AsosiySiyosat

Prezident Mustaqillik bayrami esdalik nishoni bilan mukofotlash to`g`risida farmon imzoladi

'Prezident Mustaqillik bayrami esdalik nishoni bilan mukofotlash to`g`risida farmon imzoladi'ning rasmi

Bugun, 23 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami munosabati bilan “O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlash to`g`risida farmon imzoladi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni

Yangi O`zbekiston tarixidagi buyuk va shonli sana – Vatanimiz mustaqilligining o`ttiz yillik bayramini xalqimiz katta shodu xurramlik bilan kutib olmoqda.

Mamlakatimizda yangi demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yo`lida o`tgan davrda amalga oshirilgan ulkan ishlar, erishilgan yuksak natijalarda, hech shubhasiz, hayotimizning turli soha va tarmoqlarida fidokorona mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizning beqiyos hissasi bor.

Bunday olijanob insonlarning el-yurt oldidagi xizmatlarini e`tirof etish va munosib taqdirlash vatandoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimizni yuksak marralar sari ruhlantirish, ular qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg`ularini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mamlakatimizni har tomonlama taraqqiy ettirish, uning jahon miqyosidagi shon-shuhratini oshirishga katta hissa qo`shayotgan, davlatimiz iqtisodiyoti va aholi farovonligini yuksaltirishda ibrat va namuna bo`lib kelayotgan, jamiyatimizda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo totuvlik va bag`rikenglikni ta`minlash, yosh avlodni sog`lom va barkamol insonlar etib voyaga etkazish, ularni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda alohida fidoyilik ko`rsatayotgan yurtdoshlarimizni “O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan mukofotlash maqsadida:

1. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlash bo`yicha davlat organlari va tashkilotlari, jamoat birlashmalari va boshqa respublika idoralari hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan taqdim etilgan ro`yxatlarni ko`rib chiqsin va tasdiqlasin.

2. O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Spikeri, O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, vazirliklar, idoralar va jamoat birlashmalarining respublika organlari rahbarlari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari va boshqa mutasaddi rahbarlar “O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlarini Mustaqillik bayrami munosabati bilan o`tkaziladigan tadbirlarda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan tantanali vaziyatda topshirishni ta`minlasin.

3. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, O`zbekiston Milliy axborot agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi va boshqa ommaviy axborot vositalariga “O`zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishonlarini topshirishga bag`ishlangan tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin"

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti                                              Sh.MIRZIYoEV

    Boshqa yangiliklar