Bugun O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Buyuk Britaniya tashqi ishlar, Hamdo`stlik va taraqqiyot masalalari bo`yicha vaziri Dominik Raab o`rtasida telefon orqali muloqot bo`lib o`tdi, deb xabar qilmoqda vazirlik Matbuot xizmati.
Unga ko`ra, tashqi siyosiy idoralar rahbarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalarini, shuningdek, ikki tomonlama munosabatlar rivojini muhokama qildi.
So`nggi yillarda O`zbekiston va Buyuk Britaniya o`rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarilgani qayd etildi.
Afg`onistondagi vaziyat va mazkur mamlakatda tinch siyosiy jarayonga ko`maklashish borasida fikr almashildi. Har ikki tomonning bu yo`nalishda hamkorlikni kengaytirishdan birday manfaatdor ekanligi ma`lum qilindi.