2021 yil 15 iyul kuni “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida o`tkazilayotgan xalqaro konferensiya doirasida Markaziy Osiyo xalqaro institutining rasmiy ochilish marosimi o`tkazildi.

Tadbirda O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo bo`yicha maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya mintaqaviy markazi rahbari Natalya German va boshqa yuqori martabali mehmonlar ishtirok etdi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning Markaziy Osiyo xalqaro institutining rasmiy ochilish marosimi qatnashchilariga yo`llagan tabrigini Senat Raisi T.Narbaeva o`qib eshittirdi.
Qayd etilganidek, mazkur institut davlatimiz rahbari tashabbusi bilan tashkil etilib, u mintaqa davlatlari hamkorligini har tomonlama kengaytirishga qaratilgan strategiya va dasturlarning yangi yo`nalishlarini ishlab chiqishga ko`maklashish, ularni ilmiy asoslangan holda chuqur tahlil va tadqiq qilish bilan shug`ullanadi.

Qolaversa, mintaqa davlatlari o`rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan izlanishlar, Markaziy Osiyo xavfsizligi bilan bog`liq turli boshqa tahdid va muammolarni samarali hal etishga qaratilgan tizimli tadqiqot ishlarini olib boradi. Shuningdek, institut qo`shni davlatlarning tashqi siyosat konsepsiya va maqsadlarini tahliliy yondashuvlar asosida puxta o`rganadi.
