AsosiySport

G`alabamni mustaqilligimizning 30 yilligiga bag`ishlayman — Akbar Jo`raev

'G`alabamni mustaqilligimizning 30 yilligiga bag`ishlayman — Akbar Jo`raev'ning rasmi

Og`ir atletikachimiz Akbar Jo`raev Tokio-2020 Olimpiadasidagi g`alabadan keyingi fikrlari bilan o`rtoqlashdi. Uning taassurotlarini Turizm va sport vazirligining Matbuot xizmati e`lon qildi.

Og`ir atletika bo`yicha milliy terma jamoamiz a`zosi Akbar Jo`raevning Tokio-2020 yozgi Olimpiya o`yinlarida qo`lga kiritgan muvaffaqiyati o`zbek sporti uchun ulkan ahamiyatga ega. Bu bilan hamyurtimiz o`zbek og`ir atletikasi jahonda etakchilardan ekanini yana bir karra ko`rsatgan bo`lsa, chempionlikning qo`lga kiritilishi Prezidentimiz va millionlab hamyurtlarimizni nihoyatda xursand qildi. O`z navbatida, Akbar Jo`raev musobaqadan keyingi fikrlari bilan o`rtoqlashdi:

“Hayajon juda kuchli. Avvalo, Prezidentimizga katta rahmat aytmoqchiman. Olimpiya o`yinlari – biz Yangi O`zbekiston yoshlarining nimalarga qodir ekanligini ko`rsatish uchun ajoyib imkoniyat. Prezidentimizning yoshlarga bergan ishonchi va mehri menga yana-da kuch berdi. Bundan tashqari, meni qo`llab-quvvatlab turgan barchaga o`z minnatdorligimni bildiraman. Ushbu g`alabamni jonajon O`zbekistonimiz mustaqilligining 30 yilligiga bag`ishladim. Parij-2024 Olimpiadasida ham xuddi shunday medal olishga bor kuchim bilan harakat qilaman. Barcha murabbiylarim, menga muxlislik qilgan hammaga rahmat. Barcha havaskor yoshlarga sport bilan shug`ullanishni, mashg`ulotlarni oxirigacha olib borishni tavsiya qilgan bo`lardim”, – dedi Olimpiada chempioni va rekordchisi Akbar Jo`raev.

O`z navbatida biz ham Jo`raevning kelgusi faoliyatida omad tilab qolamiz.

 

    Boshqa yangiliklar