my5
Sevimli

"Britancha" shtamm, karantin va "COVID" markazlari taqdiri – SSV mavjud epidemiologik vaziyat bo`yicha izoh berdi

Salomatlik 09.03.2021, 21:24
"Britancha" shtamm, karantin va "COVID" markazlari taqdiri – SSV mavjud epidemiologik vaziyat bo`yicha izoh berdi

So`nggi paytlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishi ko`payayotgani, karantin choralari keskin kuchaytirilishi mumkinligi, "britancha" shtammni jilovlash og`ir bo`layotgani haqida gap-so`zlar ko`payib qoldi.

Vaziyatga izoh olish uchun Sog`liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi rahbari Furqat Sanaev bilan bog`landik.

– Respublikadagi epidemiologik vaziyat barqaror va kun sayin yaxshilanib bormoqda. Bunday vahimali xabarlarda biror asos yo`q. Masalan, 2021 yil 8 mart holatiga ko`ra, O`zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 80 247 kishini tashkil qilsa, aynan shu kuni aniqlangan bemorlar 28 nafar bo`lgan. Ya`ni, bu epidemiologik vaziyat murakkab davrlarga nisbatan o`nlab marotabagacha kam.

Bu 80 247 nafar bemordan 78 939 nafari, ya`ni 99 foizi tuzalgan. Bugungi kunda hisobot bo`yicha 686 nafar koronavirus aniqlangan bemor mavjud bo`lib, shundan 292 nafari stasionar sharoitda, 394 nafari uy sharoitida davolanmoqda.

– COVID markazlari faoliyatiga ham to`xtalib o`tsangiz.

– Respublikada koronavirus infeksiyasi bo`yicha vaziyat eng cho`qqiga chiqqanida bemorlarga tibbiy yordam ko`rsatish maqsadida 159ta davolash profilaktika muassasasi faoliyat ko`rsatgan bo`lsa, bugungi kunda mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror holatga kelgani natijasida respublika bo`yicha jami 7ta (Andijonda 1ta, Namanganda 1ta, Surxondaryoda 1ta, Farg`onada 1ta, Xorazmda 1ta, Toshkent shahrida 2ta) shifoxonada davolash ishlari olib borilmoqda. 7ta muassasada jami 1 015 nafar bemor davolanmoqda. Shundan 723 nafar bemor pnevmoniya va boshqa belgilar bilan davolanmoqda.

– Yopilgan markazlarning kelgusi faoliyati nima bo`ladi?

– Ma`lumki, bunday markazlarning aksariyati moslashtirilgan muassasalarda edi va ular yana o`z faoliyatiga qaytarildi. Shuningdek, ayrim shifoxonalarning boshqa kasalliklarni davolash bo`limlari egallangandi, ular ham oldingi ixtisosligi bo`yicha ishlay boshladi. Aynan koronavirusga qarshi qurilgan markazlar konservasiya qilib turilibdi. Sababi, biz kelgusida epidemiologik vaziyat qanday bo`lishini bilmaymiz va har qanday holatga shay bo`lishimiz kerak.

– "Britancha" shtammning tarqalishi qanday kechyapti?

– "Britancha" shtamm koronavirusning bir turi, xolos. Biz nafaqat bu shtammni, balki boshqalarini ham o`rganyapmiz, lozim bo`lganda davolayapmiz. Eng muhimi, bu shtammlarning tarqalishi va davolash usulida aytarli farqlar yo`q, shu bois ortiqcha murakkablik tug`dirmayapti.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Шарҳлар