my5
Sevimli

Toshkentda egizak chaqaloqlarni o`g`irlamoqchi bo`lgan ayollarga hukm o`qildi

Jinoyat 03.08.2021, 14:18
Toshkentda egizak chaqaloqlarni o`g`irlamoqchi bo`lgan ayollarga hukm o`qildi

Hayotda insonning boshiga tushadigan ko`pgina noxushliklar uning yolg`on gapirishidan paydo bo`ladi. Aldash, makr-hiyla, insofsizlik, haqsizlik, e`tiqodsizlik, dushmanlik kabi narsalarning barchasi yolg`on hamda yolg`onchilikdan vujudga keladi. Ba`zi kishilar biror manfaat ko`rish uchun yolg`on gapirishadi. Aslida esa yolg`ondan foyda ko`rish yo`q. Xalqimizda “Yolg`onning umri qisqa”, “Buzoqning yugurgani somonxonagacha” kabi maqollar bor. Quyidagi jinoyat tafsilotlari bilan tanishar ekansiz, aynan shu maqollar yodingizga tushsa, ajab emas.

“Bolalarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish kerak...”

Sudlanuvchi Gulsara Inoyatova (ism-shariflar o`zgartirilgan) jiyani Gulruh Jabborova bilan oldindan jinoiy til biriktirib, shar`iy nikohdagi turmush o`rtog`i Shavkat Hasanov bilan munosabatlarini tiklab, u bilan birga yana avvalgidek hayot kechirish maqsadida undan egizak farzandlar ko`rganini aytib, aldamoqchi bo`ladi. Fuqaro Husniya Karimovaning egizak farzandlar ko`rganidan xabar topib, ayolga qo`ng`iroq qiladi va o`zini egizak farzand ko`rgan ayollarga yordam puli ajratish bilan shug`ullanadigan komissiya a`zosi, deb tanishtiradi. Undan egizaklarning rasmini telegram raqamiga tashlab berishni iltimos qiladi. Rasmni olishi bilan Shavkat Hasanovga yuborib, “bu sizning farzandlaringiz” deb xabar yuboradi. Keyin uni yanayam ishontirish uchun Husniya Karimovaga qo`ng`iroq qilib, egizaklarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish lozimligini, ularni o`zi borib, mashinada olib kelishini aytadi. Jiyani Gulruh Jabborovani “hamshira”, o`g`lini “haydovchi” sifatida sherik qiladi. Husniya Karimovani poliklinikaga kirgizib yuborib, jiyani va o`zi egizaklarni olib, Shavkat Hasanovning oldiga yo`l oladi. Shu orada ularni yo`qotib qo`ygan Husniya Karimova 102 ga qo`ng`iroq qiladi...

“Shar`iy turmush o`rtog`imni qaytarish fikri tug`ildi...”

Sudlanuvchi Gulsara Inoyatova sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirib, quyidagicha ko`rsatma berdi:

— Shavkat Hasanov bilan tanishganimga o`n besh yilcha bo`ldi. U shifokor bo`lgani uchun qo`lida davolanib kelganman. Bundan bir necha yillar ilgari u erimdan taloq olsam, halol yo`l bilan shar`iy nikohiga olishini aytdi. Uning gapi bilan erimdan ajrashdim, keyin shar`iy nikoh o`qitdik. Biroz yashaganimizdan keyin kelishmovchilik tufayli ajrashib ketdik. Bir kuni aptekaga kirganimda bir qog`oz bo`lagini ko`rib qoldim. Unda egizak farzand ko`rgan Husniya Karimova to`g`risidagi ma`lumot va telefon raqamiga ko`zim tushdi. Shunda menda uning egizaklaridan foydalanib, shar`iy turmush o`rtog`imni o`zimga qaytarish fikri tug`ildi...

“Xolamning harakatlarini tushunmadim”

Sudlanuvchi Gulruh Jabborova sud majlisida aybiga qisman iqrorlik bildirib, quyidagilarni ma`lum qildi:

2018 yilda Toshkent shahridagi Jismoniy tarbiya va sport universitetiga kontrakt asosida o`qishga kirdim. O`qish uchun Qoraqalpog`iston Respublikasidan Toshkent shahriga ko`chib kelib, xolam Gulsara Inoyatovanikida yashay boshladim. Voqea sodir bo`lgan kuni xolam menga o`z niyatini oshkor qilgani yo`q. “Birgalikda egizak chaqaloqlarni poliklinikaga olib borib-kelamiz”, dedi. Xolam bilan birga uning o`g`lining boshqaruvida bo`lgan avtomashinada Husniya Karimova yashayotgan Shayxontohur tumaniga bordik. Husniya Karimova chaqaloqlari bilan birga mashinaga o`tirdi. Poliklinikaga etgach, xolam Husniya Karimovaga “Siz ichkariga kirib turing, bolalarni mening o`zim orqa eshikdan olib kiraman. Birga kirsak, hamma tanish-bilishchilik qilyapti, deb o`ylashi mumkin” deb, uning o`zini ichkariga kirgazib yubordi. U kirib ketgach, mashinada egizak bolalar bilan poytaxtimizdagi restoranlardan biriga bordik. U erda xolamning shar`iy turmush o`rtog`i Shavkat Hasanov bir erkak bilan ovqatlanib o`tirgan ekan. Xolam egizaklardan birini “bu sizning farzandingiz”, deb qo`liga tutqazdi. Ammo Shavkat Hasanov bola undan bo`lmaganligini, DNK qildirishini aytib, ularni telefoniga suratga oldi. Poliklinikaga qaytganimida Husniya Karimova bizni topolmay, 102 ga qo`ng`iroq qilgan ekan. Xolam “gapirmasdan, faqat egizaklardan birini ko`tarib turishga yordam bersang bo`ldi” degani uchun uning harakatlarini tushunmadim, lekin chaqaloqlar xolamniki emasligini bilardim. Meni hamshira, deb tanishtirganini ham eshitganim yo`q, hozirda bo`lib o`tgan voqeadan chin ko`ngildan pushaymonligimni inobatga olib, engilroq jazo tayinlashingizni so`rayman.

Hukm o`qildi

— Gulsara Inoyatova JKning 137-moddasi 2-qismi “a,b,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli, deb topildi va 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Gulruh Jabborova ham JKning 137-moddasi 2-qismi “a,b,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Abdulla Muhiddinov, jinoyat ishlari bo`yicha Yunusobod tuman sudi sudyasi, 

Lola Shoimova jurnalist.

Шарҳлар