Sevimli

Yuragimda saqlaganlarim: “Do`stimning xotinini boshqasi bilan ko`rganimni unga qanday aytay?

Mutolaa 23.03.2016, 12:39
Yuragimda saqlaganlarim: “Do`stimning xotinini boshqasi bilan ko`rganimni unga qanday aytay?

 “Yuragimda saqlaganlarim...” Ha, bu dunyoda hammaning o`z siri, qalbida asrab yurgan dardi bo`ladi. Bunga ushbu sahifa orqali yanada amin bo`lib bormoqdamiz. Vaqt o`tib, o`sha dardini kimdir oshkor qiladi, kimdir yo`q. Bugungi voqeamiz qahramoni ham mana oradan yillar o`tib, shaxsini yashirgan holda bo`lsa-da, yuragida asrab yurganlarini oshkor qilmoqda. 

Ishdan horib, oyoqlarimni sudrab bosgancha, uyga kirib keldim. Har doimgidek, ayolim salom berib peshvoz chiqdi. Qizimning esa oshxona tomondan ovozi keldi:

—  Assalomu alaykum, dada! Siz yaxshi ko`rgan ovqatni pishiryapmiz.

—  Vaalaykum assalom. Yaxshi-da, qizim, — degancha kiyimlarimni almashtirgani xonamga kirib ketdim. 

—  Dada, — dedi orqamdan endi ovozlari do`rillay boshlagan

“Ha”, dedim-u, ammo qaramadim.

—  Zafar degan sinfdoshingiz telefon qildi. Raqamingizni amakimdan olibdi. 

—  Senga qildimi? — shart burilganimni o`zimni ham sezmay qoldim.

—  Yo`q, uy telefonga qildi. 

—  Nega qo`l telefonimga qilmabdi ekan?

—  Telefoningizni o`g`irlatgandingiz-ku. Amakim yangi olganingizni bilmagan shekilli. 

—  “Zafarman”, dedimi? “Sinfdoshiman”, dedimi?

—  Ha. Menam avvaliga tanimadim. O`zini tanishtirganidan keyin ovozidan bildim. Kichkinaligimizda qishloqqa borsak, kela solib ko`tarib olardi-ku! Xuddi o`shandagidek “ulim” dedi meni. Raqamini qoldirdi. Qo`ng`iroq qilarkansiz.

Zafar bolalikdagi eng yaqin do`stim edi. O`qimishli, aqlli, yaxshi yigit. Faqat baxtidan tinmadi. Yo`q, u ayrimlarga o`xshab, ikki-uch marta uylangani yo`q. Faqat xotini durust emasligi, “uyim-joyim” demagani, noshukurligi, otasinikiga arazlab ketavergani uchun ko`p vaqti bo`ydoqlikdagidek o`tdi. Oxiri bundan olti yilcha ilgari uning xorijga ishlagani ketgani haqida eshitdim. 

Zafar ayoliga teskari ravishda oilaparvar chiqdi. Injiq, ziqna, molparast xotinidan ikkita bolasi sabab ajrashmadi. Avvaliga u mendan uyi notinchligini yashirardi. Garchi ota-onamdan og`a-inimdan uning xotini har ikki kunning birida o`pkalab ketishini eshitsam-da, u oriyat qilibmi, sir saqlardi. Mening shahardan borganimni eshitsa, yugurib kelardi. Sezardim, uyiga taklif etishni, mehmon qilishni juda-juda istardi.

—  Jo`ra, har doim kelsang, uyga olib ketaman, deyman. Ammo senam xuddi poylagandek, ayasi uyiga mehmonga ketganda kelasan, — derdi u sir boy bermay.

—  Qo`yaver, boshqa safar boramiz. Bugun mana, shu erda o`tiramiz, — derdim menam sezmaganlikka olib. 

Kunlarning birida ishxonadagilar bilan bir kafega tushlik qilgani kirdik. Kirgan zahotim ro`paramizdagi stolda o`tirgan ayol ko`zimga juda issiq ko`rindi. Sal o`tmay darrov esladim. To`lishgani uchun Zafarning rafiqasini darhol tanimagan ekanman. U qandaydir erkak bilan o`tirardi. Chimirilib, asabiylashib gapirishidan biror yaqinidir, aka-ukasidir deb o`yladim. Lekin agar aka-singil bo`lsa, uyda o`tirishmasmidi? Beixtiyor ayolni kuzata boshladim. U tutaqib gapirgani sari haligi erkak tasalli bergandek u tomonga bosh egar, qo`llarini  ushlardi. Shunda ular shunchaki qarindosh yoki tanish emasligini bildim. Shu fikr miyamga kelishi bilan shubhaga bordim:

“Bu Zafarning xotini emas. O`xshatdim, shekilli...”

Gumonimni aniqlashtirish uchun ularga haddan ortiq tikildimmi, ayol nigohimni sezdi. Menga ko`zi tushishi bilan baqadek qotdi. Keyin tipirchilab qoldi. Oxiri erkakka shivirlagancha, chiqib ketdi.

“Demak, Zafarning xotini. Uyam meni tanidi...”

Ichimga qorong`ilik tushgandek bo`ldi. Beg`ubor, sodda, fidoiy do`stim ko`z oldimga kelib, achina boshladim.

“Ehtimol, Zafar ajrashgandir?”

Mana shu savol sal tinchlantirdi, meni.

Oradan bir oy o`tib, oilam bilan qishloqqa bordim. Tashrifimdan xabar topgan Zafar yugurgilab etib keldi. Har galgidek, uyiga olib ketgisi borligi aytdi. Keyin esa jimib qoldi va “yorildi”:

—  Oshna, odam ko`rib-bilib, sinab uylanishi kerak ekan. Menam bir yangam tavsiya qilgan qizni ko`ribman-u, chiroyiga uchib uylanibman. Yashashim it yotish, mirza turish. Chunki xotinim uyda bir hafta yashar-yashamas, janjal chiqaradi. Keyin bolalarni oladi-yu, ketvoradi. Avvallari borib olib kelardim. Endi bormay ham qo`ydim. O`zi keladi. Menimcha, bolalarim qo`ymaydi-da. Agar shu ikkita bolam bo`lmasa, allaqachon ajrashib ketgan bo`lardim. Bechora bolalarim sira ketishni istamaydi. Xotinim esa...

Haligi “uchrashuv” hamon o`z o`ngimda turgani bois, bexos so`radim:

—  Oxiri sabring tugab,

—  Yo`g`-e, oshna. Bolalarimni tirik etim qilish niyatim yo`q. Ular ham bora-bora bilib qoldi. Hozir onasi chiqarib, kiyina boshlasa, uydan qochib ketishadi. Men bilan qolish uchun tushunyapsanmi? Qanday qilib, ulardan kechay? Bir kuni tushunar, xotinim ham...

—  Nima deb janjal qiladi?

—  O`zim ham tushunmayman, ochig`i. “Men istagan odam emassiz. Men bunaqa yashayman, demagandim. Ajrashaman siz bilan...” Topgan gapi shu. “Bor, ajrash, arizangni yoz”, deyman, uniyam qilmaydi. Tinch yashamaydi, ham. 

—  U istagan odam qanaqa ekan?

—  Shaharda yashashni istarmish, xonimcha. Bo`lmasa, qishloqqa tegma edi, ahmoq... — g`azabi qaynay boshladi Zafarning. — Topganimga yangi kiyim olsam, deydi. “Hech qaerga chiqmasang, uyda o`tirsang, nima qilasan, har hafta kiyim olaman deb”, deya gapiraman-u, baloga qolaman. Bobillab beradi-yu,chiqib ketadi. Shu bilan bir haftacha otasinikida turib, o`sha xohlagan ko`ylagini oldirib kiyib keladi...

—  Qaynota-qaynonang hech narsa demaydimikan? Qaytarmasmikan?

—  Bitta qiz-da, erka. Akalari sal gapiradi. U ta`sir qilmaydi. To`g`risi, jonimga tegdi bunaqa hayot. Lekin bolalar uchun hamma narsaga tayyor bo`larkansan. Menam bolalarim uchun shu xotin bilan yashab yuribman. Bo`lmasa...

O`shanda unga ko`rganlarimni aytishga botina olmadim. Ayniqsa ajrashish niyati yo`qligi bilgach... Keyin esa u tinchini izladimi yo xotini qo`ymadimi, xorijga ishlagani ketdi. Uning olti yillik musofirchilik davrida men yana bir bor xotinini o`sha erkak bilan ko`rdim. 

Mana, endi do`stim kelibdi. U bilan ko`rishaman! Ammo... ko`rganlarimni ayta olamanmi? Aytishim kerakmi, o`zi? Mana shu narsa har doim menga og`riq berib keladi. Ikki o`t orasida yotaman. Jonday aziz do`stimni xiyonat haqida eshitib qay holga tushishini ko`z o`ngimga keltirib, yana bu fikrimdan qaytaman. Hayronman, nima qilay? Menga maslahat bering...

Шарҳлар