Sevimli

Yuragimda saqlaganlarim: Internetdagi yolg`onchi oshiq

Mutolaa 24.02.2016, 15:01
Yuragimda saqlaganlarim: Internetdagi yolg`onchi oshiq

Tahririyatga qo`ng`iroq qilgan o`ttiz yoshlardagi erkak “Bu voqea boshqalarga, ayniqsa, xiyonat ko`chasiga kirib qolgan, bugun ijtimoiy tarmoqlarda yolg`on panasiga bekinib, aldov ichra yashayotganlarga dars bo`lar”, deya o`z hikoyasini so`zlab berdi. 

— O`sha kun hayotimdagi eng baxtli kun edi aslida! Dunyolarga sig`masdim. Ayolim meni yo`qlayotganini eshitib, uch zinadan bir sakrab, yuqoriga ko`tarildim. Avvaliga qo`rquv, hadik bor edi ko`nglimda. Ich-ichimdan toshib kelayotgan hayajonni sira bosolmasdim. Ikkinchi qavatga chiqishim bilan hamshira qiz imladi: 

Botirovaning turmush o`rtog`i sizmi? Yuring. 

“Xo`p” deya unga ergashdim. To`g`risi, nimalar bo`layotganini tahlil qilishga qodir emasdim shu dam. Xotinim to`lg`oq azobida qiynala-qiynala meni so`rabdi. Kirishim bilan iltijoli boqdi. 

— Keling, qo`limdan tutib turing, iltimos, — dedi zo`rg`a pichirlab. Uning qo`llaridan mahkam ushladim. Besh daqiqilardan keyin ko`zi yoridi. Ayolimning ikki olam o`rtasida turib, bolamizni dunyoga keltirgani hamon ko`z o`ngimda. Doya ayol “o`g`il muborak” deya qutlar, Zebo jilmayib yig`lar, men esa karaxt edim. Bir tomondan rafiqamning joni qiynalganini ko`rib, uning qanchalik kuchliligi oldida lol qolgan bo`lsam, bir tarafdan otalik quvonchi yuragimni taka-puka qilardi. Zeboning peshanasidan o`pib, unga rahmat aydim. Bir zumda bolamni qo`limga tutqazishdi. Mening zurriyodim, mening o`g`lim! Shu onlardagi his qilgan tuyg`ularimdan osmonlarda uchib yurardim go`yo. Ammo... shu dam... hamshira qiz yuzidagi niqobini oldi-yu, kimdir boshimga gurzi bilan urgandek bo`ldi...

***

Keling, hammasini ro`yi-rost boshidan aytib bera qolay. Malika bilan ijtimoiy tarmoqlarning birida tanishib qolganmiz. O`zi elektron pochtadan foydalanaman, xolos. Hamkorlarimga takliflar, hujjatlar jo`natish uchun onda-sonda bir kirardim. 

O`sha kuni ham chet el firmasi bilan shartnoma qilayotganimiz bois ularning javobini kutib o`tirgandim.  Qarasam, bir qizdan do`stlik taklifi keldi. Rasmi ham bor ekan, chiroylikkina. Qabul qildim. Salomlashdik. Birdan u “tanimadingizmi?” deya so`rab qoldi. Hayron qoldim. Avvaliga tanidim deya aldadim, keyin bilsam, u ism-familiyamiz bir xil bo`lgan sinfdosh yigiti deb o`ylagan ekan meni. 

Rasmimni qo`ymaganim sababli kimligimni bilolmagan-da. Keyin uzr so`radi, va meni do`stlar ro`yxatidan o`chirib tashladi. Qiziqishim ustun keldimi, yo ish vaqtim tugagan, hamkorlarimiz xatini kutib o`tirganimdan zerikib unga yoza boshladim. Yo`q, u men o`ylagandek qiz emas ekan.  Og`irgina, o`n savol bersangiz, zo`rg`a bir javob qaytaradigan, kamgap…

Xullas, biz tanishib qoldik. Albatta men uni aldadim. Oilaviy sharoitimni yashirdim. Shu bilan u bilan kunora gaplashib turadigan bo`ldik. Soatlab Malikaning agenti “onlayn” bo`lishini kutib o`tirardim. Ertalab ishga kelishim bilan pochtamga kirardim, biror nima yozib qoldirganmi, yo`qmi deb qiziqardim. Uch oylik muloqotimizdan keyin biz uchrashdik. U ko`rishganimizda yanayam kamgap, uyatchan edi. Ba`zida o`zini menga beparvodek tutardi-yu, ammo ko`zlari tuyg`ularini yashira olmasdi. 

Men unga shunchaki bir qiziqish deb qaraganman, axir oilaliman. Rafiqam juda yaxshi ayol. Oxirgi paytlarda ketma-ket homilasidan ayrilib, muolajalar  bilan bo`lib, menga biroz e`tiborsizroq, tushkunroq kayfiyatsha tushib qolgandi. Men esa internetdagi “sevgi”m bilan ovoraman. 

To`g`ri, avvaliga Malika bo`lgan hislarim o`tkinchi, ovunchoqdek tuyulardi menga. Bora-bora unga bog`lanib qoldim. U ham meni o`ziga yaqin oladigan, dardlashadigan, hayotidagi voqealarni aytib beradigan bo`ldi. Uning yozishmalarisiz kunimni tasavvur qila olmasdim. Bir kuni bu munosabatlar tugashini bilardim, ammo Malika hammasini jiddiy deb o`ylarkan. Sovchilar eshigini qoqib tindirmasligini, onasi uzatishga shoshayotganini aytganida, qanday qilib unga “Sizni hech kimga berib qo`ymayman”, deya yozib yuborganimni bilmay qoldim. Shunday qilib uning ko`nglida umid uyg`otganim rost.

Ikki yil ana shunday yozishib, goho ko`rishib turdik. U kelajagimiz haqida rejalar tuzar, hatto “o`g`il-qiz”larimizga ismlar ham topib qo`ygandi. Hali ishimni, “hali uylanmagan akam borligini” bahona qilib yurdim. Malika esa jim kutardi meni. Umid va ishonch bilan. Onasiga ko`ngil qo`ygani borligini aytib, og`iz solgan yigitlarni rad etardi. Ana shunday orzular og`ushida yurgan kunlarida mening uch yildan buyon intiq kutayotganim — ilk murodim tug`ildi...

***

O`sha kuni Malika xonadan shitob bilan chiqib ketdi. Men esa joyimda toshdek qotib qoldim. Birinchi marta ayolim oldida o`zimni aybdor his qildim. Ikki yil davomida unga xiyonat qilib yurganimni, bir guldek qizni aldab, qo`ynini puch yong`oqqa to`ldirganimni his qildim. O`zimdan nafratlanib ketdim, to`g`risi. Axir bu ikki ayol ham begunoh! Biri menga pahlavondek o`g`il tug`ib berdi, o`z jonini garovga qo`yib. Biri esa tuyg`ularini, yuragini, baxtini ishondi. Ikkisini-da pastkashlarcha aldadim.

Malikaning izidan borib, kechirim so`rashga jur`atim etmadi. Uch kun davomida shifoxonaga zo`rg`a borib keldim. Malikaga duch kelib qolishdan juda qo`rqdim. Bir haftalardan so`ng pochtamga undan xat keldi: 

“Uzr, men oilangiz borligini bilmagan ekanman... Sizga do`stlik jo`natganim uchun o`zimni kechira olmasam kerak hech qachon! Oilali erkakning boshini aylantirib olgan behayo qizman! Buni tan olish qanchalik og`irligini siz bilmaysiz? Ayolingiz, o`g`lingizni ko`rib, taqdir vaqtida bizni bu xato yo`lda yurishdan to`xtatganiga shukr qilayapman. Agar bilmaganimda... bilmadim... to`g`risi qo`rqaman... Bir go`dakning uvoliga, farishtadek ayolning ko`z yoshlariga sababchi bo`lishdan... Oilangiz bilan tinch bo`ling!”

Tamom. U menga ta`na qilmadi, nega aldaganimga izoh ham so`ramadi. Balki urishib bersa, meni ayblasa, vijdonim biroz tinchlangan bo`larmidi? Malikadan kechirim so`rash uchun tug`ruqxonaga bordim. Yo`q, o`sha voqeadan uch kun o`tib, o`z xohishiga ko`ra ishdan bo`shabdi. Hamshira qizlardan biri hamkasbiga gapirib qoldi: “Nima bo`ldi, Malikaga tushunmay qoldim. “Yaqinda holvamni eysizlar”, deb xursand yurgandi. Birdan kayfiyati o`zgarib qoldi, ishdan ham bo`shadi-ketdi. Bosh shifokor “Yolg`iz onasi bilan yashaydi, qiynalgan qiz edi. Endi qaerdan ish toparkan?”, deya gapirib qoldi kecha”, derdi. Bu gaplar yuragimni timdaladi.  

Bugun yuragimdagilarni gazeta orqali to`kib solishimdan maqsad, avvalo, Malikadan kechirim so`rash. O`g`limni bag`riga bosib meni har kuni yuzda tabassum bilan kutib oladigan, bor gapdan bexabar ayolim oldida xatomni tan olish. Yana men kabi boshqalar birovning tuyg`ularini o`yin qilmasligini ta`kidlash. Ijtimoiy tarmoqmi, yoki hayotdami, hech kimni yolg`on umidlantirmang. Balkim yopig`liq qozon yopig`ligicha qolar, xatongizni kechirishar, ammo vijdon azobiga chidash qiyin ekan... 

Shoira VAFOEVA qog`ozga tushirdi.

Шарҳлар