my5
Sevimli

60 yoshdan oshganlarning har 6 nafarida kuzatiladigan xastalik haqida

Salomatlik 28.06.2021, 18:36
Теглар: Ko`z kasalliklari
60 yoshdan oshganlarning har 6 nafarida kuzatiladigan xastalik haqida

Afsuski, 60 yoshdan oshganlarning har 6 tasida ko`zga parda (oq) tushishi kuzatiladi. Ko`zga oq tushishi vaqtida davolanmasa, ko`rlikka olib keladi. Bu katarakta kasalligi bilan bog`liq alomat bo`lib, hech shubhasiz ko`rish qobiliyatimiz uchun eng xavflilar sirasiga kiritiladi. Kasallikning kelib chiqish sabablari, davosi haqida ma`lumot beramiz. 

EKSPERT: BAHODIR XO`JABOEV, OFTALMOLOG

— “Katarakta” tug`ma va orttirilgan bo`lishi mumkin. Kataraktaning orttirilgan turi shiddat bilan rivojlanishi bilan xavfli. Bunga quyidagilar sabab bo`ladi:  

  • keksayish – tanadagi barcha a`zolar singari ko`z gavhari ham yillar o`tgani sayin o`z yorqinligini yo`qotadi; 
  • nasl – oila a`zolarining birida bu kasallik kuzatilgan bo`lsa, avlodida takrorlanish xavfi yuqori bo`ladi; 
  • organizmda A,V,S vitaminlarining etishmasligi; 
  • ko`z jarohatlari (urilish, yiqilish, kuyish), ko`zning yallig`lanish kasalliklari; 
  • qandli diabet, revmatizm, artrit, buqoq, bronxial astma, bronxit, o`pka kasalliklarining asorati sifatida rivojlanishi mumkin;
  • nur kasalliklari, rentgen nuri, ionli nurlanish ta`sirida; 
  • kimyoviy birikmalar (naftalin va hasharotlarga qo`llanadigan boshqa dorilar), dori vositalaridan zaharlanish.

 

KUTILMAGANDA RO`Y BERADI... 

Bu kasallikda dunyo o`z ranglarini yo`qotadi. Bemor narsalarni aniq-tiniq ko`rolmaydi, ko`zdagi “parda” unga to`sqinliq qiladi. Afsus, ko`zoynakning bu borada foydasi tegmaydi. Agar katarakta ko`zning markaziy qismini zararlagan bo`lsa, uning belgilari kuchli bo`ladi: 

Odam narsalarni juda xira ko`radi. Ammo bemor tunda kunduzgiga qaraganda aniqroq ko`rishi mumkin. Bundan tashqari, yorug`lik nuri ko`zga yoqmaydi, odam hamma narsani ikkitadan ko`radi, o`qish, mayda narsalar bilan bog`liq ishlarni bajarish ancha qiyinlashadi. UTT tekshiruvi yordamida shifokor ko`z gavharidagi pardaning tarqalishini aniqlashga yordam beradi. Operasiyadan oldin bemor qonning umumiy tahlili, rentgen tekshiruvi va tor doiradagi mutaxassislar ko`rigidan o`tishi shart. 

DAVOSI – OPERASIYa 

— Hozirgi kunda kataraktani davolashda eng zamonaviy va asoratsiz, ko`rish qobiliyatini tiklab beradigan davo jarrohlikdir. Operasiya mikroskop ostida bajariladi. Bunda ko`zning shoxpardasi kesilib, ko`z gavharining kapsulasi ochiladi, ko`z gavhari ultratovush yordamida olinadi, o`rniga sun`iy gavhar qo`yiladi. Operasiyadan keyin bemor bemalol mayda jismlar bilan ishlashi, kitob o`qishi, televizor ko`rishi mumkin. Zamonaviy linzalar yordamida insonning ko`rish qobiliyati tiklanadi. 

Operasiyadan keyin bir oy davomida bemor engashmasligi, og`ir ish qilmasligi, 1 kg.dan og`ir yuk ko`tarmasligi kerak. Shuningdek, sauna, basseynga borish ham taqiqlanadi. 

KO`ZGA PARDA TUShMASIN, DESANGIZ... 

Buning uchun har 6 oyda tibbiy ko`rikdan o`tib, yondosh kasalliklar – yallig`lanish, shamollashning asoratlari, bo`g`im xastaliklarini vaqtida davolating, qandli diabet, qalqonsimon bez kasalliklaringiz mavjud bo`lsa, ularni zo`rayish holatiga keltirmang, doimo tegishli davo kursini olib boring. Ko`rish qobiliyatini oshirish, organizmni kuchaytirish maqsadida sog`lom turmush tarziga ham rioya qilish muhim. 

  • 40 yoshdan keyin ovqatlanishda qovurma, yog`li, sekin hazm bo`ladigan mahsulotlarni cheklash lozim. 
  • Ko`rish o`tkirligini oshirish uchun har kuni bir dona qizil sabzini qirg`ichdan o`tkazib, qaymoq aralashtirib tanovul qilish foydali. Bunday salat tarkibida karotin miqdori ko`p bo`ladi, u ko`rish o`tkirligini oshiradi. 
  • Ismaloq, gulkaram, makkajo`xori katarakta kasalligining oldini olishga xizmat qiladi. Ularni dimlab, suvda pishirib, salat ko`rinishida tanovul qilish mumkin. 
  • Kuniga 4-5 donadan o`rik, bir siqim yong`oq yoki bodom mag`zi iste`mol qilishingiz ham ko`z kasalliklarining oldini olishga, ko`z gavharini ravshanlashtirishga xizmat qiladi. 
  • Ovqatlar orasida (ayniqsa, kunduzgi soat 16.00 gacha) na`matak, sitrus mevalarni tanovul qilish ko`zlar uchun foyda.

 

Barno HOJIMIRZAEVA tayyorladi, "Darakchi" gazetasi 25 (1152) 24 iyun 2021

Шарҳлар

Ko`z kasalliklarini vaqtida davolamaslik qanday og`ir oqibatlarga olib keladi?

22.03.2021, 12:12

 Ko`z inson uchun eng bebaho ne`mat, eng muhim tana a`zosi hisoblanadi. Axborotning to`qson foizi ko`z orqali qabul qilinadi. Ko`z kasalliklarini davosi hamda ushbu kasalliklarni barvaqt...