AOKAda bo`lib o`tgan brifingda Davlat soliq qo`mitasi boshqarma boshlig`i o`rinbosari Dildora Hoshimova sohadagi yangiliklar haqida ma`lumot berdi.
Ta`kidlanishicha, joriy yil iyul oyida Vazirlar Mahkamasining «Ish beruvchilarga ular tomonidan 25 yoshdan oshmagan xodimlar uchun to`langan ijtimoiy soliq summasini Davlat byudjetidan to`liq qoplab berish tartibi to`g`risidagi vaqtinchalik nizomi» tasdiqlandi. Unga ko`ra:
-ijtimoiy soliq summasi qoplab berilishi so`ralayotgan hisobot oyida yosh xodim 25 yoshdan oshmagan;
-uzluksiz 6 oy davomida mehnat faoliyatini amalga oshirgan hamda ish beruvchi tomonidan ijtimoiy soliq to`langanligini tasdiqlovchi hujjat (elektron qayd) mavjud bo`lgan yosh xodimlar uchun to`langan ijtimoiy soliq summasi ish beruvchiga qoplab beriladi:
Nizomda belgilangan choralar 2021 yil 1 maydan 2023 yil 15 yanvargacha to`langan ijtimoiy soliq summasini qoplab berishga nisbatan tatbiq etiladi.
2022 yil dekabr oyi uchun to`langan ijtimoiy soliq summasini qoplab berish uchun ish beruvchi tomonidan ariza berishning oxirgi muddati 2023 yil 1 aprel kuni hisoblanadi.
Mazkur nizomda belgilangan choralar tatbiq etilishi uchun ish beruvchi soliq to`lovchi sifatida ro`yxatda turgan soliq organiga ijtimoiy soliq hisoboti taqdim etilganidan keyin 3 oydan kechiktirmasdan soliq to`lovchi shaxsiy kabineti orqali ariza taqdim etishi lozim.
Mazkur tartib byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav jamg`armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo`lgan yuridik shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.