Sevimli

Sizda gapim bor: “Siz o`ylagan qiz emasman men...”

Mutolaa 04.03.2016, 13:54
Sizda gapim bor: “Siz o`ylagan qiz emasman men...”

Ushbu ruknga bu gal  surxondaryolik muxlisamiz Sabohatning maktubini chop etishga qaror qildik.  Sizning ham kimgadir aytmoqchi bo`lgan so`zlaringiz bo`lsa bizga yo`llang.

Azizim, sizda gapim bor. O`zi sizni “azizim” deyishga haqqim bormi? Nima bo`lganda ham men uchun aziz insonsiz. Shuning uchun o`ylaymanki, azizim, deyish noto`g`ri bo`lmaydi.

Esingizdami, siz menga ilk bor adashib qo`ng`iroq qilgandingiz. Kim bilsin, rostdan adashganmidingiz yoki raqamimni tusmollab  terganmisiz?! Ishqilib, menga “allo” so`zingizdan keyin birinchi aytgan gapingiz “Adashib tushdim, shekilli” bo`lgandi.

O`shanda mening telefonim internetga ulangandi. Shu zahotiyoq siz internet orqali xabarlashish mumkin bo`lgan tarmog`imda paydo bo`ldingiz. Bu tarmoq shunaqa ekan. Kim bilandir qo`ng`iroqlashdingizmi, tamom, darhol uni ham o`z ro`yxatidagilar qatoriga qo`sharkan. Men sizning raqamingizni o`chirib tashlamoqchi bo`ldim. Ammo suratingiz e`tiborimni tortdi. Kattalashtirib, ko`rsam, istarali, kelishgan yigit ekansiz. Negadir o`chirgim kelmadi. Sal o`tmay esa sizdan xabar keldi:

“Uzr, juda go`zal ekanligingizni aytmoqchiman, xolos...”

Qizarib ketdim. Sababi, suratdagi qiz o`zim emasdim. Ijtimoiy tarmoqlardan biridan olib joylagandim. Ancha xunukkina qizligimni bilgan tanishlarim “Go`zallashib ketibsanmi?” deya piching qilishgandi. Ammo men baribir suratni olib tashlamadim. Keyin tanish-bilishlar ham ko`nikib ketishdi. Suratni xayollariga ham  keltirishmadi. 

Sizning raqamingiz qo`shni davlatlardan biriniki ekanligi sabab, “rahmat” deb qo`yaverdim. Chunki “Baribir meni ko`rmaydi-ku!” degan fikr o`tdi xayolimdan. Negadir siz ham meni o`z tanishlaringiz qatoridan o`chirishga shoshilmadingiz. Lekin boshqa xabar yubormadingiz ham. Men esa suratlaringizni ko`rib chiqib, o`zingiz ekanligingizga amin bo`ldim. Ulardan sizning qurilishda, og`ir mehnat ortidan pul topayotganingizni bilish mumkin edi. Bir haftacha o`tgach, o`zim xabar yubordim:

“Salom, siz boshqalarga o`xshab, qurilishda ishlashingizni bekitmas ekansiz-a? Ayrimlar o`zi rasvo joylarda ishlasa ham, chiroyli binolar, kreslolar yonida suratga tushib, “Bu mening ofisim”, deyishadi...”

“Bundan nima foyda? Tanishlarim ham, yaqinlarim ham nima ish qilishimni biladi. Begonalarga esa farqi yo`q. Demak, boshqalarni emas, o`zimni aldagan bo`laman-da. Yana qilayotgan ishimning nimasi yomon? Halol pul topayotgan bo`lsam...”

Bu so`zlaringizdan keyin o`zim uyalib qoldim. 

Shundan so`ng bir oycha tarmoq orqali shunchaki so`rashib yurdik. Keyin esa bir-birimizga yuboradigan xabarlarimiz soni orta boshladi. Albatta, sizning kunduzi vaqtingiz bo`lmasdi. Ishlardingiz. Men esa uyda o`tirgan qizman. Uy ishlarini qilaman-u, telefonimga termulaman. Xuddi sizdan biror xabar keladigandek. Kechki payt esa ovqatlanasiz-u, charchaganligingiz tufayli dam olgingiz keladi. Mening ko`nglim esa sizning suhbatingizni qo`msaydi. O`tirib-o`tirib yoza boshlayman:

“Aka, yaxshimisiz? Charchamadingizmi? Esli singil bo`lib hol so`rab qo`yay dedim...”

“Rahmat, o`zingiz yaxshimi?” — deysiz-u, jimib ketasiz.

Mening esa yana xabarlashgim keladi. 

O`yga tola-tola sizga bemalol yozishning yo`lini topgandek bo`ldim:

“Mening yozganimni noto`g`ri tushunmang. Sizni akamdek ko`raman. Siz ham singildek ko`rib, yozavering...”

“Xo`p”, — dedingiz qisqagina qilib.

Ammo men ko`proq suhbatlashishni istardim. Maftun etgan suratingiz bo`lsa, endi ma`noli, mulohazali gaplaringiz ham mening e`tiborimni tortayotgan edi. Chunki siz boshqa yigitlarga o`xshamasdingiz. 

“Aslida kamgap yigit bo`lsa kerak, shuning uchun ham menga yozavermaydi. Bo`lmasa, qo`ygan rasmim birinchi bo`lib uning e`tiborini tortgandi-ku. Birinchi gapirgan ham o`zi. Shundan ma`lumki, kamgap, kamsuqum, rostgo`y yigit”, — degan xayolga bora boshladim siz haqingizda. 

Keyin esa birdan miyamda butkul boshqa fikrlar aylana boshladi:

“Bunaqa yigitlarni har qanday qiz sevib qoladi. Balki mendan boshqasi “ilintirib”, o`ziga qaratishga harakat qilayotgandir? O`sha bilan yozishib, menga vaqt topa olmayotgandir?”

Shuni o`ylashim bilan sizga xabar yubordim:

“Singlingizdan hol so`rashga ham vaqtingiz yo`q. Yo qizlar boshingizni aylantirib, menga yozgani qo`ymayaptimi?”

“Qanaqa qizlar? Endi qizlarga qarab nima qilaman? Xotin, bola-chaqamni boqay deb shu erlarda yuribman-ku!” deya xabar yubordingiz.

Ishonmadim. Axir ko`rinishingizdan juda yoshsiz. 

“Voy, siz uylanganmisiz?” — dedim ham hayrat, ham alam bilan.

“Ha, besh yil bo`ldi. Ikkita bolam ham bor”, deya javob yozdingiz.

Hamon ishonmasdim.

“Yosh ko`rinarkansiz, unda...” dedim nima deyishni bilmay.

“O`zi yoshman. Yigirma bir yoshimda uylanganman. Otam yo`qligi  sabab, buvim erta uylantirgan. Hozir yoshim yigirma oltida”, dedingiz.

“Yaxshi, yangam bilan baxtli bo`ling, jiyanchalarimning rohatini ko`ring”, dedim qalbimga qarshi borib bo`lsa-da.

Shundan so`ng kamroq gaplashishga harakat qila boshladim. Lekin yuragim o`rtanib tinchlik bermasdi. O`zim bilmagan holda nimadir deb xabar yuborardim. Negadir e`tiboringiz tortgim kelaverardi. Haligi ijtimoiy tarmoqqa kirib, yana o`sha qizning rasmlaridan oldim. Bu ishim yaxshi emasligini bilsam-da, sizning sevib qolishingizni istayotgandim.

Olti oycha vaqt o`tganidan keyin siz ham tinimsiz yoza boshladingiz. Men yana o`sha qizning yangi suratlaridan joyladim.

“O`zingni buncha reklama qilaverma. Rasmlarni faqat men ko`rmayman-ku!” — dedingiz bir kuni rashk qilayotganingizni sezdirib.

Shunchalar xursand bo`ldimki...

Hatto, yozishmalarga qanoat qilmay, qo`ng`iroq ham qila boshladingiz. Xullas, men o`z niyatimga etgandim. Biroq endi meni qiynayotgan narsa yolg`onim edi. Chunki siz sevib qolgan o`sha suratdagi qiz emasdim-da! 

Bir yil o`tib, siz uyga qaytadigan bo`ldingiz.

—  Sabo, uyga borgach, ertasigayoq seni ko`rgani boraman, — dedingiz telefonda hayajon bilan. 

O`zimni butkul yo`qotib qo`ydim. Axir “Men u qadar go`zal emasman, siz o`ylagan qiz emasman”, deya sizga ayta olmasdim.

Shuning uchun o`zingizning nozik tomoningiz orqali bu yo`ldan qaytarishga urindim:

—  Unaqa qilmang. Ayolingiz, bolalaringiz bor. Gunoh bo`ladi.

Siz jimib qoldingiz. Shu bilan bir hafta gaplashmadik. Bilardimki, bu vaqt ichida siz uyga qaytgandingiz. Bir kuni notanish raqamdan qo`ng`iroq bo`ldi. Javob bersam, siz ekansiz. Uyga kelganingiz va yangi raqam olganingiz ma`lum bo`ldi.

—  Endi menga qo`ng`iroq qilmang. Oilangiz bilan baxtli bo`ling, — dedim qat`iy sirim oshkor bo`lishidan qo`rqib. 

—  Bir marta ko`rishaylik, Sabo. Bir martagina... — yalindingiz. 

Men esa aloqani uzdim. O`sha-o`sha qo`ng`iroq va xabarlaringizga javob bermadim. Javob berish — sharmandalik sari qadam bo`lishini bilganim uchun ham shunday qildim. Yana bir sabab ham bor edi: bu mening o`z hislarim jilovini qo`lga ololmaganim. Chunki, men sizning oilangiz, farzandlaringiz borligini bila turib ham siz bilan aloqani uzmadim. Bu ishim noto`g`ri ekanini bila turib, hislarimdan engildim. Endi esa, aqlim kirgach, qilayotgan ishlarimning qanchalik bema`nilik ekanini angladim. 

Azizim, siz men uchun qadrlisiz. Aytmoqchi bo`lgan gapim, shu haqiqat edi. Meni kechiring. Men aslida butkul boshqacha qizman. Siz esa oilangiz bilan baxtli bo`lishingiz kerak...

Sabohatning so`zlarini KAMINA oqqa ko`chirdi

Шарҳлар