my5
Sevimli

Jigar kattalashishiga nimalar sabab bo`ladi?

Salomatlik 05.07.2021, 15:44
Теглар: Jigar
Jigar kattalashishiga nimalar sabab bo`ladi?

Jigar — tanamizdagi eng katta ahamiyatga ega bo`lgan organlardan biridir. U ovqatni hazm qilishga yordam beradi, hayot uchun zarur bo`lgan moddalarni sintezlaydi, organizmdan toksinlarni siqib chiqaradi. Bajaradigan funksiyalari ko`p ekani bois, bu organ kasallanishga moyilligi yuqori bo`lgan a`zolardan biri.  

SSV Matbuot xizmati jigar hajmi kattalashishi yoxud ilmiy til bilan aytganda, gepatomegaliya xastaligi borasidagi savollar bilan Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi bosh shifokori, tibbiyot fanlari doktori Muhayyo ASILOVAga murojat qildi.  

— Gepatomegaliya xastaligining kelib chiqish sabablari qaysilar?  

— Jigar o`lchamining kattalashishi bir qator kasalliklar natijasida yuzaga kelishi mumkin. Eng ko`p tarqalgan etiologik omillardan biri — a`zo qon tomirlari kasalliklaridir.  

Ko`pincha gepatomegaliyaga darvoza venasi va jigar venasi zararlanishi (tromb hosil bo`lishi natijasida), kam holatlarda jigar arteriyalari shikastlanishi sabab bo`ladi.

Bundan tashqari, infeksion-virusli kasalliklar ham jigar kattalashishiga olib kelishi mumkin. Gepatomegaliya o`sma kasalliklarining asosiy belgilaridan biridir.  

Shuningdek, gepatomegaliya jigar to`qimalarining degenerativ o`zgarishlari (steatogepatoz, steatogepatit, yurak-qon tomir tizimi patologiyalarida ikkilamchi o`zgarish), amiloidoz, gepatotoksik moddalar (alkogol, dori preparatlari, ayrim sun`iy moddalar) ta`sirida ham yuzaga keladi.  

— Ushbu kasallik belgilari qanday?

— Jigar o`lchamining kattalashishi asosiy kasallik belgilari bilan aniqlanadi. O`rtacha gepatomegaliya (virusli gepatit, bolalarda ovqatlanishning buzilishi bilan yuzaga keluvchi holatlar)da bemorni bezovta qiladigan belgilar yuzaga chiqmasligi mumkin.  

Jigar o`lchami yaqqol kattalashadigan bo`lsa, o`ng qovurg`a osti sohasida og`irlik hissi, og`riq (harakatlangan vaqtda kuchayuvchi) sezilishi mumkin. Bundan tashqari, terida toshmalar, qichishish, dispeptik belgilar (ko`ngil aynishi, ich kelishining buzilishi, qorin dam bo`lishi), og`izdan badbo`y hid kelishi ham jigar kattalashganligidan dalolat beradi.

Virusli gepatit fonida kelib chiqadigan gepatomegaliya holatlarida jigar parenximasi qattiqlashadi va palpasiyada oson aniqlanadi. Intoksikasiya jigar kattalashishi ko`z sklerasi va teri qoplamalarining sarg`ayishi bilan namoyon bo`ladi.

Jigar sirrozida gepatomegaliya holati gepatositlar zararlanishi natijasida va ular o`rnida biriktiruvchi to`qima hosil bo`lishi hisobiga kelib chiqadi. Bunda a`zo qattiqlashadi, doimiy og`riq hissi bo`ladi, terining yashil-sarg`ish tusdaligi, qon ketishga moyillikning ortishi kuzatiladi.

Yuqoridagi belgi va o`zgarishlar kuzatilganda, albatta, o`z vaqtida gepatolog shifokorga murojaat qilishingiz lozim bo`ladi. 

Шарҳлар