my5
Sevimli

Emlangan odam boshqalarga COVIDni yuqtirishi mumkinmi?

Salomatlik 23.07.2021, 12:24
Emlangan odam boshqalarga COVIDni yuqtirishi mumkinmi?

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig`i o`rinbosari Botir Qurbonovning ta`kidlashicha, vaksina olganlar kasallik tashuvchisi bo`lmaydi.

Aholining aksariyat qatlamini majburiy vaksinasiya qilish haqida qaror qabul qilindi.

O`zbekistonda vaksinasiya jarayonlariga bugungi kunda alohida e`tibor berilgan bo`lib, mamlakatda vaksinasiya jarayoni 1 apreldan boshlangan bo`lsa, hozirgacha kasallanganlar orasida vaksina olgan-tashuvchilar yoki bo`lmasa vaksina olgandan so`ng darhol kasal bo`lib qolganlar mavjud emas.

Odam vaksina olganidan keyin tashuvchiga aylanmaydi. Lekin vaksina olgandan keyin kasallanganlar bor, bu to`g`ri. Bundaylarning asosiy qismi vaksina jarayonlarini to`liq o`tamagan – ya`ni ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini uchta dozada har 28 kun oralig`ida qabul qilish ko`rsatilgan bo`lsa, bugungi kungacha kasallik qayd etilib, kasalxonaga tushganlarning aksariyati birinchi va ikkinchi dozasini olishga ulgurgan, hali antitanachalar shakllanmagan bemorlardir. Bunda vaksina olmaganlar ancha oldin infeksiyani yuqtirib, so`ngra vaksina olganlarga ham kasallik o`tganligi kuzatilmoqda.

Shu bois, emlanganlar boshqalarga kasallikni yuqtirmoqda, degan tushunchadan juda ham yiroq bo`lishimiz kerak. Emlanmaganlar emlanganlar uchun xavf tug`dirishi ehtimoli esa yuqori. Shu bois barchaga ijtimoiy masofani saqlash va niqob rejimiga amal qilishni tavsiya etib qolaman.

Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti barchaga – hatto, kovidga chalinganlar hamda infeksiyani yuqtirmaganlarga ham koronavirusga qarshi emlanishni tavsiya etmoqda.

Ta`kidlash joizki aksariyat rivojlangan mamlakatlarda ommaviy emlash jarayonidan so`ng vaziyat yaxshi tomonga o`zgarganini guvohi bo`lib turibmiz. Masalan, Isroil davlatida aholining 80 foizi ommaviy emlangach, noxush epidemik vaziyat qisqa muddat ichida bartaraf etildi va u qulay tus oldi.

O`zbekiston Respublikasida ishlatilayotgan 3 ta vaksinadan kasallik aktiv kechayotgan vaqtdagina foydalanish mumkin emas.

Bundan tashqari, autoimmun kasalligi bor bemorlar va surunkali bemorlarning kasallik avj olgan yoki xuruj qilgan vaqtlarida ham vaksina qo`llash man etiladi.

Ammo kasallikni boshdan kechirganlar, "antitanachalarim shakllangan-ku" degan o`yda, vaksina olish-olmaslik borasida ikkilanishadi. Shuni qayd etish kerakki, kasallikdan keyin shakllanadigan immunitet – antitanachalar darajasi – har bir odamda individual shakllanadi. Bu kasallikni qay darajada o`tkazganiga bog`liq. Ammo biz kasal bo`lib tuzalgan odamlarga emlanishni tavsiya etamiz. Chunki kasal bo`lib tuzalganlar emlansa, ularning organizmida uzoq muddatga etadigan immunitet shakllanadi

Epidemiya vaqtida virusga, shu jumladan, yangi shtammlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish maqsadida ommaviy emlanish tavsiya etiladi.

O`zbekiston hududida ishlatilayotgan barcha vaksinalar rekombinant vaksinalar bo`lib, mutasiyaga uchrashidan qat`iy nazar barcha turdagi koronavirus infeksiyalariga ishlaydigan tizimda yaratilgan.

Шарҳлар