Bugun, 25 avgust kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Polsha Respublikasi Prezidenti Anjey Duda bilan telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati ma`lum qildi.
Etakchilar ikki tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalarni, shu jumladan siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuv dasturlarini ilgari surish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar doirasidagi samarali sheriklikni davom ettirish masalalarini ko`rib chiqdilar.
Davlat rahbarlari Afg`onistondagi voqealarning rivojlanishi nuqtai nazaridan mintaqadagi joriy vaziyat yuzasidan ham fikr almashdilar.
Polsha Prezidenti fuqarolarni Afg`onistondan mamlakatimiz hududi orqali Polshaga evakuasiya qilish bo`yicha gumanitar operasiyalarni amalga oshirishga ko`rsatilayotgan har tomonlama ko`mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Afg`on muammosini tinch yo`l bilan hal qilish maqsadida yaqindan hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.