Ijtimoiy tarmoqlarda “Dindorlarga qarshi qatag`on Namangan viloyatida davom etadi” izohi bilan xabar tarqaldi.
Mazkur xabarlar yuzasidan Namangan viloyati IIBning rasmiy munosabati e`lon qilindi.
Ma`lum qilinishicha, 2021 yil 8 aprel kuni Yangiqo`rg`on tumanidagi XTBga qarashli 10-sonli maktab tomonidan tuman IIBga yuborilgan aloqa xatida, bayon qilinishicha, unga ko`ra maktabda avvaliga 5 nafar, oxirgi kunlarda 10 nafar qizlar belgilangan tartibdagi maktab formasini kiyib yurish qoidalariga rioya qilmayotganliklari, ularga bir necha marotaba maktab formasida, lozim bo`lsa, oddiy ro`mol o`rab kelishlari to`g`risida tushuntirilganligi, biroq, ota-onalar ham, qizlar ham maktabning ichki tartib-qoidalariga rioya qilmayotganliklari ma`lum qilingan.
Tuman IIB HPB XQMB katta inspektori tomonidan 10 aprel kuni ushbu maktabda targ`ibot va tashviqot ishlarini olib borish maqsadida 9-10-11-sinflar o`rtasida jinoyat sodir etilishini oldini olish yuzasidan muhokama yig`ilishi tashkil etilgan.
Muhokama davomida aloqa xatida ko`rsatilgan qizlar bilan profilaktik suhbatlar o`tkazilib, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 avgust kungi 666-sonli Qarorida “Davlat umumiy o`rta ta`lim muassasalari o`quvchilarini zamonaviy yagona maktab formasi bilan ta`minlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bilan tasdiqlangan nizomning 3-bobi (“Ta`lim muassasasi o`quvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan ta`minlash va ularga qo`yilgan talablar”)ga asosan, O`zbekistonda aholi turli millat va diniy konfessiyalar vakillaridan iboratligi hamda majburiy umumiy o`rta ta`lim dunyoviy xarakterga egaligi munosabati bilan o`quvchilarning maktab formasiga turli din konfessiyalari hamda submadaniyatlarga mansublikni aks ettiruvchi elementlarni (hijob, kipa, kashaya, xoch va boshqalar) qo`shishga yo`l qo`yilmasligi haqida tushuntirilgan.
Suhbat yakunida o`quvchi qizlarga ro`mol o`rashlari mumkinligi, biroq, maktabga belgilangan tartibda kiyinib kelishlari tushuntirib o`tilgan, deyiladi viloyat IIB Axborot xizmati xabarida.