my5

O`t qopi olib tashlangach...

Salomatlik 19.03.2016, 15:37
7965
O`t qopi olib tashlangach...

«Ikki yil avval o`t qopimni jarrohlik yo`li bilan olib tashlashdi. E`tiborsizlik qilib, tosh paydo bo`lganini bilmay qolibman. Operasiyadan so`ng sog`ligimda jiddiy o`zgarishlar bo`lmadi. Biroq vaqti-vaqti bilan qorin dam bo`lishi, ovqatning yaxshi hazm bo`lmasligi bezovta qiladi. Men kabi o`t qopisiz yashayotganlar nimalarga ahamiyat berishlari haqida ma`lumot bersangiz.»

Sanobar Odilova, Toshkent viloyati  

O`t-tosh kasalligida o`t qopi (xaltasi) jarrohlik yo`li bilan olib tashlansa-da, turli xil bezovtaliklardan shikoyat qiluvchilar yo`q emas. Jaxon Sog`liqni saqlash tashkiloti ma`lumotiga ko`ra, ushbu amaliyot – xolesistektomiya ko`p o`tkazilishi bo`yicha dunyoda etakchi o`rinlarni egallaydi. 

Mavzu yuzasidan toifali shifokor, oliy toifali shifokor, endoskopist Xolida OChILOVA ma`lumot beradi. 

O`t qopi nima uchun kerak? 

O`t qopi tanamizdagi muhim a`zolardan biri. U jigarda ishlab chiqiladigan o`t suyuqligi – safroni saqlash, boyitish, ovqat hazm qilish jarayonida o`n ikki barmoqli ichakka uzatish, ba`zi hazm garmonlarini yaratish, so`rish singari vazifalarni bajaradi. Ushbu a`zo olib tashlangach, o`t suyuqligi to`g`ridan-to`g`ri me`daga boradi. Bu holatda o`t suyuqligi oz miqdordagi ovqatni hazm qilishga etadi, xolos. Agar iste`mol qilingan maxsulot miqdori ko`p va kaloriyasi yuqori bo`lsa, o`t suyuqligi uni hazm qilishga qiynaladi. Bu esa turli bezovtaliklarga sabab bo`lishi mumkin. 

Birinchi muhim qoida!

Jarrohlik amaliyotidan so`ng organizm yangi muhitga moslashishi unga ko`mak berishingiz zarur. Bu ishni taomnomadan boshlaganingiz ma`qul. Qaynatilgan va bug`da tayyorlangan taom va eguliklar ayni muddao. Qovurilgan, dudlangan va spirtli ichimliklar haqida-ku gap bo`lishi mumkin emas. To`g`ri tashkillashtirilgan parhez yordamida organizmingiz asta-sekinlik bilan yangi holatga moslashadi.   

Qanday bezovtaliklar bo`ladi?

O`t qopisiz yashayotgan bemorlarning aksariyati, qorin dam bo`lishi, jig`ildon qaynashi, kekirish, ovqat hazm bo`lishining qiyinlashishi, og`izda taxir ta`m saqlanib qolishi kabilardan shikoyat qilishadi. Bu alomatlar ichak faoliyatidagi buzilishlardan darak berishi mumkin. Ya`ni amaliyotdan keyin ham kamharakatlik, yog`li va kaloriyali ovqatlarni iste`mol qilish, ortiqcha tana vazni singari muammolar o`zgarishsiz davom etaversa, bemor yuqoridagi shikoyatlardan xoli bo`lmaydi. Shu o`rinda parhezning ahamiyati haqida ham unutmaslik lozim. Davolovchi shifokoringiz amaliyotdan keyingi olti oylik, bir yillik va umumiy parhez ko`rinishi bilan tanishtirgan bo`lsa, albatta unga amal qilishingiz shart. 

Postxolesistektomik sindrom nima?

O`t qopining olib tashlanishi muammo bartaraf bo`ldi, degani emas. Ma`lumotlarga ko`ra, jarrohlik amaliyotidan so`ng tahminan 20-40 foiz bemorlarda, operasiyadan keyingi postxolesistik sindrom kuzatiladi. Mazkur sindrom hammada ham bo`lavermaydi. Agar bemor amaliyotdan keyingi ko`rsatmalarga rioya etmasa yohud o`z vaqtida murojaat etmaganligi bois amaliyot kech o`tkazilgan  bo`lsa (toshning umumiy o`t yo`liga siljishi, o`tkir xolesistit, ikkilamchi jigar biliar sirrozi, me`da osti bezining zararlinishi) postxolesistik sindromni yuzaga keltirishi mumkin. 

Tavsiya etiladigan parhez

O`t-tosh kasalligining xolesistektomiya amaliyoti o`tkazilgan bemorlar uchun quyidagi ko`rsatmalar tavsiya eitiladi: 

1.  Iste`mol qilayotgan maxsulotingiz yuqori kaloriyali bo`lmasligiga diqqat qiling. 
2.  Yog` va uglevodlar, xolesteringa boy bo`lgan maxsulotlarni cheklang. Hayvon yog`i, qaymoq, tuxum sarig`i, yog`lilik darajasi yuqori bo`lgan  baliq va  sut, muzqaymoq, kremli shirinliklar, qattiq qovurilgan taom va eguliklar shular jumlasidan; 
3.  Kun davomida oz-ozdan 4-6 marta taomlanishga odatlaning;
4.  Tana vazningiz me`yordan ortiqcha bo`lsa, jismoniy mashqlar yordamida ozishga harakat qiling;
5.  Taomnomangizda kepakli non, meva va sabzavotlar bo`lsin;
6.  Sabzi, karam, brokkol, gulkaram, makkajo`xori, suli, arpa, sabzavotlar, zaytun mevasi va yog`idan taom va eguliklar iste`mol qiling. Ushbu maxsulotlar safro tarkibini me`yorlashtirishga ko`mak beradi;
7.  Davolovchi shifokoringiz ko`rsatmasi bilan makkajo`xori popugi, qizilmiya, na`matak, qashqarbeda, tirnoqgul, bo`ymadaron kabi dorivor o`simliklardan damlama tayyorlab qabul qilish mumkin. 

Harakatda bo`ling!

Jarrohlik amaliyotidan 2-3 oy o`tgach, piyoda sayr qilishni boshlash mumkin. Har kuni 30-40 daqiqa oxista qadam tashlab, harakatlanish o`t suyuqligining turib qolishidan himoyadir. Suzish mashqi ham qorin bo`shlig`i uchun engil uqalashdek xizmat qiladi va o`t suyuqligi harakatini me`yorlashtiradi. Agar unisiga ham bunisiga ham imkoniyatingiz bo`lmasa har kuni ertalab 10-15 daqiqa jismoniy tarbiya bilan shug`ullaning. 

Cheklovga tushgan maxsulotlar:
–  Yog`li qo`y va mol go`shti;
–  Kakao qo`shilgan ichimlik va eguliklar;
–  Dudlangan, konservalangan va marinadlangan maxsulotlar;
–  O`tkir ziravorlar;
–  Spirtli ichimliklar;
–  Shirinlik (pirojniy, tort)

Шарҳлар