Tokio shahrida davom etayotgan XVI yozgi Paralimpiya o`yinlari ertaga o`z yakuniga etadi. Xo`sh, bugun sportchilarimizning musobaqalarda ishtiroki qanday kechmoqda?
Bugun para kanoe bo`yicha KL-3 klassida ayollar o`rtasida 200 metrga sprint poygalari bo`lib o`tdi. Yarim finalda hamyurtimiz Shahnoza Mirzaeva 51.466 soniya vaqt bilan marraga 5-o`rinda etib keldi va final yo`llanmasini qo`lga kiritgan edi.
Biroq, medallar uchun kechgan final bosqichida Shahnoza Mirzaeva 52.398 soniya vaqt bilan marraga 6-o`rinda etib keldi.
Yana bir para kanoechimiz Hayitmurod Sherqo`ziev esa VL-3 klassida erkaklar o`rtasida 200 metrga o`tkazilgan poygalarda munosib ishtirok etdi, ammo...
Yarim finalda hamyurtimiz 51.450 soniya vaqt bilan marraga 2-o`rinda etib kelgandi va bu bizda medallarga umid uyg`otgan edi. Afsuski, Hayitmurod final bahsida 52.793 soniya vaqt bilan marraga 4-o`rinda etib keldi. Hamyurtimiz medalga juda yaqin keldi, ammo uning natijasi bunga biroz kamlik qildi.
Hozirgina para o`q otishning 50 metr masofaga to`pponchadan o`q otish bo`yicha o`tkazilgan bahslari yakunlandi.
Yarim finalda hamyurtimiz Server Ibragimov 539 ochko bilan 1-o`rinni egallagan edi. Biroq, final bosqichida Server 100 ochko bilan 8-pog`onani egalladi.
Eslatib o`tamiz, Server Ibragimov 10 metr masofaga to`pponchadan o`q otish bahslarida 177.4 ochko to`plagan holda 5-o`rinni egallagan edi.
Para taekvondo bo`yicha ayollar o`rtasida +58 kg vazn toifasida bahslarda ishtirok etayotgan hamyurtimiz Guljanoy Naimova yarim finalga yo`l oldi.
Mahoratli sportchiimiz nimchorak finalda eronlik Raexex Shaxabni 30:9 hisobida mag`lub etdi va chorak finalga yo`l oldi.
Bu bosqichda unga yaponiyalik para taekvondochi Shoko Ota raqiblik qildi. Hamyurtimiz bu jangda mezbon sportchini ayab o`tirmadi va 37:12 hisobida g`alaba qozonib, yarim final yo`llanmasini qo`lga kiritdi.
Guljanoy final ostonasida Buyuk Britaniya vakilasi Emi Trusdeyl bilan kuch sinashadi. Ushbu jang bugun Toshkent vaqti bilan soat 14:00 da boshlanadi.