my5
Sevimli

Ertaga Qozonda birinchi MDH sport o`yinlari ochiladi

Sport 03.09.2021, 21:31
Ertaga Qozonda birinchi MDH sport o`yinlari ochiladi

Ertaga, 4 sentyabr kuni Rossiya Federasiyasining Qozon shahrida ilk bora o`tkazilayotgan MDH o`yinlari  tantanali ochiladi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi ma`lum qildi.

Ma`lumot uchun, MDH o`yinlari 4-11-sentyabr kunlari Rossiya Federasiyasining Qozon shahrida bo`lib o`tadi.

Birinchi MDH o`yinlarida sportning 17 turi bo`yicha 1 500 nafarga yaqin sportchi 182 ta medallar jamlanmasi uchun bahs olib borishadi. Musobaqalarni bevosita boshqarib borish uchun 400 nafar atrofida hakamlar jalb qilingan bo`lsa, 1 000 nafardan ziyod volontyorlar MDH o`yinlari ishtirokchilariga xizmat ko`rsatadi.

Ushbu o`yinlarda O`zbekiston sport delegasiyasi tarkibida 15ta sport turidan jami 240 kishi qatnashishi rejalashtirilgan.

Vakillarimizning dastlabki guruhi 31-avgust kuni Qozonga jo`nab ketishganidan xabaringiz bor. Bugun esa yana bir guruh sportchilarimiz va rasmiylar Tatariston poytaxtiga kuzatib qo`yildi. Mamlakatimiz delegasiyasi tarkibidan basketbol (3x3), kurash, belbog`li kurash, muay-tay va o`q otish sporti vakillaridan iborat jami 65 nafar yurtdoshimiz o`rin olgan. O`zbekiston sport delegasiyasiga Milliy Olimpiya qo`mitasi Bosh kotibi Oybek Kasimov rahbarlik qilmoqda.

O`z tarkibiga dzyudo, karate, stenddan o`q otish, badminton, badiiy gimnastika, futzal, sambo hamda raqs sport turi vakillarini jamlagan qariyb 100 kishilik navbatdagi delegasiyamiz rejaga binoan 6-7-sentyabr kunlari birinchi MDH o`yinlariga jo`nab ketadi.

O`yinlarning rasmiy ochilish marosimi ertaga belgilangan bo`lsa-da, dasturga binoan ayrim sport turlari bo`yicha musobaqalar boshlanib ketdi. Jumladan, boks bahslariga 1 sentyabrdan start berilgan bo`lsa, bugun, 3-sentyabrdan sport kurashlari bo`yicha ham musobaqalar boshlab yuborildi. Shuningdek, bugun yunon-rum kurashi bellashuvlari ham boshlandi.

Ta`kidlash kerak, Tataristonda o`tkazilayotgan birinchi MDH o`yinlari 14-23 yoshli iqtidorli sportchilar o`rtasida tashkil etilmoqda. Shubha yo`qki, bu o`yinlar ana shu yoshlarimiz uchun qit`a va jahon chempionatlari, Osiyo va Olimpiya o`yinlari uchun o`ziga xos tajriba maktabi vazifasini o`tab beradi.

Шарҳлар