Xalqaro valyuta jamg`armasi (XVJ) jahon iqtisodiyotini tiklash uchun rekord darajadagi, ya`ni 650 milliard AQSh dollari miqdorida mablag` ajratishni ma`qulladi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.
XVJ tarqatgan press-relizda qayd etilishicha, «Xalqaro valyuta jamg`armasi zaxira aktivlari hisobidan 456 milliard SDR (Special Drawing Rights - maxsus qarz olish huquqlari, 650 milliard AQSh dollari) ajratadi. 275 milliard dollar rivojlanayotgan bozorlarga va mamlakatlarga beriladi».
«Ushbu muhim qaror — XVJ tarixidagi eng yirik SDR taqsimoti va misli ko`rilmagan inqiroz davrida global iqtisodiyot uchun yo`naltirilgan moliyaviy ko`mak hisoblanadi. SDRning taqsimlanishi barcha a`zo mamlakatlar manfaati uchun xizmat qiladi», - deydi XVJ boshqaruvchi direktori Kristalina Georgieva.
Mablag`larni ajratish to`g`risidagi qaror 23 avgust kuni kuchga kiradi. Mablag`lar kvotalarga mutanosib ravishda jamg`armaga a`zo mamlakatlarga o`tkazib beriladi. Kvotaga muvofiq (0,116%) O`zbekiston 754 million AQSh dollari olishi mumkin.
XVJ, shuningdek, yordamga o`ta muhtoj davlatlarga tiklanish ishlarida yordam berish uchun boshqa variantlarni ham o`rganib chiqmoqda, deyiladi jamg`arma xabarida.
XVF jahon iqtisodiyoti joriy yil 6% va kelgusi yilda 4,9% ga o`sishini bashorat qilmoqda.