my5
Sevimli

Ayni paytda kuzatilayotgan issiq havo haroratida oftob urishidan qanday saqlanish lozim?

Salomatlik 04.07.2021, 15:13
Ayni paytda kuzatilayotgan issiq havo haroratida oftob urishidan qanday saqlanish lozim?

Shu kunlarda dunyoning qator davlatlarida bo`lgani kabi mamlakatimizda ham havo harorati 40 gradusdan yuqori bo`lmoqda. Xo`sh, yozning bunday jazirama ob-havo kunlarida oftob urmasligi uchun nima qilish kerak? Qanday kiyinish va ovqatlanishimiz lozim? SSV Matbuot xizmati ushbu savollar bilan Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari — Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i Bahodir Yusupalievga murojaat qildi.

— Ma`lumotlarga qaraganda, yurtimizning ayrim hududlarida havo harorati keskin ko`tarilib, kechasi +25… +27 daraja, kunduzi esa +38… +43 daraja issiq bo`lishi kutilmoqda. Xatto janubiy viloyatlarda havo harorati +45...+47 darajagacha ko`tarilishi mumkin. Yurtimiz aholisi bunday anomal issiq iqlim kunlarida zarurat sezganda, "103" xizmatiga murojaat qilib, tunu kun sifatli tibbiy yordam olishlari mumkin.

Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning xududlardagi 13 ta filiali hamda 173 ta tuman va shahar bo`limlarida  zarur dori-darmonlar bilan etarli miqdorda to`liq ta`minlangan. Bundan tashqari, ushbu holat yuzasidan Sog`liqni saqlash vazirligining alohida nazorati tashkil etilgan. Qolaversa, Sog`liqni saqlash vazirligining "1003" qisqa raqamli  Sall-markazi faoliyat ko`rsatmoqda.

Shuni ham aytish kerakki, kuzatilayotgan bunday jazirama kunlarda birinchi navbatda boshni quyosh nuridan asrash muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bosh miyadan katta arteriya, vena qon tomirlari o`tgan bo`lib, kunning issiq vaqtida bosh yalang yurganda bosh qizib, butun tanada issiq qon aylanib, insonlarni oftob urishiga olib kelishi mumkin.

Buning oqibatida tana haroratini ko`tarilishi, terining qizarishi, holdan toyish, nafas olish va puls tezlashishi, yurakni tez urishi, bosh og`rishi, bosh aylanishi, ko`ngil aynishi, qayt qilish, hushdan ketish holatlari kuzatilashi mumkin.

Bunday holatlarda qanday yordam ko`rsatiladi?

Oftob urgan odamni darhol soya joyga yotqizib, ust-boshlarni echib, muzdek suvga choyshabni ho`llab butun tanasiga o`raladi, sochiqni muzdek suvga ho`llab boshiga qo`yiladi. Bo`yin va qo`ltiq sohasiga muz xaltachalari qo`yilsa foydadan holi bo`lmaydi. Bemorga oz-ozdan suyuqlik ichiriladi va zudlik bilan tez yordam chaqiriladi. Tez yordam etib kelgunga qadar yuqoridagi muolajalar davom ettiriladi.

Oldini olish uchun…

Iloji boricha kunning birinchi yarmida bosh kiyim kiygan holda sayr qilish, kunlik ovqatlanish rasioni esa engil hazm bo`ladigan taomlar hamda meva va sabzavotlardan iborat bo`lishi, ko`proq suyuqlik iste`mol qilish lozim. Kofe, shirin gazlangan suvlarni iste`mol qilmaslik maqsadga muvofiq bo`ladi.

Qanday kiyinish kerak?

Havoni yaxshi o`tkazib, quyosh nurini qaytaradigan, keng tikilgan va tanaga yopishib turmaydigan kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi. Shuningdek, kiyim tanlashda matoning rangiga ham e`tibor berish lozim. Chunki qora va jigar rang matodan tikilgan kiyimlar o`ziga issiqlik va quyosh nurini ko`p tortadi, oq rangli matodan tikilgan kiyimlar esa, issiq va quyosh nurini qaytarish xususiyatiga ega.

 

Шарҳлар