my5
Sevimli

200 dan ortiq noqonuniy avtomobillarni sotgan jinoiy guruh fosh etildi

Jinoyat 14.03.2016, 11:14
200 dan ortiq noqonuniy avtomobillarni sotgan jinoiy guruh fosh etildi

Bu jinoiy hodisa shunday boshlangandi: Qirg`iziston fuqarolari bo`lgan allaqanday Azizxon va Jahongir ismli kimsalar O`zbekiston fuqarosi Habibullo Matisaev bilan mamlakatimizda mashina oldi-sotdisi bilan shug`ullanmoqchi bo`lishdi. 

Qo`shni yurt fuqarolarining ismlaridan boshqa narsa ma`lum emas. Biroq, Matisaev deganlari ashaddiy residivist ekani ma`lum. Uning tarjimai holi anchayin “salmoqli”. 2007 yilda u jinoyat kodeksining uchta moddasi – firibgarlik, hujjatlarni soxtalashtirish, o`zganing mol-mulkiga noqonuniy egalik qilish bo`yicha sudlanib, axloq tuzatish ishlariga jalb qilingan. U 2010 hamda 2012 yillarda hali avvalgi jinoiy xatti-harakatlari uchun jazo muddatini tugagan bir paytda, yana bir qator jinoyatlarga qo`l urib, sudning qora kursisiga o`tirishga ulgurdi. Oldingi jazolarni qisman qo`shish yo`li bilan hammasi bo`lib etti yil axloq tuzatish ishlariga jalb qilindi. 

Uning o`zi «Andijon invest hamkor» MChJ sobiq direktori Ulug`bek Usmonov bilan til topishib, birgalikda yangi bir jinoiy to`daga asos solishdi. Bu to`daga Navoiy va Buxoro viloyatidan ham “vakillar” qo`shildi. Garchi  28 yoshli Usmonov ilgari biror noqonuniy ishga qo`l urmagan, sudlanmagan bo`lsa-da, firibgar  Matisaev, uni katta pul evaziga osongina yo`ldan ura oldi. Tajribali jinoyatchi uni aldab-avrash uchun butun mahoratini ishga soldi: zero, Usmonov, yanayam to`g`rirog`i firmaning hujjatlari, muhr va shtamplari Matisaev o`ylab topgan nayrangni amalga oshirishda juda qo`l kelardi. 

Jinoiy mexanizm eng mayda detallarigacha puxta ishlab chiqilgandi. Qirg`izistonlik sheriklar mamlakatimizga Koreyada ishlab chiqarilgan, oldin foydalanilgan “Lasetti”, “Takuma” va boshqa  avtomobillarni chegara va bojxona nazorati punktlarini chetlab o`tgan holda olib kirishadi. Farg`ona tumanidagi bunday tekshiruv o`rnatilmagan hududdan olib kirishardi.

O`zbekistonda mashinalarni Habibullo Matisaev qabul qilib olardi. Bu mashinalarni esa, Andijondan ming chaqirim olisda, Navoiy viloyatida sotish ko`zda tutilgandi. Bu hududda jinoiy guruh yangi sheriklar hisobiga boyidi: Ular orasida  navoiylik, hujjatlarni soxtalashtirish tufayli bir yarim yil “axloq tuzatib qaytgan”  Muhiddin Mustafaev, uning akasi Nabi Mustafaev,  Faxriddin Asadov, Anvar Baratovlar bor edi. To`daning yana bir a`zosi, buxorolik Ne`matullo Allaqulov ham soxta hujjatlar, muhrlar va shtamplar tayyorlagani uchun 2012 yilda bir yarim yil axloq tuzatish ishlariga hukm qilingan, bir oy o`tib amnistiya aktiga asosan jinoiy jazodan ozod qilingan, 2014 yil mart oyida uni jinoyat kodeksining ikki moddasiga asosan jarimaga tortishgandi. 

Bu “toblangan” odamlar Matisaevni pasportlar bilan ta`minlash uchun kerak bo`lishardi. Noqonuniy olib kirilgan mashinalar shaxsan Matisaev janoblari o`ylab topgan firibgarlik tizimi orqali rasmiylashtirilishi lozim edi. Buning uchun  «Andijon invest hamkor» MChJ direktori Ulug`bek Usmonov maxsus blankalarda go`yoki Andijon shahar sudining hukmi bilan musodara qilingan mashinalar savdosi uchun o`tkazilgan kimoshdi savdosi g`oliblarining soxta bayonnomalarini tayyorlagan. 

Andijon viloyati hududiy sud departamentining Andijon shahar sud ijrochilari bo`limining xatiga ko`ra, barcha musodara qilingan avtomashinanalar xuddi ana shunday  auksionlar orqali realizasiya qilinishi lozim bo`lgan. “Andijon invest hamkor” MChJ blankalaridja tuzilgan bayonnomada esa, sudning amalda yo`q  qarori hamda sud ijrolchilari bo`limining hech qachon yozilmagan xati   raqamlari ko`rsatilgan, unga soxta imzolar ilova qilingandi. 

Blankalarga Usmonov mas`uliyati cheklangan jamiyatning muhr va shtamplarini qarsillatib bosgan. O`zida blankalar tugab qolgach, «Arsh savdo elit» MChJ formulyarlarini o`zlashtirib olgan. Har bir ana shunday soxta hujjat uchun Matisaev direktorga 300 AQSh dollaridan to`lab turgan.

Kimoshdi savdosi ishtirokchilarini topish to`daning qolgan besh a`zosi zimmasiga yuklatilardi. Ular o`z qarindoshlar va tanishlarining pasportlarini  olib kelishar, shu tariqa Usmonov boshchiligida soxta auksion o`tkazilardi.

Ushbu soxta hujjatlarga asosan, mashinalar Navoiy viloyati YHXBda ro`yxatga qo`yilgan va ularga  davlat raqamlari berilgan. Qarabsizki, xorijdan noqonuniy yo`l bilan olib kirilgan mashinalar “happa-halol” qonuniy bo`lib turibdi. Ana endi bu mashinalarni bemalol bozor narxida sotsa bo`ladi. 

Uch yil ichida ushbu jinoiy to`da a`zolari barcha bojxona qoidalari, boj va to`lovlarni chetlab o`tgan holda, 200 dan ortiq  mashinani mamlakatimiz hududiga kiritib,  ularni hammasi bo`lib, 9 milliard 129 million so`mga pullashgan.

Bu jinoiy hatti-harakatlarga huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan chek qo`yildi. Jinoiy to`daning barcha kirdikorlari fosh etilib, a`zolarning har biri o`z qilmishiga yarasha javobgarlikka tortildi. Xususan, X.Matisaev va  U.Usmonov har biri o`n yarim yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi. F.Asadov to`qqiz yarim yil, N.Allaqulov to`qqiz yil, A.Baratov sakkiz yil, M.Mustafaev to`qqiz yarim yil, uning akaasi N.mstafaev olti yarim yil  muddatga ozodlikdan mahrum qilish  jazosiga hukm qilindi.  

Qonun va davlat jabrlanuvchilar tarafida qoldi: Zotan ular xarid qilayotgan mashinalar yurtimizga noqonuniy olib kirilganini bilishmagan-da!  Shu bois, jinoiy ishda tilga olingan barcha mashinalar hozirgi egalari ixtiyorida qoldirildi. 

Shu o`rinda xaridorlarga maslahat: mashina sotib olayotganda hushyor bo`lish kerak. Zero, ko`rib turganingizdek, hujjatlarni soxtalashtirishni kasb qilib olganlar ham yo`q emas. 

Azamat Ne`matov

Шарҳлар