my5

Aql tishi chiqayotib azob bersa...

Salomatlik 27.03.2016, 10:52
31311
Aql tishi chiqayotib azob bersa...

Aql tishining yorib chiqishi ko`pincha qattiq og`riq va yallig`lanish bilan birga kechadi. Har bir oldam hayoti davomida bir marta bo`lsada bu noxush holatni boshidan o`tkazgan. Mutaxassislarning aytishicha odamzodning bor-yo`g`i 30 foizi kech chiqadigan tishdan aziyat chekmagan, qolganlar esa uning og`rig`i va asoratlari bilan kurashib kelishyapti. Xo`sh, uni davolab saqlab qolish kerakmi yoki sug`urib tashlagan ma`qulmi?

Savolga oliy toifali stomatolog shifokor Botir Usmonov javob beradi.

Aql tishining xususiyatlari

Katta yoshdagi odamning og`iz bo`shlig`ida 32 dona tish bo`lib, ulardan 28 tasi balog`at yoshiga etguncha o`sib, shakllanib bo`ladi. Qolganlari esa 17-25 yoshda yoki undan keyinroq rivojlanadi. Kech chiqadigan tishga aql tishi deb nom berilishiga ham sabab shu. Chunki odam bu yoshda o`z dunyo qarashiga va fe`l-atvorga ega bo`ladi. Ayrim hollarda bu tish milkni yorib chiqmasligi ham mumkin.

Aql tishi ko`rinishi bo`yicha boshqa tishlardan farqlanmaydi. Aql tishlarining asosiy xusisiyati shundaki ularning “o`tmishdoshi”  — sut tishlari bo`lmaydi va birdan ildizli tish o`sib chiqadi. Aql tishi ildizi noto`g`ri shakllangan yoki bir nechta ildizdan iborat bo`lishi ham  mumkin

Aql tishining rivojlanishi va o`sishi, har bir kishining irsiyatiga, tish qatorining joylashuviga jag` suyaklarining shakliga bog`liq bo`ladi. Muammolar ko`pincha odam jag` suyagi avlodlarinikiga qaraganda kichrayib borayotganligi bilan bog`liq. Ya`ni aql tishi bemalol yorib chiqishi uchun og`iz bo`shlig`idagi  tishlar safida  joy etishmayotgani sabab ham  muammolar kelib chiqishi mumkin. 

Natijada aql tishi o`sish uchun noto`g`ri yo`nalish tanlaydi va qo`shni tishlar, milk va ba`zida yuz suyaklariga xavf tug`diradi. Aql tishning yorib chiqishi va o`sishi uzoq vaqt davom etib, ko`pincha og`rik va yallig`lanish bilan kechadi.

Aql tishi o`sishi bilan bog`liq muammolari:

•  Tish yorib chiqa olmasa;

•  Og`iz bo`shlig`ida noto`g`ri yo`nalish tanlaganda;

•  Kariesning erta boshlanishi, tish noqulay joylashganligi sababli og`iz bo`shlig`i gigienasiga rioya qilishning qiyinligi;

•  Milklarning yallig`lanish jarayoni perikoronarit bilan bog`liqligida;

•  kuchli yallqilanish bilan bog`liq  pulpit, periodontitda.

Belgilari

Og`riq — yalliqlanishning asosiy belgisi.

Og`riq turlicha bo`lishi mumkin: kuchli, lo`qqillovchi, davomiy, sanchiqli.

Og`riq bilan bir vaqtda ko`pincha  milkning yoki lunjning shishishi, og`izdan yoqimsiz hid kelishi va yiringli ajralmalar, tana haroratining oshishi kuzatilishi mumkin. Aql tishi bezovta qilganlar muammoning ildiziga e`tibor bermay, og`riqni vaqtincha qoldirishga shoshilishadi. Lekin bu bilan muammo hal bo`lib qolmaydi.

Aql tishi bilan bog`lik yallig`lanish va boshka muammolar qanday xastaliklarga olib kelishi mumkin:

— uch shoxli nerv nevriti;

— abssess;

— kista, granulema;

— osteomielit — suyak to`qimalarining yallig`lanishi;

— yumshoq va mushak to`qimalarning yiringlashi.

Aql tishini sug`urgan ma`qulmi yoki davolash kerakmi?

Kech bosh ko`taradigan bu tish bilan bog`liq  muammolar yuzaga kelganda stomatolog-jarroh, stomatolog-terapevt aralashuvi lozim bo`ladi.

Terapevtik davolash shishni yuqotishga qaratiladi va  analgetiklar, antibiotiklar, antiseptik dori-darmonlar qo`llaniladi. Tishning holatidan kelib chiqqan holda shifokor uni saqlab qolish yoki olib tashlash kerakligini aniqlaydi.

Stomatologga uchrashdan oldin nima qilish mumkin?

Og`riq yoki yallig`lanish holatida uy sharoitida quyidagilarni amalga oshirish mumkin:

•  Yuzga sovuq kompress qo`yish;

•  Og`izni dorivor o`tlar bilan yoki milk yallig`lanishini kamaytiruvchi infeksiyaga qarshi kurashuvchi aseptik vositalar bilan chayish;

•  Yallig`lanishga qarshi dorilar va og`riq qoldiruvchi analgetiklar qabul qilishni boshlash kerak.

Bu muolajalar vaqtinchalik ta`sir etadi. Shu sabab stomatolog shifokor qabuliga  borishni kechiktirmaslik lozim. Tish shifokori aql tishingiz holatiga qaraydi va saqlab qolish yoki davolash kerakligini hal kiladi. Afsuski aql tishini uzoq muddat saqlab qolishga urinish har doim ham samara beravermaydi.

Шарҳлар