Sevimli

Yuragimda saqlaganlarim: “Qayinsinglim sabab oilam buzilish arafasida...”

Mutolaa 24.03.2016, 12:06
Yuragimda saqlaganlarim: “Qayinsinglim sabab oilam buzilish arafasida...”

“Yuragimda saqlaganlarim...” Ushbu sahifamizga bugun maktub yo`llayotgan muxlislar soni bisyor. Kimdir shunchaki qalbidagi og`riqlarini bekitib yursa, ba`zilar boshqalarga ozor etmasligi uchun dilida og`ir yukni asrab yuradi. Ismini sir tutishimizni so`ragan toshkentlik muxlisamiz ham ana shunday zalvorli yukni ko`nglida yashirib yurganlardan...

Har bir ro`zg`orda ko`ydi-chiqdi, g`idi-bidi bo`ladi. Bekorga ilgarigilar “Er-xotinning urishi — doka ro`molning qurishi” deyishmagan. Chunki er-xotin aytishadi, urishadi, yarashadi. Afsuski, turmush o`rtog`im bilan bu safargi janjalimiz chuqurlashib ketdi. Endi ikki farzandim etim bo`lishidan cho`chiy boshladim. Shu sabab, sizlarga maktub yozishga majbur bo`ldim. 
Hammasi yakka-yu yolg`iz qaynsinglimga sovchi kelgan kundan boshlandi. O`sha kuni hamma uyda edi. Qaynonam yaxshi bilgan, havas qilib yurgan xonadondan qizini so`rab kelishgani kutilmagan hol bo`ldi. 
—  Chaqqon-chaqqon harakat qiling. Hamma narsa ko`ngildagidek bo`lsin. Bu oila juda didli va madaniyatli. Tag`in uyalib qolmaylik. 
Men yugurib-elib xizmat qila boshladim. Darrov dasturxon yozib, taomga unnab ketdim. Qaynonam har oshxonaga kelganida e`tiborli bo`lishimni, oshim yaxshi chiqishi kerakligini tayinlab ketardi. 
Qayta-qayta aytilgan bu ta`kid yuragimga hadik soldi. Xavotir bilan qozonga qarab-qarab qo`yaman. Yaxshi chiqayotgani ko`rinib turgan bo`lsa ham bezovtalanaman.
—  Nega buncha, tipirchilaysan? Tinchlikmi? — dedi turmush o`rtog`im kulib. — Xuddi senga sovchi kelgandek hayajonlanasan.
—  Oyim e`tiborli bo`ling, degani sari qo`rqa boshladim, shekilli, — dedim kulib.
—  Xavotir olma. Qachon sening oshing yomon chiqqan? — dedi u ko`nglimni ko`tarib. 
Shu payt uy telefonimiz jiringladi. Telefon apparatimiz ikkita bo`lib, parallel edi. Biri mehmonxonada, ikkinchisi hammamiz o`tiradigan uyda. Aksiga olib, hammamiz o`tiradigan uydagi apparatning go`shagidagi mikrofon bir necha kun oldin buzilgan, bizning gapimizni qo`ng`iroq qilgan kishi eshitmaydigan bo`lib qolgandi. Ammo suhbatdoshingizning so`zlari aniq-ravon eshitiladi.   
—  Obbo, uyga sovchi kelganda ham telefon jiringlaydimi? — kuldi turmush o`rtog`im. — Oyim olishga majbur edi.
Oyim esa avvaliga telefonning buzuqligini yodidan chiqardi, shekilli, javob bermadi. Bir jiringlagan apparatning sira uni o`chay demasdi. 
—  Telefonga javob beringlar, — deb qo`ydi qaynonam o`tirgan joyida. 
Olganimizdan nima naf? Gaplasha olmaymiz-ku! Shunga jim turaverdik.  O`lgur, tag`in jiringlay boshladi. Oxiri qaynonam olishga majbur bo`ldi. 
—  Kechirasiz, adashib tushdingiz... — degani eshitildi keyin.
Ammo telefon yana o`z ovozida “baqira” boshladi. 
—  Atay qilgandek bo`lyapti. Sovchilar ketsa, oyimdan gap eshitaman, bitta telefonni tuzatib qo`ymaganim uchun rosa koyiydi, — dedi erim kayfiyati tushib.
—  Kim? Nima deyapsiz? Adashdingiz... — dedi qaynonam kayfiyati buzilgan bo`lsa-da, quvnoq gapirishga harakat qilib. So`ng meni chaqirdi.
Men mehmonxonaga yura turib, erimning bu tomondan go`shakni olganini ko`rdim.
—  Yana “sms” yubordingmi? O`v-v, men senga necha marta aytay, oilam bor deb! — narigi tomondan erkak kishining o`dag`aylagani eshitildi. 
Hayron bo`lib qoldim. 
—  Adashdingiz, — dedim erimning eshitib turgani yodimga tushib, battar dovdiragancha.
—  Qanaqasiga adashaman! O`zing bergan raqam. Atay uyingga qilyapman! Oyingmidi, boyagi? Hammasini aytdim. O`zingcha, bildirmaslikka olyapsanmi, endi! Yarim tunda ham atay telefon qildingmi? Xotinim bilan urishishimni istagansan-da, a? Sendan qutulish mumkinmi, o`zi? Aytib qo`yay, agar yana bir marta bezovta qilsang, to`g`ri uyingga boraman!
Shu bilan go`shakning taraqlab qo`yligani va “tu-tu”lagan ovoz keldi. Qotib qoldim. 
“Kim edi u? Nega bunaqa dedi?” hayrat va dahshat ichida oshxonaga keldim. Bu erda erim rangi-ro`yi o`zgarib, vajohat bilan kutib turardi.
—  Kim u? — dedi erim birdan yoqamdan olib.
—  Bilmasam... Tanimayman... — dedim qo`rqib.
—  O`ldiraman! Uni ham, seni ham. O`z quloqlarim bilan hammasini eshitdim. U seni bilib, ovozingni tanib aniq-tiniq gapirdi. Shukr qil, uyda sovchilar bor. Bo`lmasa, hoziroq o`ldirardim! Ular ketsin, hammasiga javob berasan!
Palovim yaxshi chiqish-chiqmasligi ham unut bo`ldi, menga. Bor xayolim telefondagi odamga ketdi.
“Kim u? Nega unaqa dedi? Nima uchun bizning uyga telefon qildi? Hazillishdimi? Hazillashadigan qanday tanishim bor? Ammo kim ham oilali ayolga bunday hazil qilishga botinadi. Bunaqa jahl va g`azab bilan hazil qilgan odam gapira olmaydi. Adashgan! Ha, adashgan. Lekin buni qanday isbot etaman?”
Hech qanaqa aybim bo`lmasa-da, qo`rqa boshladim. Sovchilar ketgunicha ich-etimni edim. Ular ketishi bilan esa uyda qiyomat qo`pdi. Eshitgan so`kish va haqoratlarimdan ilon po`st tashlar, egan kaltaklarimdan esa...
Shu holda ikki bolam bilan ota uyimga qaytib keldim. Alam qilgani  erimning bolalarimdan ham shubhalangani bo`ldi. O`ziga qo`yib qo`ygandek o`xshash o`g`illaridan nahot tonish shunchalar oson?
Alamdan dunyoga sig`may ketdim. Hammasini, o`zimning begunohligimni isbotlashga kirishdim. O`sha kuni qo`ng`iroq qilgan kishining raqamini bilish uchun tegishli idoraga bordim.
—  Uy kimning nomida, telefon kimning nomida bo`lsa, o`sha ariza bilan murojaat qilishi kerak, — deyishdi ular.
Qaynonamga qo`ng`iroq qildim. 
—  Nevaralaringiz uchun ham bir bor menga ishoning. Men xiyonat tugul, buni xayolimga ham keltirmaganman. Iltimos, o`sha odamning raqamini topaylik, uchrashaylik. Oilam buzilayotganini o`zim aytaman. O`g`lingiz bilan gaplashsin! U ham odamdir, tushunar... — dedim yig`lab-siqtab.
—  Bo`lar ish bo`ldi. Endi sabr qilib turing. Qaynsinglingizni fotiha qilmoqchimiz. To`y o`tguncha tishingizni tishingizga bosib turing. Yana janjal sababini ham hammaga jar solmang. Keyin o`zim hammasini aniqlayman.
—  Oyi, qizingizning fotiha to`yida bo`lmaymanmi? Ungacha, shunday yuraveramanmi? 
—  Sabr qiling endi. Bir hafta qoldi. To`y oldi g`avg`olarni qo`zg`amay turing. Sovchilar aynib ketmasin...
Hech narsaga tushunmadim. Mening oilam tiklanishi qaynsinglimning to`yiga qanday ta`sir qiladi? Nahot, qaynonam ham mendan gumon qilyapti?
O`ylab o`yimga eta olmayman. Hammadan najot izlayman, hammadan yordam kutaman. Qani bir yorug` nur ko`rinsa...
Yig`layverganimga onam chiday olmabdi. Menga bildirmay, o`zi ishga kirishibdi. O`sha telefon bilan bog`liq tashkilotga borib, bir ayolga hammasini aytib beribdi. U ayol o`sha sanadagi uyimizga qilingan qo`ng`iroqlar ro`yxatini chiqarib beribdi. Bor-yo`g`i uchta raqamdan qo`ng`iroq bo`lgan ekan. Mobil telefonlar tufayli, uy telefonlari ham ancha tinchib qolgan-da! 
—  Mana, tushdan so`ng mana bu raqam ketma-ket uch bor qo`ng`iroq qilgan. Shunga qilavering. Qolgan bittasi tongda, keyingisi kechki payt. O`sha erkak aniq shu raqamdan qilgan, — debdi haligi ayol ham onamga ko`maklashib.
Onam darhol o`sha raqamga qo`ng`iroq qilibdi. Erkakka bor gapni aytibdi. O`shanda aslida kimga qo`ng`iroq qilganini, adashib tushgan bo`lsa, borib bizning uyga tushuntirishini, yo`qsa, mening ikki bolam etim bo`layotganini tushuntiribdi. 
—  Xola, men adashib tushganim yo`q. Keyin men o`sha kuni u uyning kelinini emas, qizini telefonga so`radim. O`sha uyning qizi bilan bir paytlar tanishib qolganman. Endi esa u meni tinch qo`ymayapti. Uning dastidan mening oilam ham halovatini yo`qotdi. Hali “sms” yuboradi, hali xotinimga qo`ng`iroq qiladi. Qaysi ayol chidaydi bunga? — debdi erkak. 
Buni onam menga ikkilana-ikkilana aytdi. Jahlim chiqib o`sha zahoti erimga qo`ng`iroq qilmoqchi bo`ldim.
—  Shoshma! O`ylab ko`r. Ering bunga ishonadimi? “O`sha erkak bilan yana gaplashib, til biriktirgansan, endi singlimni yomon otliq qilmoqchimisan?” deyishi ham mumkin-ku! Qaynonang ham, qaynsingling ham o`zini yomon otliq qilgisi kelmaydi. Sabr qil. Bir yo`li topilar?
—  Qanaqa yo`l? Boraman erimning oldiga! Birga borib, o`sha erkakning ham telefonini tekshirtiramiz. Ko`radi, kim qo`ng`iroq qilgani-yu, kim yozishganini. Heya narsadan hech narsa yo`q aybdor bo`lib qolaveramanmi? — chiday olmadim men.
—  Buncha shoshilmasang! Bittayu bitta singlisining siri fosh bo`lsa, to`yi qaytadi. Keyin qaynonang seni tinch qo`yadimi, ering-chi? Oilang battar buziladi-ku! Nega bu tomonlarini o`ylamaysan? Nega buncha kaltafahmsan? 
Bu gaplardan so`ng chindan ham o`ylanib qoldim. Nima qilay? Qanday yo`l tutay? Nahot, qaynonamning bu gaplardan xabari yo`q? Nahotki, qaynsinglim bir og`iz “Kelinoyimning aybi yo`q”, deya olmayapti?
Bilaman, u ham ota-onasidan, akasidan qo`rqayotir. Lekin jiyanlarining taqdiri o`ylantirmayaptimi?
Boshim qotib qoldi. Mana, bir oydirki, shu og`ir dardni ichimga yutib o`tiribman. Menga maslahat bering. Qanday qilsam, six ham kuymaydi, kabob ham. Nima qilsam, ham oilam tiklanadi, ham qaynsinglim baxtli bo`ladi?

Шарҳлар