Sevimli

Sizda gapim bor: Qaynonamga qiz bo`lolmadim

Mutolaa 18.03.2016, 14:24
Sizda gapim bor: Qaynonamga qiz bo`lolmadim

Yoz fasli bo`lishiga qaramay, negadir havoning avzoyi  aynigan. Birdan shamol turib, daraxt shoxlarini u yoqdan bu yoqqa vajohat bilan silkita boshladi. Shu payt “qars” etgan ovozdan cho`chib tushdim. Naq yuragim yorilay dedi. O`zi shundoq ham vahima chulg`agan qalbimni qandaydir notanish qo`rquv egallab oldi. 

Ingroq ovozda nafas olishingizga tikilib o`tirib, uzoq o`yga cho`mdim. Bo`lib o`tgan bu voqealar haqida hali hech kimga gapirib bermaganman. To`g`rirog`i, qilayotgan ishimning xato ekanini endi anglab etyapman. Sizning oldingizdagi gunohlarimni qanday yuvar ekanman, degan savol ich-etimni kemirayapti. Buning iloji bormikin o`zi, hayronman.

Endigina kelin bo`lib tushgan damlarim hanuzgacha  yodimda. Orzu-havas bilan o`g`il uylantirib, kelin tushirganingizdan quvonchingiz ichingizga sig`mas edi. Elib-yugurib hovlida ish qilib yurgan kezlarim, qo`ni-qo`shnilarni yig`ib kelib men bilan maqtanmoqchi bo`lardingiz. Garchi buni bildirmaslikka urinsangiz-da, barini shundoqqina sezib turardim. Dasturxonga ovqat olib kelganimda esa hali tatib ulgurmay, maqtovni keltirishni boshlardingiz.

— Masturaxon qo`lingiz dard ko`rmasin, ovqatingiz biram shirin chiqibdiki, — degan so`zlaringiz men uchun oddiy holga aylanib qolgandi. 

Bora-bora xonadonning erka keliniga aylanib oldim. Oilada o`z o`rnim va mavqeim bor edi. Hamma ishlarni o`zim qilganim bois, sizning ba`zan kelib “unday-qiling, bunday qiling”, deb aql o`rgatishlaringiz malol kela boshladi.

Bir kuni qaynotam va o`g`lingizni ishga kuzatgach, oshxonaga kirib, idishlarni yuvayotgan edim. Holsizgina oldimga kelib, eshikka suyangancha:

— Bolam mana shu kirlarimni yuvib bersangiz-chi, o`zimni sal tobim bo`lmay turibdi-da, — deb menga iltijonamo tikilib turganingiz hali ham ko`z o`ngimdan ketmaydi. Men-chi, men nima qildim. Shaytonning izmiga kirib:

— Voy-bo`, shuncha ishim turibdi-ku, tashlab qo`ying, yuvarman —deb zarda bilan javob qildim. Juda g`o`r bo`lgan ekanman o`sha paytlarda. Inson qadr-qimmati nima ekanini endi tushuna boshlayapman. 

Shu-shu siz ham menga ortiqcha ish buyurmay qo`ydingiz. Lekin men o`zgara boshlagandim. Sekin-asta tobingiz bo`lmay, to`shakka mixlanib qoldingiz. Eh, o`shanda ichim torlik qilguncha, xizmatingizni qilib duo olsam bo`lmasmidi-ya. Ikkimiz yolg`iz qolgan vaqtlarimiz, sizni jerkib-jerkib gapiradigan odat chiqardim. 

Bir kuni tushlikka mastava qildim. O`zim oshxonada o`tirib ichib olgach, kosada sizga ham olib kirdim. 

— Oyi, turing ovqat olib keldim, iching.— Avval “oyijon” deb sayragan tillarim, endi “oyi”ni bazo`r tilga olardi. 

Jon bolam, bir piyolagina ko`k choy damlab kelsangiz bo`larkan-da, ona-bola o`tirib ovqatlanardik. Bu damlarimiz ham g`animat.

E, men ovqatlanib bo`ldim. O`zi suyuq ovqat bo`lsa, choyning nimaga keragi bor, — deb g`o`ldiragancha chiqib ketdim. 

Uyga biror kim kelib qolgan vaqtlarda esa o`zimni mehribon qilib ko`rsatishga urinardim. Bu gaplarning o`g`lingiz yoki qaynotamning qulog`iga etib borishidan cho`chirdim ham. 

Endi esa mana o`sha hunarlarim uchun afsus-nadomatlar chekib o`tiribman. Lekin kech, juda kech. 

Vaqt o`tib farzandli ham bo`ldim. Unga bor mehru-e`tiborimni berib ulg`aytira boshladim. Lekin u sizni mendan ko`ra ko`proq yaxshi ko`rardi. Uni erkalab qo`llariga tutqizgan narsalaringizni shart yulib olardim-da, uni chinqiratgancha, olib qo`yardim. Sizga zarda qilish uchun o`g`limni kaltaklardim. O`shanda ko`nglingizni qattiq og`ritgan bo`lsam kerak-a?

 

Ahvolingiz kundan-kunga og`irlashib borayotganini ko`rib qaynotam kichik o`g`lingizni uylantirishga qaror qildi. O`g`lining to`yini ko`rib qolsin dedimi?  Kelinni qidirib ovora ham bo`lmadik. O`zining uchrashib yuradigan qizi bor ekan. Orqavarotdan surishtirsak, institutning oxirgi bosqichida o`qir ekan. Ha, rosa o`ynatadigan kelin ekan-da, deb ko`nglimdan o`tkazdim. Lekin xato o`ylagan ekanman, hammasi aksincha bo`lib chiqdi. Ko`nglimdagilarni unga bildirmaslikka urinsam-da, ich-ichimdan unga qoyil qolardim. Kelin bo`lib tushganining ertasigayoq, hovlidagi yumushlarga kirishib ketdi. Atrofingizda erta-yu, kech parvona edi. Hali ovqat olib kirgan, hali allambalo pishiriqlar pishiradi. Choyni aytmasa ham bo`ladi. Soatiga yangilab turardi. Bir qarasa sizni yuvib-taragan, ust-boshingizni almashtirgan. Uni uzundan-uzun duo qilardingiz. Shu duolaringiz tufaylimi, bugun sira kam bo`lmayapti.

Ovsinim bu kabi harakatlari  bilan menga oyna tutgandek bo`ldi. Qo`shnilar kirganda, yoqtirmay bir-ikki o`qrayib berganimdan keyin qadami uzilib ketgan edi. Yangi kelinning mulozamatli ekanini ko`rgach, yana serqatnov bo`lib qolishdi. Biri ketsa, boshqasi kirib kelardi. Sizning bir odatingiz yaxshi esimda, qo`shnilaringizni juda yaxshi ko`rardingiz. To`shakda ingrab yotgan bo`lsangiz-da, ular kelishi bilan jonlanib qolardingiz. 

O`sha kuni ham Karima opa bilan ancha tetik gaplashib o`tirgan ekansiz. O`g`limni bog`chaga tashlab uyga qaytdim. Qiya ochiq darvozadan uyga kirib ketayotib, bexos sizlarni gapingiz qulog`imga chalindi.

Sadoqat opa bu ikkinchi keliningiz juda shinavanda chiqdi-da a?

Nimasini aytasiz. 

Kattangizni ortda qoldirib ketdimi deyman-da. 

— Ie, bu nima deganingiz. Ona ham bolalarini ajratar ekanmi? Ularning ikkisi ham farzandlarim bo`lsa, birini kam, birini ko`p ko`rib bo`ladimi? Kattasi ham kichigi ham menga birdek mehribon. 

Bu so`zlaringiz yuragimga xanjardek sanchildi. O`shanda mening qilgiliklarimni aytib, yomonlab-yomonlab tashlasangiz bo`lmasmidi? Axir men siz uchun maqtovga loyiq biror ish qilganim yo`q-ku. Farzandim dedingiz, farzand bo`lib nima qilib berdim. 

Kichik kelinning harakatlari-yu, sizning bu so`zlaringiz ko`zimni moshdek ochdi. Lekin bir savol menga tinchlik bermasdi sira. Sizning duolaringizni olishga, xizmatingizni qilishga kech bo`lmadimikin?  

Oxirgi vaqtlarda tez-tez shifokor chaqiradigan bo`lib qoldik. Bir kuni qon bosimingiz oshib ketadi. Yana bir kun etim qaqshayapti, deysiz Shunday vaqtlarda kuningizga kichik keliningiz yaradi. Hali u shifokorga telefon qilgan, hali bunisiga. Dorixanaga chopgan ham o`sha. Kunduz kunlari erkaklar ishga ketishardi. Malohat esa o`qishga borishdan avval sizdan hol-ahvol so`rardi. Agar biroz tobingiz yo`qlini ko`rsa, uyda qolardi. 

Hamma xatolarimni tushunib etgan, ko`zim ochilgan bo`lsa-da, lekin endi sizga mehribonchilik qilishga Malohat izn bermasdi. Nima bo`lsa o`zi yugurardi. Meni harakat qilishimga imkon qolmagandi. 

Holatingiz og`irlasha boshlagach, o`qishidan butunlay javob olib kelib, tepangizdan bir qadam ham jilmay o`tirdi. 

— Kelinoyijon, oyijonimiz baxtimizga omon bo`lsinlar-da. Bunaqa mehribon, ko`ngli ochiq ayolni uchratmagandim. Bunday insonlarning duolari ham ijobat bo`ladi. Shundan doim bizni duo qiling deganim degan, — deb yaramga qayta-qayta tuz separdi Malohat. 

Bugun uni aldab-suldab, imtihonlardan qolib ketmang, deb arang o`qishiga jo`natdim. To`g`rirog`i, siz bilan biroz bo`lsa-da yolg`iz qolgim keldi. Mana hozir tepangizda o`tiribman. Uxlab yotganingizga termulib, haqiqatan yaxshi inson ekaningizni tushunayapman. O`rningizda boshqa qaynona bo`lganida sizga qilgan muomalalarimga sira ham toqat qilmasdi. Bir kunda javobimni berdirib yuborardi. Siz-chi, siz haligacha o`g`lilaringizga “Menikidek tilla kelinlar hech kimda yo`q”, deysiz.

Ko`zlarimga yosh to`lib, yuragim behuzur bo`la boshlayapti. O`zimni tutib tura olmayapman. Achchiq-achchiq yig`lab ichimdagi alamlarni chiqargim kelayapti. Shu payt ingroq ovozda 

— Masturaxon, — deganingiz menga bir quvonchli xabardek bo`lib yangradi. 

Ko`zyoshlarimni apil-tapil artib,

Labbay, oyijon — deb yoningizga o`tirdim. 

Tinchlikmi bolam, nega yig`ladingiz?

Ho`rligim oshgandan-oshib, unsiz ingrashim qattiq yig`iga aylanib ketdi.

— Oyijon iltimos meni kechiring, ko`r bo`lgan ekanman. Iltimos oyijon.

Bola ham onasidan kechirim so`rar ekanmi? Bu nima deganingiz. Unday demang, kechirim so`raydigan ishning o`zi yo`q, — shunday deb meni yumshoqqina bag`ringizga bosdingiz. Kelin bo`lib tushganimga olti yil bo`lib, birinchi marta sizni mahkam quchoqladim. Endi sira qo`yib yubormayman. Iloyim, mening baxtimga, bizning baxtimizga uzoq umr ko`ring oyijon!

Шарҳлар