O`tgan yili boshlangan koronavirus pandemiyasi hamon jahon iqtisodiyoti g`ildiraklarini orqaga tortib turibdi. Ayniqsa, ishlab chiqarish va xizmat ko`rsatish sohalarini bamisoli tushovlab qo`ydi. Bu esa iqtisodiyoti shu ikki ustunga tayangan davlatlarni anchayin mushkul ahvolga solmoqda. Biroq hech bir mamlakat bunga qo`l qovushtirib qarab turgani yo`q. Global inqirozning salbiy ta`sirlarini kamaytirish, iqtisodiyotni tiklash bo`yicha turfa chora-tadbirlarni ishlab chiqyapti. Jumladan, O`zbekiston ham. Shunday bo`lsa-da, “koronakrizis”ni yumshatish, undan chiqish oson kechmayotgani bor gap.
Ertangi iqtisodiy manzaraga bugungi chizgilar
Koronavirusdan so`ng mintaqamizda qanday iqtisodiy manzaraga guvoh bo`lamiz? Iqtisodiyot tarmoqlarida tiklanish qanchaga cho`ziladi? Moliyaviy barqarorlikni saqlash uchun qanaqa yo`l tutgan ma`qul?
Xalqaro moliya institutlarining tahlillariga qaraganda, Markaziy Osiyoda tiklanish jarayoni barcha davlatlarda bir xil ketmayotgan bo`lsa-da, mintaqa miqyosida aytganda, umumiy prognoz yaxshi tomonga o`zgaryapti. Evropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari 2021 va 2022 yillarda mintaqada iqtisodiy o`sish 4,5 foizni tashkil etishini prognoz qilishmoqda. Xom-ashyo narxlari o`sishi va xalqaro pul o`tkazmalari tiklanishi hisobiga shunday natijaga erishilishi kutilyapti.
Biz uchun muhim jihati mazkur moliya muassasasi 2021 yilda O`zbekiston iqtisodiyoti 5,6 foiz, 2022 yilda esa 6 foiz o`sishini prognoz qilganidir. Bankning “Mintaqaviy iqtisodiy istiqbollar” hisobotida keltirilishicha, O`zbekiston iqtisodiyotining xizmatlar, sanoat, qurilish va qishloq xo`jaligi singari asosiy tarmoqlarida o`sishga erishiladi.
Demak, “koronakrizis”ni engib, mamlakat iqtisodiyoti tiklanishida ushbu sohalar “drayver”ga aylanadi.
8,1 foizlik o`sish haqiqatga qanchalik yaqin?
E`tirof etish kerakki, 2020 yil yakuni bo`yicha O`zbekiston iqtisodiyoti resessiyadan qutilib, ijobiy dinamikani saqlab qoldi.Davlat statistika qo`mitasining ma`lumotlariga ko`ra, yalpi ichki mahsulot hajmi 1,6 foiz o`sib, 580,2 trln. so`mni tashkil etdi. Dunyoning aksariyat davlatlarida iqtisodiy pasayish kuzatilgan bir paytda kam foizli bo`lsa-da, o`sishga erishilgani makroiqtisodiy bararorlikni ta`minlash bo`yicha ko`rilgan tezkor choralar o`z samaralarini berganini tasdiqlaydi, albatta.
Bugun aksariyat mahalliy va xorijiy ekspertlar O`zbekiston iqtisodiyotida o`nglanish sur`atlari jadallashishini aytishmoqda. Buning asosiy omil va jihatlari ham sanab o`tilmoqda. Masalan, “J.P. Morgan” investisiya banki yaqinda e`lon qilgan “O`zbekiston: quyosh kabi ko`tarilish” (“Uzbekistan: Soum’er Solstice”) nomli tahliliy hisobotida O`zbekiston so`nggi 20 yil ichida O`rta Osiyo, Sharqiy Evropa, Yaqin Sharq va Afrika (CEEMEA) mamlakatlari orasida yuqori va barqaror o`sish sur`atiga erisha olgan sanoqli mamlakatlardan biri bo`lganini e`tirof etdi. Eng asosiysi, hisobotda O`zbekiston iqtisodiyoti 2021 yilda 8,1 foiz, 2022 yilda 6,3 foiz o`sishga erishishi keltiriladi.
Ochig`ini aytish kerak, keltirilgan ushbu raqam Xalqaro valyuta jamg`armasi, Evropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari prognozlaridan ancha yuqori. Shunday ekan, bu qanchalik asosli va bunga qanday erishiladi?
Bank ekspertlarining fikricha, 2021 yilgi iqtisodiy o`sishga, asosan, qurilish va sanoat tarmoqlari salmoqli hissa qo`shadi.
Yuksalish “drayver”lari
Chindan ham, qurilish industriyasi pandemiya deyarli ta`sir qilmagan kam sonli sohalaridan biri hisoblanadi. Xususan, O`zbekistonda qurilish ishlarining ko`lami kengayib borayotgani ushbu soha bilan bevosita bog`liq bo`lgan qurilish materiallari sanoati, xizmat ko`rsatish kabi sohalari rivojiga ham katta turtki bo`layotir. 2020 yil yakunlari bo`yicha qurilish sohasida 9,1 foiz o`sish sur`ati ta`minlangani ko`p narsani anglatadi.
E`tiborlisi, mazkur jabhadagi yuqori dinamika 2021 yilda ham saqlanib turibdi. Aniqrog`i, shu yilning dastlabki besh oyida 37,3 trln. so`mlik qurilish ishlari bajarilib, 2020 yilning mos davridagiga nisbatan o`sish sur`ati 0,9 foizni tashkil etdi.
O`zbekistonning hozirgi iqtisodiy holatini tahlil qilar ekanmiz, rostan ham,qurilish, sanoat va xizmat ko`rsatish tarmoqlari iqtisodiy yuksalish “drayver”lariga aylanishiga ishonch hosil qilasan, kishi. Davlat statistika qo`mitasi ma`lumotlariga qaraganda, birgina 2021 yilning yanvar-may oylarida sanoat ishlab chiqarish fizik hajmi indeksi 8,2 foiz, qurilish ishlari hajmi 0,9 foiz, chakana savdo tovar aylanmasi 11,0 foiz, xizmatlar hajmi 20,9 foiz o`sgan.
Qolaversa, tashqi savdo aylanmasi ham barqarorlashmoqda. 2021 yilning besh oyida O`zbekiston tashqi savdo aylanmasi 14,6 mlrd. AQSh dollariga teng bo`ldi. Bu o`tgan yilning mos davriga nisbatan 1,7 mlrd. AQSh dollariga ko`paydi yoki o`sish sur`ati 13,2 foizni tashkil etdi, deganidir.
Oltin narxi pasayishining ta`siri qanday bo`ladi?
“J.P. Morgan” oltin narxi 2022 yilga borib 1 350 dollargacha tushishi mumkinligini taxmin qilar ekan, bu O`zbekiston joriy operasiyalari hisobi taqchilligi 2021 yilda YaIMga nisbatan 4,5 foizni, 2022 yilda YaIMga nisbatan 8,5 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda.
Oltin qazib olish bo`yicha dunyoning TOP-10 ta mamlakati qatoriga kirgan davlat uchun bu yaxshi signal emas, albatta. Eslatib o`tamiz, Butunjahon Oltin Kengashi ma`lumotlariga ko`ra, 2020 yilda O`zbekiston tarixida ilk marta 100 tonnadan ziyod (101,6 tonna) oltin qazib olinib, jahon reytingining 8-pog`onasidan joy egallagan.
Biroq ekspertlarning ta`kidlashicha, O`zbekiston suveren xalqaro obligasiyalari narxlari makroiqtisodiy holatning yaxshilanishiga xizmat qiladi. Xususan, amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar investorlar diqqat-e`tiborini ushlab, mamlakat investisiyaviy jozibadorligini oshirishi mumkin.
Umuman olganda, O`zbekiston uchun “koronakrizis”ning eng og`ir damlari ortda qolmoqda. Iqtisodiy tiklanish jarayonlari tezlashib, barqaror o`sish sur`atlariga mustahkam poydevor tashlanmoqda. Bu esa nafaqat iqtisodiyot tarmoqlari taraqqiyotida, balki aholi daromadi va turmush darajasida ham tez orada sezila boshlaydi.
Asrorbek NE`MATOV