Sevimli

Yuragimda saqlaganim: Tuhmatning kasri urganda

Mutolaa 11.03.2016, 16:40
Yuragimda saqlaganim: Tuhmatning kasri urganda

Ushbu ruknimizga kelgan navbatdagi maktubni Toshkent viloyatidan sakson yoshli otaxon tahririyatga olib keldi. 

-  Tahririyatni, sizlarni bir ko`rib ketay, deb keldim. Iltimos, mening yozganlarimni ham gazetada chop etsangiz, - deydi keksa muxlisimiz. Biroz o`zgartish va tahrirlar bilan berilayotgan bu noma sizni befarq qoldirmaydi, degan umiddamiz. 

Gazetada “Yuragimda saqlaganlarim” rukni ostida chiqayotgan  maqolalarni o`qib, men ham sizlarga ko`nglimning bir chetida armon bo`lib kelayotgan voqeani yozishga qaror qildim. 

Bu voqeaga ancha yil bo`lgan bo`lsa-da, haligacha yuragimning bir tomoni achishadi, chunki menga quruq tuhmat qilishgan, qamatishgan, ishdan olishgan, obro`yimdan ayrilganman. 

Keksalar duo qilib, o`t balosidan, suv balosidan, bevaqt o`limdan va quruq tuhmatdan o`zing asragin, deyishadi. Bu bejizga emas ekan. Boshingga tushsa, bu balodan qanday qutulishni bilmay qolarkansan.   

Keling, sizlarga bir boshidan gapirib bera qolay...

— Qo`shni tumandagi ishlab chiqarish korxonasiga rahbar tayinlanishi kerak ekan, sizning nomzodingizni tavsiya qildim, — dedi boshlig`imiz oldiga chaqirib. 

— Rahbarlik qilish qo`limdan kelarmikan...

— Eplaysiz, xuddi o`zimizning soha. Bu erda tizimimizni yaxshi o`rgandingiz, nomzodingiz tasdiqlansa, borib ishlaysiz. 

Ikki-uch kun o`tmay, shahardagi katta ishlab chiqarish korxonasiga rahbar lavozimiga tayinlandim. Iqtisodiy jihatdan muammolari bor bu tashkilotni ko`tarish topshirilgandi menga. Ayni kuch-g`ayratga to`lib toshgan paytim. Topshirilgan vazifani chin dildan bajarishga kirishdim. Hamma hujjatlarni qaytadan ko`rib chiqishga to`g`ri keldi. Har kuni yarim kechagacha ishlayman. Uydagilar bilan gaplashishga ham vaqt yo`q. Dam olish kunlarining birida ayolim gap boshlab qoldi:

-  Xo`jayin, orqa tomondagi qo`shnimiz Manzura opa ikki-uch kundan beri tinmay biznikiga chiqadi. Yordam so`rayapti... 

-  Qanaqa yordam? U qo`shni biznikiga uncha-munchaga chiqmaydi, derding-ku... 

-  Ukasi biror oydan beri siz rahbarlikka o`tgan korxonaga haydovchi bo`lib ishga kiraman, deb yugurib yurgan ekan. Uni ishga olishni cho`zishayotganmish. “Opa, yangi direktor tayinlanibdi, u sizning qo`shningiz ekan, surishtirdim. Bir og`iz tayinlab qo`ying, haydovchilikni begona qilishmasin, meni tanishmasa ham sizni yaxshi tanishadiku, ishga olishni iltimos qilib ko`ring”, deb telefon qilayotganmish tinmay. Manzura opa esa biznikiga chiqishini qo`ymayapti. Har kuni kech kelayotganingiz uchun aytolmayotgandim. “Eringizga ayting, ukamga qarashib yuborsin, ancha paytdan beri ishsiz yuribdi, bolalari ham qiynalib ketdi”, deydi yalinib. Mayli, so`rab ko`raman, dedim. Nima deysiz, dadasi? Qo`lingizdan kelsa, uni ishga ola qoling...

— Ha, o`zimga yaxshi bir haydovchi olishim kerak. Bugun bir yigit keluvdi, menga ma`qul bo`ldi. Ertaga hamma hujjatlaringizni olib keling-chi, deb jo`natdim. Uni qaytaramanmi endi.

— Dadasi, shu qo`shnimizning qarindoshini olaqoling, mahalladagilar oldida ham yuzimiz yorug` bo`ladi... Oilasi ham qiynalyapti ekan. Manzura opa ham har kuni chiqaverib, odamni xijolat qilyapti. Yordam bermasangiz, mansabi ko`tarilib, bizni mensimay qo`ydi, deb qo`shnilar o`rtasida gap tarqatadi. O`zi kecha “kech kelyaptilar, hali gaplashishga mavridi bo`lmadm”, degandim, qovog`i uyilib, xafa bo`lgandek chiqib ketdi. 

-  Mayli, oldimga o`tsin o`sha yigit, gaplashib ko`raychi. Ma`qul bo`lsa, olamiz ishga. 

Shu gap bo`lib qo`shnimning ukasini o`zim ishlayotgan korxonaga haydovchi qilib ishga oldirdim. Usti yopiq yuk tashiydigan mashinani unga topshirdim. Ertalab meni ishga oboradi, kuni bilan yuk tashib, ish tugaganida meni uyga olib keladi. Ba`zi paytlari avtomashina haydovchining uyida turishiga ham ruxsat berilardi. Korxonada ishlar ancha izga tushib qoldi. Ustozimdan yo`l-yo`riq so`rab, yangi loyihalarni ishga tushirdim. Bir kuni vazirlikka borib, ancha kechga qolib ketdim. 

— Tezroq uyga etib olaylik, — dedim haydovchiga. 

Qorovullar hamma mashinalarni tekshirib chiqarardi, men o`tirgan mashinani ko`pincha tekshirishmasdi, sababi, rahbarning haydovchisiga ishonishardi. O`sha kuni mashina ishxonadan chiqib, yarim yo`lga etganimizda ortimizdan shitob bilan kelgan avtoulov yo`limizni to`sdi. So`ng bir yigit tushib, milisiya guvohnomasini ko`rsatib, mendan boshqa mashinaga o`tirishimni so`radi.

— Nima gap o`zi, tinchlikmi?

— Mahkamada gaplashamiz... 

Yarim kechasi, buning ustiga juda charchagandim, nima bo`layotganini tushunmay, gangib qoldim. Milisioner yigit haydovchining yoniga o`tirib, shahar IIBga olib ketdi. U erda mashinani tekshirishganida yukxonadan anchagina go`sht chiqdi. 

Mening hech narsadan xabarim yo`q edi. Haydovchimning rangi oqarib ketdi. Nima bo`lganini darrov tushundim, “qo`li egri ekan-ku buning, bekor ishga olgan ekanman. Menga ham gap tegadi endi”. Haydovchini uch kun ushlab turishdi. Tergov ishlari boshlandi. Aniqlanishicha, yigit korxonadagi ombor mudiri bilan til biriktirib, hech kimga bildirmay go`shtni men o`tirgan mashinaga ortgan ekan. 

“Men o`zimga to`g`riman, go`shtni o`g`irlaganlar javob bersin”, deb xotirjam yuraveribman. Haydovchi esa zimdan ish olib borib, aybni menga to`nkab qo`ygan ekan. 

— Go`sht xo`jayinniki edi. Hamma ishni uning buyrug`i bilan qilganman, — deb ko`rsatma beribdi u.

Uning bunchalikka borishi tushimga ham kirmagandi.  

— Bu tuhmat, men umuman bexabar edim mashinada go`sht borligidan, —  deb shuncha ta`kidlamay, menga hech kim quloq solmadi. 

Keyin bilsam, haydovchining bir opasi yuqoriroqda ishlaydiganlardan biri bilan yon qo`shni ekan. Opasi yig`lab chiqaverib, ishni ukasining foydasiga hal qilibdi. Tergovchi butun aybni menga qo`yib, ishni sudga oshirdi. Sud bo`ldi. Hech kim mening gapimga quloq solmadi. Meni va ombor mudirini aybdor qilib, ikki yil shartli ravishda majburiy xizmatga yuborishdi. Ishdan ham ayrildim, obro`yim ham bir pul  bo`ldi. Unga yaxshilik qilib, ishga olganimga ming pushaymon bo`ldim. Odamning olasi ichida, deb bekorga aytishmas ekan.  

Haydovchi bilan bir mahallada turadigan jiyanim sud bo`lib o`tganidan keyin gap topib keldi.  

O`sha haydovchi uyidan anchadan beri go`sht sotarkan. Bu gapni undan go`sht sotib olganlar ham tasdiqlashdi. U qing`ir ish qilib yurganini ko`pchilik bilar ekan, faqat men kechroq eshitdim. Lekin endi foydasi yo`q. Bo`lib o`tgan voqeadan keyin uni ham ishdan bo`shatishdi. Keyinchalik eshitishimcha, boshqa korxonada ishlab, u erda ham o`g`irlik qilib qamalib chiqibdi. 

Bu voqealardan keyin ancha suvlar oqib o`tdi. Men ham qiyinchiliklar bilan bo`lsa-da o`zimni o`nglab oldim. 

Sobiq haydovchimni har safar ko`chada ko`rganimda bo`lib o`tgan voqealar esimga tushadi. Yuragimning bir cheti zirillaydi. Uning esa bir tuki ham qilt etmaydi 

Yoshlik, navqironlik paytlarimiz ortda qolib, mana ancha yoshga kirib qoldik. Yaqinda jiyanimning mahallasiga bordim. 

— Ko`z tegmasin, bardamsiz, tog`a. Umringiz uzoq bo`lsin. Xohlagan joyingizga borasiz, ko`nglingiz tusagan odamlar bilan gaplashasiz. Bolalaringiz xizmatingizda. Bunday qarish hammaga ham nasib qilmaydi. Mana, sizga bir paytlar yomonlik qilgan falonchi jazosini tortyapti. Bir qo`li, bir oyog`i ishlamayapti ekan, to`shakka mixlanib qolgan. Farzandlari ham undan bezormi, hali qarasangiz, u o`g`linikida, bir qarasangiz, boshqa o`g`linikida. Ba`zida qarovsiz ham qolib ketyapti. 

Bu gaplarni eshitib, o`ylanib qoldim. Men unga yomonlik istamaganman. Hayot insonga berilgan sinov ekan, bu sinovdan hammayam o`tolmaydi. O`ziga qazigan chohga qulaydigan odamlar ham ko`p.  

Bularni yozishimdan maqsad, yoshlarga aytmoqchiman: rostgo`y, haqiqatgo`y, halol inson bo`ling, birovlarga tuhmat qilmang, yaxshilikka yaxshilik bilan javob qaytaring. Chunki yaxshi ishmi, yomon ishmi, javobsiz qolmaydi.

Шарҳлар