Avvalroq yurtimizga COVAX dasturi doirasida AstraZeneca vaksinasining birinchi qismi olib keligayotgani haqida yozgan edik. "Darakchi.uz" muxbirining voqea joyidan xabar berishicha, hozirgina mamlakatimizga 660 ming doza “COVID-19”ga qarshi AstraZeneca vaksinasi olib kelindi.
Ushbu vaksinalarni etkazib berish Epidemiyalarga tayyorgarlikni ta`minlash maqsadida innovasiyalar uchun koalisiya (CEPI), Vaksinalar va immunizasiya bo`yicha global alyans (GAVI), Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) va BMT Bolalar jamg`armasi (YuNISEF)dan iborat bo`lgan COVAX global hamkorligi doirasida amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston GAVI tashkilotining COVAX dasturiga a`zo davlatlar qatoriga kiradi. Shu bois, O`zbekiston Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan 2021 yil yanvar oyida koronavirusga qarshi emlash uchun vaksina etkazib berish yuzasidan GAVI tashkilotiga buyurtma berilgan edi.
Ushbu hamkorlik doirasida yilning oxiriga qadar mamlakatimizga umumiy mikdorda 20 foiz aholini emlash uchun etarli darajada vaksina, shpris va xavfsiz utilizasiya qutilari etkazib berilishi ko`zda tutilgan. COVAX fondi hisobidan O`zbekistonga 2 million dozadan ortiq AstraZeneca vaksinasini etkazish, shundan 2021 yil I chorakda 35-40 foizini, qolgan qismini II chorakdan dunyo bo`ylab vaksinalarning ishlab chiqarish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, bosqichma-bosqich etkazib berilishi rejalashtirilgan.
Bugun olib kelingan 660 ming doza vaksinalar COVAX O`zbekiston uchun ajratgan 2 million doza vaksinalarning birinchi qismidir. Vaksinalarning qolgan qismi yaqin oylarda etkazib beriladi.
Ushbu vaksinalar bilan respublikamizda aholini koronovirusga qarshi emlash ishlari boshlanadi va bosqichma-bosqich davom ettiriladi.
Yil boshida mamlakatimizda aholini koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni amalga oshirish bo`yicha maxsus ishchi guruh tuzildi. Sog`likni saqlash vazirligi hamda YuNISEF va JSST bilan hamkorlikda Respublikada koronavirus infeksiyasiga qarshi emlashni amalga oshirish bo`yicha milliy dastur ishlab chiqildi.
Unga ko`ra, aholining yuqori xavfga ega qatlamlari belgilanib, ularni emlash uchun 3 ming 138 ta emlash punktlari, hamda 862 ta mobil brigadalari shay holga keltirildi.
Albatta, ushbu tadbirlar koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashni samarasini oshirish, aholi salomatligini himoya qilish maqsadida amalga oshirilmoqda.