AsosiyJamiyat

Toshkentda qushlarni otib o`ldirishayotgani rostmi? IIB izoh berdi

'Toshkentda qushlarni otib o`ldirishayotgani rostmi? IIB izoh berdi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda  qushlar otib o`ldirilayotgani bilan bog`liq xabar tarqaldi.

Toshkent shahar IIBning ma`lumotiga ko`ra, 2021 yil 1 avgust kuni soat 18.00 da Mirzo-Ulug`bek tumanida yashovchi 1964 yilda tug`ilgan Elena V. ichki ishlar organlariga ko`p qavatli uy yonida vagon o`rnatilgan bo`lib, uning yonida noma`lum shaxslar qushlarni otishayotgani haqida xabar bergan.

Mirzo-Ulug`bek tumani  ichki ishlar bo`limi profilaktika inspektori katta leytenant J. Alimov tomonidan yuqoridagi vagon egasi 1987 yilda tug`ilgan Sh.X. suhbatga chaqirilgan.

 Suhbat davomida fuqaro ko`chada taxminan 30 yosh atrofidagi kishi pnevmatik qurol ko`tarib yurganini ko`rib qolganini va qurol haqida savollar berib, o`q uzishga ruxsat olganini ma`lum qilgan.

 Nishon sifatida xavfsiz masofada bo`lgan konserva bankasi tanlangan. O`sha joydan o`tib ketayotgan ayol bu holatdan noroziligini bildirganda, qurol egasi kelishmovchilikka sababchi bo`lmaslik niyatida voqea joyini tark etgan.

Mazkur fakt asosida olib borilgan ishlar davomida holat guvohlari so`roq qilingach, Sh.X.ning gaplari tasdiqlangan va qushlar yoki boshqa hayvonlar otilmagani ma`lum bo`lgan.

Holat arizachiga tushuntirilganda, u qurollarning farqiga bormasligini va sport quroli jiddiy xavf tug`diradi deb o`ylaganini aytgan. Shuningdek, u hayvonlar tomon o`q uzilmoqda deb yanglish taxmin qilganini bildirgan. Tushuntirish ishlaridan so`ng Elena V. profilaktika inspektoriga kelishmovchilik barham topganini va ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarini o`chirganini ma`lum qilgan.

Boshqa yangiliklar