my5
Sevimli

O`rtacha maosh bugungi kunda qancha? Uni statistika qo`mitasi vakillari o`ylab topadimi?

Iqtisodiyot 12.08.2021, 18:09
Теглар: oylik maosh
O`rtacha maosh bugungi kunda qancha?  Uni statistika qo`mitasi vakillari o`ylab topadimi?

       Maoshlar... kimning qancha maosh olishi, oyiga qancha pul topishi hamisha boshqalar uchun qiziq bo`lgan va shunday bo`lib qoladi. Ayniqsa, davlat tizimida ishlayotgan, byudjetdan oylik olayotganlar, xalqqa xizmat qilishi kerak bo`lgan qatlamning faoliyati, yashash tarzi jamoatchilik uchun har doim qiziq. Bunga yaqindagina ko`plab shov-shuvlarga sabab bo`lgan “O`zbekistonda sudyalar qancha maosh oladi?”, “Hokimlarning oyligi qancha?”, “Futbolchilarga nega buncha katta mablag` to`langan?” kabi qator savollar va ularning muhokamasi ham misol bo`la oladi. Davlat statisika qo`mitasi bo`lim boshlig`i Umid Tojimuhamedov ko`pchilikni qiziqtirgan shu va shu kabi savollarga javob berdi. 

– Ko`pchilik o`rtacha ish haqini Davlat statistika qo`mitasi taxminlar asosida chiqaradi, deb ham o`ylaydi. Aslida buning uchun yiliga to`rt marta, ya`ni har chorakda fermer xo`jaliklari va kichik tadbirkorlik sub`ektlaridan boshqa hammadan hisobotlar yig`ib olinadi. Har bir yirik korxona va byudjet tashkilotlari har uch oyda bir marta, fermerlar va kichik tadbirkorlar esa yilda bir marta  ishchilarga to`lanayotgan ish haqi haqidagi hisobotni statistika qo`mitasiga taqdim etishadi.

To`g`ri, futbol jamoalari ham bizga hisobot topshiradi. Biroq, undagi raqamlar umumiy bo`ladi, bizga shaxslar kesimidagi hisobot kelmaydi. Misol uchun, 30 nafar xodimi bor korxona umumiy so`mmani 30 million so`m, deb yozib topshiradi. Negaki, bizga ishchilar soni va maosh hajmi yuboriladi. Biz 30 millionni 30 ga bo`lsak, kishi boshiga bir milliondan maosh chiqib keladi. Aslida esa kimdir 2 million, boshqasi 500 ming olayotgan bo`lishi mumkin. Negaki, tashkilotda qorovul ham, bo`lim boshlig`i ham mehnat qiladi. Ularning maoshi bir-biridan farq qilishi tabiiy. 

                                  KIMNING MAOShI KO`P?

Statistika qo`mitasi 2021 yilning 6 oyi bo`yicha o`zbekistonliklarning o`rtacha oylik maoshiga oid  statistikani e`lon qilganda  sanoat va qurilish sohalarida eng yuqori maosh Navoiy viloyatiga, qolgan barcha sohalardagi yuqori maosh Toshkent shahriga to`g`ri kelishini ko`rsatib o`tgan...

–To`g`ri, bizga topshirilgan hisobotlar asosidagi hisob-kitoblar natijasida shunday xulosaga kelingan. Poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan yirik korxonalar orasida  katta miqdorda maoshlar to`lanishi haqiqat. Shuningdek,  o`rtacha ish haqining eng yuqori  o`sish sur`ati Toshkent shahriga (24,5 foiz), eng past o`sish esa Andijon viloyatiga (8 foiz) to`g`ri kelmoqda.

Statistika qo`mitasini tahlillari o`rtacha oylik ish haqining eng yuqori darajasi moliyaviy va sug`urta iqtisodiy faoliyatida 7 mln. 111 ming so`m yoki respublika ko`rsatkichidan 2,4 barobar yuqori ekanligini ko`rsatdi.

Eng kam maosh esa sog`liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish faoliyatida 2 mln. 49 ming so`m yoki respublika o`rtacha oylik ish haqidan 69 foizga kam ekanligi kuzatildi.

Qayd etish kerakki, 2021 yil yanvar-iyun oylarida sanoat sohasida (qishloq xo`jaligi va kichik tadbirkorlik sub`ektlaridan tashqari) o`rtacha oylik ish haqi 3 734,6 ming so`mni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 7,9 foizga o`sgan. 

1. Moliyaviy va sug`urta faoliyati – 7 mln. 111 ming so`m. 29,6 foiz o`sish.

2. Axborot va aloqa sohasi – 5 mln. 138,4 ming so`m. 21,3 foiz o`sish.

3. Sanoat sohasi – 3 mln. 734,6 ming so`m. 2020-yilning mos davriga nisbatan 7,9 foiz o`sish.

4. Tashish va saqlash sohasi – 3 mln. 712,6 ming so`m. 10,3 foiz o`sish.

5. Qurilish sohasi – 3 mln. 690,7 ming so`m, 22,1 foiz o`sish.

6.Savdo sohasi –  2 mln. 977,3 ming so`m. 21,7 foiz o`sish.

7. Ta`lim sohasi – 2 mln. 250 ming so`m. 14,4 foiz o`sish.

8. Sog`liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko`rsatish sohasi – 2 mln. 49 ming so`m. 15,1 foiz o`sish.

                ISh HAQLARI QANDAY ASOSLARGA KO`RA FARQLANDI?

– Korxonalar uchun aniq belgilangan ish haqi me`yorlari bormi? Umuman olganda ish haqlari qanday asoslarga ko`ra farqlanadi?

- Aniq, belgilangan ish haqlari haqida me`yorlar ishlab chiqilmagan. Hozirgi bozor iqtisodiyoti davrida tashkilotlar o`zining ichki imkoniyatlari asosida maoshlarni belgilaydi. Shuningdek, o`rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi tarkibiga qo`shimcha to`lovlar, mukofot pullari, rag`batlantiruvchi to`lovlar, konpensasiya va ishlamagan vaqti uchun to`lovlar, shuningdek, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig`i va kasaba uyushmasiga ajratmalar kiradi. 

                                                                                                                        Sayyora ShOEVA tayyorladi

Шарҳлар

Sobiq xodimlarining oyliklarini bermayotgan rahbar Ombudsman tomonidan tartibga chaqirildi

03.09.2021, 13:33

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ga Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida yashovchi fuqarolar ish haqlarini to`lab berilishida amaliy yordam so`rab murojaat qilishgan.Murojaatda keltirilishicha, "Surxondaryo Agroxizmat"...
3 oy tekinga ishlagan ishchilar masalasi hal etildi

24.07.2021, 19:20

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (ombudsman)ga Buxoro viloyati, Peshku tumanidagi “Neftgazqurilishta`mir” AJ ishchi-xodimlari tomonidan oylik maoshlarini berilmayotgani bo`yicha murojaat kelib tushgan.Ombudsman axborot xizmati ma`lum...