Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi ozuqa bazasini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma`lumot berdi.
Ma`ulm qilinishicha, joriy yilda chorvachilik sub`ektlariga ozuqabop ekinlar ekish uchun 339,7 ming gektar ajratilgan asosiy er maydonlardan 37 ming gektariga yangi beda (100 ming gektar eski beda mavjud), 158,5ming gektariga makkajo`xori silos uchun, 31,8 ming gektariga oq jo`xori,
13,8ming gektariga hashaki lavlagi ekinlari ekildi.
Shuningdek, bugungi kun holatiga ko`ra g`alladan bo`shagan 176,4 ming gektarer maydonlariga takroriy ozuqabop ekinlar ekildi. Oldingi davrlarda chorvachilik ozuqa bazasini mustahkamlash uchun ajratiladigan er maydonlariga paxta g`alla ekinlari ekilgan.
Endilikda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 martdagi “O`zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo`mitasi faoliyatini tashkil etish to`g`risida”gi PQ-4254-son qaroriga asosan chorvachilik sub`ektlariga ajratilgan er maydonlarida faqatgina ozuqabop ekinlar ekilishi qat`iy belgilab qo`yildi.
Bundan tashqari Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlariga yaylovlar va foydalanishdan chiqqan zaxiradagi erlarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish hisobiga 2 ming 166 gektar ozuqa-em ishlab chiqarish hajmini oshirish choralari ko`rilmoqda.
Respublikada chorva qishlovini betalofat o`tkazish maqsadida barcha toifa xo`jaliklari tomonidan 18,4 mln. tonna (2017 yilda 9 mln tonna) dag`al xashak jamg`arildi.
2016 yillarda ozuqa etishtirishda intensiv texnologiyalarni qo`llab, tomchilatib va yomg`irlatib sug`orish texnologiyalarni joriy qilgan, lalmi va yaylov erlarni o`zlashtirgan tadbirkorlik sub`ektlariga davlat tomonidan imtiyozlar yaratilmagan.
Bugungi kunda “Lalmi va yaylov er uchastkalarida tomchilatib va yomg`irlatib sug`orish texnologiyasini joriy qilish maqsadida 68 ta tumanda sug`orish tik qudug`ini burg`ulash istagini bildirgan ozuqabop ekinlar etishtiruvchi 314 ta tashabbuskorlar tomonidan 2 ming 40 ta tik quduqlarni qazish va buning natijasida 38 ming gektar er uchastkalarini o`zlashtirish ishlari boshlangan. Bu texnologiyani o`rnatgan xar bir chorvachilik sub`ektiga endilikda subsidiya ajratilishi belgilab berilgan. Vaholanki, 2016-2017 yillarda bu imtiyoz mavjud bo`lmagan.
Chorva ozuqa bazasi uchun omuxta em ishlab chiqarish hajmlarini ko`paytirish bo`yicha hozirgi kunda amalda 29 ta loyiha ishga tushirilishi belgilangan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun
19 gektar maydonga qurilish ishlari va 1 503 gektar maydonga donli ozuqalar ekish uchun er maydoni ajratildi. Yil yakuniga qadar 100 ming tonna quvvatdagi 29 ta korxona ishga tushiriladi.
Respublikada cho`l-yaylov ozuqabop o`simliklar urug`chiligini etishtirish maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi, Navoiy, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti Oxangaron filialining ilmiy tajriba stansiyasida birlamchi ozuqabop ekinlar urug`chiligi, Qorako`lchilik va cho`l ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti hamda Buxoro cho`l-yaylov ozuqabop o`simliklar urug`chilik ilmiy ishlab chiqarish markazlari uchun 2 ming 200 gektar er maydonlari ajratilib, tog`, tog` oldi va cho`l-yaylov ozuqabop o`simliklar urug`ligini etishtirish yo`lga qo`yildi.
Xalqaro tajribaga tayangan holda, ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida makkajo`xorining yuqori hosildor urug`lari Fransiya, Turkiya, Serbiya, Rossiya, Ukraina, Xitoy va boshqa xorijiy davlatlardan keltirilib, fermerlarga etkazib berilmoqda.
Makkajo`xorining chet davlatlardan olib kelingan “AK-2580”, “AK-2550”, “PIONEER”, “PL-700”, “PL-630”, “PL-618”, “PL 538”, “HUNTER”, “RANGER”va “TORRO” duragaylarining 1 gektar maydonidan 70 tonnagacha hosil olinmoqda. (2016-2019 yillarda 1 gektardan 35-40 tonnani tashkil etgan).
Bugungi kunda, Turkiyaning “AKDENIZ TOHUM” va “POLEN” urug`chilik shirkatlari, Fransiyaning “MAISADOR” kompaniyasining "AGROHOUSE" MChJlari bilan makkajo`xorining gibrid urug`liklarini O`zbekistonda etishtirishni joriy etish bo`yicha ishlar tashkil etildi.
Oraliq ekin sifatida tritikalening “Kumushsimon prag” navi, sulining “O`zbekiston keng bargli” navi, bedaning Germaniya davlatidan olib kelingan “GEA” gibrid urug`liklari
va mamlakatimizda etishtirilgan “Oq qashqarbeda” navini ekish joriy etildi.
Shirali ozuqa sifatida hashaki lavlagining yuqori hosilli “O`zbekiston nim qand”, “Ekkendorf sariq” va “O`zbekiston 83” kabi navlari ekilmoqda.
Shuningdek, samarali va kam xarajatli ozuqa etishtirish bo`yicha gidroponika texnologiyasi joriy yilning o`zida 265 ta chorvachilik sub`ektida tashkil etildi. 2017-2018 yillarda bu texnologiya asosida oziqlantirish mexanizmi mavjud bo`lmagan. 2026 yilda gidroponika usulida ko`k massa etishtirish 6 500 ta xo`jalikda tashkil etilishi rejalashtirilgan.