AsosiySiyosat

Prezident «O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni to`g`risida farmonni imzoladi

'Prezident «O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni to`g`risida farmonni imzoladi'ning rasmi

Yangi O`zbekiston tarixidagi buyuk va shonli sana – Vatanimiz mustaqilligining o`ttiz yillik bayramini xalqimiz katta shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.

Mamlakatimizda yangi demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yo`lida o`tgan davrda amalga oshirilgan ulkan ishlar, erishilgan yuksak natijalarda, hech shubhasiz, hayotimizning turli soha va tarmoqlarida fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning beqiyos hissasi bor.

Bunday olijanob insonlarning el-yurt oldidagi xizmatlarini e`tirof etish va munosib taqdirlash vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni yuksak marralar sari ruhlantirish, ular qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg`ularini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirishga katta hissa qo`shayotgan, davlatimiz iqtisodiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishda ibrat va namuna bo`lib kelayotgan, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo totuvlik va bag`rikenglikni ta`minlash, yosh avlodni sog`lom va barkamol insonlar etib voyaga etkazish, ularni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda alohida fidoyilik ko`rsatayotgan yurtdoshlarimizni «O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan mukofotlash maqsadida:

1. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishoni bilan taqdirlash bo`yicha davlat organlari va tashkilotlari, jamoat birlashmalari va boshqa respublika idoralari hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan ro`yxatlarni ko`rib chiqsin va tasdiqlasin.

2. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirliklar, idoralar va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari va boshqa mutasaddi rahbarlar «O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishonlarini Mustaqillik bayrami munosabati bilan o`tkaziladigan tadbirlarda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan tantanali vaziyatda topshirishni ta`minlasin.

3. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga «O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi» esdalik nishonlarini topshirishga bag`ishlangan tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Sh.MIRZIYoEV

O`zbekiston Respublikasi

Prezidenti                           

 

    Boshqa yangiliklar