqtincha to`xtatilgan bu qatnov yaqin muddatlarda qaytadan ochiladi.

Turkiyada buyuk ajdodlarimiz Imom Buxoriy, Imom Moturudiy, Amir Temur, Mirzo Ulug`bek va boshqa ulamolarga bo`lgan qiziqish katta, bu qardosh mamlakatdan Samarqandga ziyorat bilan keladigan sayyohlar oqimi ortib bormoqda.

Uchinchidan, Samarqandda Turkiya sarmoyasi ishtirokida ochilayotgan kompaniyalarning soni tobora oshib bormoqda. Misol uchun, birgina Samarqand viloyatining o`zida hozirgi kunda 100 dan ziyod qo`shma korxonalar ro`yxatdan o`tgan.

Qo`shni viloyatlar bilan hisoblaganda Turkiya kapitali ishtirokida tashkil etilgan shirkatlarning soni 300 dan ko`proq ko`rsatkichni tashkil etmoqda. Shu tufayli tadbirkorlik subektlarining faoliyatini rivojlantirish yo`nalishida ham Bosh konsulxona muhim faoliyat ko`rsatadi.

Muhtaram xonimlar va janoblar!

O`zbekiston va Turkiya o`rtasidagi munosabatlar ikki davlat rahbarlari boshchiligida so`nggi 4 yilda misli ko`rilmagan tarzda mustahkamlanib, sifat jihatidan mutlaqo yangi pog`onaga - strategik sheriklik darajasiga ko`tarildi.

Bugungi kunda siyosiy-diplomatik, parlamentlararo, xavfsizlik, harbiy va harbiy-texnikaviy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalardagi ko`p qirrali hamkorligimiz jadallik bilan taraqqiy etmoqda.

Ishonchimiz komilki, Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri, aziz birodarim Mevlut Chavusho`g`lu ishtirokida ochilgan go`zal Samarqand shahridagi Bosh konsulxona bu jarayonni yanada rivojlantirishda o`ziga xos hissa qo`shadigan yangi institutlardan biriga aylanadi.

Shu munosabat bilan, O`zbekiston rahbariyati va hukumati nomidan turkiyalik birodarlarimizni xorijdagi 250 ta turk dipmissiyalari qatoridan Samarqanddagi Bosh konsulxona ham joy olgani bilan samimiy tabriklab, ularga yangi Bosh konsulxona faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilayman",- deydi Abdulaziz Komilov.

Farida Egamberdiyeva tayyorladi

Boshqa yangiliklar