Sevimli

Yuragimda saqlaganlarim:“Sabring oldida bosh egaman, jufti halolim!”

Mutolaa 25.02.2016, 14:02
Yuragimda saqlaganlarim:“Sabring oldida bosh egaman, jufti halolim!”

Hozirgina shifokorlar menga qo`ygan tashxisni o`qib chiqdim va umrim qancha qolganini taxmin qildim. Shifoxonadan yozayotgan ushbu xatimni esa albatta bosib chiqarishingizni so`rardim. Aniq bilaman, xuddi mendek to`g`ri yo`ldan adashib, o`zini hamisha hokimi mutlaq sanaydigan, so`ng boshi devorga urilib, pushaymon eydigan erkaklar juda ko`p. 

— Issiq choy ichib olasizmi? — Zulfiya palataga choynak ko`tarib kirib keldi. Men xatimni ko`rpa ostiga berkitdim. Bechoraning ko`zlari shishib, qizarib ketibdi. Shifokorlar bilan gaplashgan bo`lsa, achinib yig`laganmi?..

— Rahmat. Uyga ketaver, bugun ancha yaxshiman-ku! 

— Ha, bormasam bo`lmaydi, kelin ham yosh bolalari bilan qiynalayotgandir. Ertaga kelaman. Kechqurun Sarvarni yuboraman. 

— Zulfiya... Ertaga birorta notariusni shu erga chaqirib kela olasanmi? 

U indamadi. Gap nima haqda ketayotganini bildi, shekilli. Indamay, boshini silkib, chiqib ketdi. To`g`risi, erkak bo`lsam ham uvvos solib yig`lagim keldi. Nima uchun? Chunki men Zulfiyani “onasi” deb aytolmayman, u menga “dadasi” deb murojaat qilolmaydi. Sarvar yoki kelinni “o`g`lingiz, keliningiz” deyolmaydi. Yana, eng yomoni, bir og`iz “Notariusni nima qilasiz, yomon xayollarga bormang?!” degisi kelmadi. Chunki o`rtada aloqalar uzilgan 18 yil bor! 18 yil-a! Men bu erdan ketganimga 18 yil bo`ldi, qaytib kelganimga esa 1 yildan oshdi. Ketayotgan paytimda eng kichik qizim beshikda yotadigan chaqaloq edi, endi har kuni unga sovchi kelayapti. O`tgan umrimga achinaman, uch bolamning ulg`ayish yillarini ko`rmadim, Zulfiyani necha marta aldadim, “Ana qaytaman, mana, pul jo`nataman”, deb qo`ynini puch yong`oqqa to`ldirdim. 

Tuppa-tuzuk joyda ishlardim. Topish-tutishim boshqalarnikidan yaxshi, chunki katta bir boshliqning yordamchisi edim. Uning kirdikorlari fosh etila boshlagach, bir chekkasiga meni ham ulab ketmasin, deb ishdan bo`shab oldim. Birinchi bo`lib xorijiy rusumdagi mashina haydagan, nomida ikkita uyi, shaharning ikki burchagida ikki xotini bor, o`zidan ham ovozi baland mendek erkak uchun ishsiz o`tirish juda alam qildi. Oddiy ishlarga toqat qilolmasdim. Xorijga ketish maqsadiga yopishib oldim. O`sha paytlarda bu tarzda “baxt qidirib ketish” juda urf bo`lgandi. “Gollandiya yoki Germaniyaga ishga jo`natamiz”, deb va`da beruvchilar ham ko`payib ketgandi. Bir do`stim bilan kelishdik, tirikchiligimni yuritib turgan mashinamni sotib, pulini bizga “Ishchi vizasini olib beraman, ish bilan ta`minlayman”, deb va`da bergan firibgarga olib borib berdim. O`rtog`im u erga borgandan keyin ishlab, qarzini qaytarmoqchi bo`ldi. Oradan 2 oy o`tib, na firibgarni va na do`stimni topa oldim. 

Keyinchalik mening pulimga ikkalasi ham o`zi uchun viza olib, ketib qolgani ma`lum bo`ldi. Ularni qidirib topish, alamimni olish va Evropada ishlash maqsadida tanishimdan qarz ko`tardim. Bu safar ham eng yaqin do`stimning opasidan aldandim. Qarz botqog`i yomon domiga torta boshladi. Zulfiya o`qishni bitirishi bilan ketma-ket uch bola tug`ib, hech qaerda ishlamasdi. U sho`rlik sobiq ishxonamdan topgan ma`shuqam haqida umuman bilmasdi. Unisi, ya`ni Maryam esa o`zini-o`zi boqa olgani, etmaganiga bekitiqcha sotib olgan 1 xonali uyimni unga topshirib qo`yganim uchun ko`p narsa talab qilmasdi. 

Oxiri 3 xonali uyni kichigiga almashtirish payiga tushib qoldim. Uyni sotdik ham, ikki xonali uy topib, sotib olguncha o`tgan vaqt ichida birdaniga shaharda uylar narxi uch baravariga ko`tarilib ketdi. Endi qo`limdagi pul bilan faqat bir xonali uy olishga qurbim etardi. Ketma-ket omadsizliklardan siqilib, ichkilikka ruju qo`ydim. Ijara uyda yashab turganimiz, yotib eganga tog` chidamagani uchun qo`limdagi pulning ham cho`g`i kamaya boshladi. Otam vaqtli o`tib ketgan, onam yashayotgan hovlida shundoq ham ikki ukam bola-chaqasi bilan turar, u erga ko`chib borishning imkoni yo`q edi. Shunda qaynonam, ya`ni Zulfiyaning onasi “Bizning hovlimiz katta, ijarada yashab, xor-zor bo`lguncha shu erda turinglar”, deb o`z uyiga ko`chirib olib keldi. Men oilani boqish uchun qo`limdagi oxirgi pulga mashina sotib oldim. Ozgina vaqt kirakashlik qilib yurdim. Ichkuyovlik, bolalarning tashvishi, buning ustiga, xotinimning ma`shuqam borligidan xabar topishi — hammasi meni muammolardan qochishga undardi.

Nima qildim deng? Maryamga narsalarni yig`ishtirishni buyurib, “Rossiyaga ketamiz, o`sha erda yangi hayot boshlaymiz”, dedim. U taklifimga ko`nmadi, uyni bo`shatishni ham istamadi. Yaxshi gaplar bilan avrab-aldab, “Omading keladi, ketaver. Mening u erda tanishlarim bor, yordam beradi”, deb jo`natib yubordi. O`shanda Zulfiya orqamdan zor-zor yig`lab qoldi. “Bolalarim uchun kechirdim sizni”, dedi. Lekin uy-joysiz qolganimiz uchun birimiz ikki bo`lishiga ishonib, oq yo`l tiladi. Shunday qilib, men Rossiyada 8 yil qolib ketdim. 

Eshshakdek ishlab, kechqurun aroqqa to`yib, maishat qilib yashashga o`rgandim. Nega qaytmadim yoki bolalarim uchun hech bo`lmasa, pul jo`natib turmadim? Chunki u erda ham boshqa xotin va bitta o`g`il orttirgandim... Yo`g`imda bu erdagilar nima qilishdi? Bilganim: xotinim uch bolasi bilan akasining 1 xonali uyiga ko`chib borib, ming azobda qiynalib ro`zg`or tebratgan. Maryam bo`lsa, hech kim bilmaydigan uyimda tarallabedod qilib yashayvergan. Menga qo`ng`iroq qilib, qo`rqitgani-qo`rqitgan edi: 

“...Ishxonada boshliqning ketidan ko`pchilik qamalib ketdi, soxta hujjatlarda ishtiroking borligini aytishibdi, kelsang, muammo ko`payadi”, deb. Oradan 8 yil o`tib, birinchi marta qaytganimda bolalarim kap-katta bo`lib qolishgandi. Kichkina qizim meni suratlarda ko`rgani uchun “Adajonim, adajon!” deb darrov yopishdi. Zulfiya va o`g`lim bilan katta qizim yotsirab, chekkada turishardi. Sovg`a-salomlar, bozor aylantirishlar, restoranga olib borishlar orqasidan ularning ishonchiga kirgandek bo`ldim. Xotinimning yaxshi joyda ishlab, tanishlari ko`paygani g`ashimga tega boshladi. Men uyda o`tiraman, u bo`lsa har kuni ishga ketadi. Bir kuni taksidan tushib kelayotganini bilsam ham, atay janjal ko`tardim. 

— O`ynash orttirdingmi? Namuncha kech kelyapsan?! 

— Men sizga o`xshagan emasman, ikkita pasportim va uch xotinim yo`q mening!

“Narsalarimni kavlagan hali senmi?” deb alamimdan chiqqunimcha do`pposlab urdim uni. Uy menga tegishli bo`lmasa ham, mastlikda nima qilayotganimni bilmay, sovuq kunda bolalarimni ham qo`shib ko`chaga haydadim. 

Ertasi kuni Zulfiyaning qo`li singani, u meni milisiyaga bermoqchiligi ma`lum bo`ldi. Maryamnikiga qochdim. Shunday bo`lishi aniq edi: u boshqa erkak bilan yashayotgan ekan! Ikkalasini ham uydan haydab chiqardim. So`ng uyimni ijarachilarga berib, yana Rossiyaga ketdim. Maqsadim, bir-ikki yildan keyin uyni sotib, butunlay bu erlardan bosh olib ketish, Timur deb ism qo`ygan xorijdagi o`g`lim va boshqa millatgsha mansub xotinim bilan tinch yashash edi. Hayotning qasdini qarangki, u erdagi xotinimni xiyonat qilayotgani ustiga kirib bordim. So`nggi so`z o`rnida aytgani shu bo`ldi: “Ajab bo`pti, 8 yildan beri boqayotgan bolang, seniki emas, u mana shu erkakdan bo`lgan!” 

Shunday qilib, men yana o`n  yil tashimda bo`ydoqdek erkin-u, ichimda hammasini boy bergan va shunga munosib bo`lgan ablahligimni tushunib yashadim. Endi kuch-quvvatim ham avvalgidek emas, kun kechirish uchungina ishlar edim. Ichkilik ichimni o`yib bitirgan, hech narsaga qiziqishim ham yo`q. 

O`tgan yili ukam qo`ng`iroq qildi: “Aka, onamizda saraton kasalligi bor ekan, do`xtirlar umri oz qolgan, deyishyapti. Sizni ko`raman, deb yig`layapti”. Borganimdan keyin 1 hafta o`tib onamning joni uzildi. 

Janoza, fotiha marosimlariga Zulfiya va bolalarim ham kelishdi. Meni birinchi va oxirgi marta 8 yoshida ko`rgan kenja qizim bilan hovlining ortiga o`tib yig`lab ko`rishdik... U menga ko`p gaplarni aytib berdi. Onasi juda qiynalganini, ishga va o`qishga piyoda borib, tushliksiz qaytishganini, o`rtoqlari “Adangning uch xotini bor, senlarni tashlab ketgan”, deb kalaka qilganini, xullas, barcha alamlarini to`kib soldi. 

Shunaqa gaplar. Meni bu shifoxonaga Zulfiya olib kelib yotqizdi. U bilan uchrashib, 1 xonali uyim borligi, katta o`g`lim nomiga o`tkazib bermoqchi ekanim va yana ortimga qaytib ketishimni aytdim. Ketayotganimda mazam yo`qligini bilib, qornim shishib, sarg`ayganimni ko`rib, ahvolimni surishtirdi. Qon tuflayotganimni eshitib, shifokorlarga tekshirtirdi. Menga jigar sirrozi tashxisini qo`yishdi!

Zulfiya nega menga mehribonlik qilyapti? Faqat uy dardidami? Yo`q, nazarimda unday emas, hatto shunday bo`lgan taqdirda ham undan minnatdorman. Hozir issiq-sovug`imdan xabardor bo`lib turibdi, shukr. Agar o`lib-netib qolsam, erga qo`yadigan, tepkilab ko`madigan o`g`lim bor, garchi unga eplab otalik qilmagan bo`lsam ham. Ortimdan yig`laydigan qizlarim bor. Hayotga kelib, birdan-bir qilgan yaxshi ishim shu oqila ayolga uylanganim ekan, u menga sabrli, aqlli, kechirimli farzandlarni tug`ib, tarbiyalab berdi. Faqat shugina yuragimga taskin beradi...

Шарҳлар