my5

Bahoriy ko`katlarning organizmga qanday foydasi bor?

Salomatlik 15.03.2016, 14:28
14390
Bahoriy ko`katlarning organizmga qanday foydasi bor?

Uzoq davom etgan qishdan so`ng organizmimiz vitaminlar, mineral moddalar, oqsil va uglevodlarga har qachongidan ham ko`proq ehtiyoj sezadi. Bu tanqislikni ko`klam ko`katlari  va giyohlari bilan to`ldirish ayni muddaodir. Jag`-jag`, ismaloq, shovul, yalpiz, mator, semizo`t qo`shilgan ko`k somsa, chuchvara, bichak  va boshqa Navro`z taomlari quvvatni tiklaydi. 

Bahoriy ko`katlar foydasi haqida oliy toifali shikofor terapevt Nodira HAMROEVA ma`lumot beradi.

“Iforingdan o`rgilay yalpiz...”

Bahor darakchilaridan biri bo`lgan yalpiz nafaqat ko`klam taomlari uchun oshko`k va ziravor, balki dorivor malham ekanligi bilan ham ajralib turadi. Yoqimli ifori bilan tilga olinuvchi yalpiz tarkibida efir moylari, organik kislotalar, flavonoidlar, karotin, glyukoza, S vitamini, mineral tuzlar mavjud. Xalq tabobatida yalpizning qo`llanilishiga doir bir qancha tavsiyalarni ko`rish mumkin. Jumladan: 

•  Yalpizdan tayyorlangan qaynatma tish og`rig`i, milk yallig`lanishlarini bartaraf etuvchi xususiyatga ega; 
•  Me`da – ichak faoliyati, qabziyat kuzatilganida, ayollarda hayz siklining  o`zgarishi, o`t tosh kasalliklarida ham yalpizli qaynatma tavsiya etiladi. 
•  1 osh qoshiq quritilgan yalpizni 1 stakan qaynagan suvda damlab, 15 daqiqa tindiring. So`ng dokadan o`tkazib, suzib olasiz. Damlama kun davomida 3 mahal ichilsa, angina, bronxitga shifo bo`ladi;
•  Agar sizni migren qiynayotgan bo`lsa, yalpiz moyini ikki chakkaga surtish yordamida og`riq xurujlarini engishllashtirishingiz mumkin. Shuningdek tez-tez qaytalanuvchi kasallik xurujlarda bir kunda bir mahal 1 stakan yalpizli choy ichish tavsiya etiladi;

! Yalpiz foydali o`simlik hisoblangani bilan har bir organizmga individul ta`sir etadi. Miqdori ortib ketsa, uyquga moyillikni keltirib chiqarishi mumkin. Qon bosimi past bo`lganlar ushbu giyohdan foydalanishda miqdoriga e`tibor berganlari ma`qul. 

Jag`-jag`

Xalq tabobatida jag`-jag` qon to`xtatish xususiyati bilan yaxshi ma`lum. Me`da, o`pka yohud burun qonashi  kabi holatlarda ushbu giyohdan tayyorlangan damlama asqotadi. Jag`-jag` damlamasi, qon bosimini tushirish, siydik yo`li kasalliklari va ich ketishida ham foyda beradi. Jigarni tozalashda ham ushbu giyoh qo`shilgan somsa va chuchvara tanovul qilish lozim. 

Nonushtaga ismaloq  eng!

Bu o`simlik bargida oqsil, yog`, temir, magniy, kaliy hamda vitaminlar bor. Dietologlar hisob-kitobiga ko`ra 500 gr ismaloqda uch dona tuxum kuchiga ega kaloriya bor.  Shunisi bilan ham ismaloqdan tayyorlangan nonushta to`yimli va foydali sanaladi. 

Ismaloq qo`shilgan taom va eguliklar bolalar va kattalardagi kamqonlik, avitaminoz hamda rahitga davo hisoblanadi. Ichni yumshatuvchi, safroni haydovchi, yuz terisi kataktalarini tozalovchi xususiyatga  ega. 

Boshingiz og`risa – otquloq qo`ying...

Tarkibida ko`pgina darmondorilar, shovul kislotasi ayniqsa S  vitamini talaygina. Ko`klamda otquloq qo`shib tayyorlangan chuchvara va somsalar qon bosimi ko`tarilishi hamda me`da xastaliklari kuzatilishida tavsiya etiladi. Otquloqning 2-3 ta bargini muzdek suvda chayib, peshonaga qo`yilsa,bosh og`rig`ini engillashtiradi. Shuningdek tana harorati ko`tarilganida ensa sohasiga malham sifatida qo`yilsa, tanadagi issiqlikni oladi.

Mator 

Ko`k somsa qiymasiga mator qo`shilsa, quvvatga boy, to`yimli bo`ladi degan gap shunchaki aytilgan emas. Bu o`simlik provitamin, qand va oqsil moddalari hamda makro va mikroelementlarga boyligi bilan aynan toliqqan organizm uchun shifo hisoblanadi. Mator qo`shilgan eguliklar immuniteti sust, ovqat hazm qilish faoliyati bilan bog`liq muammolarda ko`proq iste`mol qilinishi lozim. Shuningdek, farzand ko`rishni rejalashtirayotgan erkaklar (jinsiy quvvatni oshirish uchun) matordan tayyorlangan taomlarni ko`proq tanovul qilishlari aytiladi.   

Gulqoqi

Bu o`simlik ildizidan tayyorlangan damlama buyrak xastaliklarini davolashda ishlatilib, peshob haydovchi xususiyati bilan ajralib turadi. Tish og`riqlari, tomoq yallig`lanishlarida ham gulqoqidan tayyorlangan damlama bilan g`arg`ara qilinsa, bakteriyalar ta`sirini kamaytiradi.

Ravoch

Xalq tabobatida ravoch ildizi va mevasidan tayyorlangan damlama oshqozon-ichak xastaliklari, noto`g`ri ovqatlanish sababli ish buzilishi (ich ketishi) , qovuq, ayollarda bachadon shamollashlarida qo`llaniladi. Ravoch bargi qo`shilgan taom va eguliklar esa ishtahasizlikni bartaraf etadi. 

Momaqaymoq

Qon aylanishi, moddalar almashinuvining buzilishi hamda hazm qilish jarayonidagi o`zgarishlarda momaqaymoq sharbati asqotadi deyiladi. Momaqaymoq tarkibida fosfor tuzlari, kalsiy, kaliy va temir moddalari ko`pligi bois ishtahasizlikka uchragan bemorlar uchun o`simlik bargidan salat tayyorlab berish tavsiya etiladi. Qorinning tez-tez dam bo`lishida ham momaqaymoq sharbatidan foydalanish mumkin. Keksalarda suyak mo`rtlashib qolishi kuzatilsa, momaqaymoq va sabzi sharbatini aralashtirib ichish lozim. Shuningdek buyrak faoliyatida o`zgarishlarda ham momaqaymoq sharbati ichilsa, peshob haydalishini faollashtirib, organizmdan ortiqcha tuzlarni yuvib chiqaradi. Bu o`simlikning guli ham foydalidir. Terib olingan gullarini 1 stakan suvga damlab, so`ng tindirib qo`yilsa, uyqusizlikka chora bo`ladi. 

Bug`doy

Undirilgan bug`doyni go`shtqiymalagichdan o`tkazishganida sharbati ajraladi. Ana shu sharbat oshqozon xastaliklari, ortiqcha vazn, qandli diabet hamda soch to`kilishiga davo hisoblanadi. Kosmetologiyada esa bug`doy suvi bilan yuz terisini tozalash muolajasini o`tkazish, soch to`kilishida niqob o`rnida foydalanish mumkin. Foydali xususiyatiga ko`ra bug`doyni yoshlik eliksiri deyishlari ham bejiz emas. Tarkibidagi vitamin va minerallar moddalar organizmni tetiklashtirib, hayotiy quvvatini oshiradi. Qolaversa, immunitetni mustahkamlashda ham asqotadi.

Шарҳлар