Prezident Shavkat Mirziyoev 6 sentyabr kuni farmasevtika tarmog`ida amalga oshirilgan ishlar hamda istiqboldagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Yurtimizda farmasevtika bo`yicha katta imkoniyatlar bo`la turib, undan to`la foydalanilmas edi. Oxirgi yillarda bu tarmoq “drayver”lardan biri sifatida belgilanib, izchil rivojlantirib kelinmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2017 yil 3 maydagi farmoniga muvofiq, Nukus, Zomin, Kosonsoy, Sirdaryo, Boysun, Bo`stonliq va Parkentda farmasevtikaga ixtisoslashgan erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilgan edi. O`sha yili 7 noyabrdagi farmonga ko`ra, Sog`liqni saqlash vazirligi huzurida Farmasevtika tarmog`ini rivojlantirish agentligi tuzildi. Dorivor o`simliklar etishtirish, ularni qayta ishlash, investisiyalar jalb etib, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish uchun keng sharoitlar yaratildi.
Bularning natijasida so`nggi besh yilda 71 ta yangi korxona tashkil etilib, 2 ming 500 dan ortiq turdagi dori vositalari, 241 turdagi tibbiy buyumlar va 78 turdagi tibbiy texnika ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi. Farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi qariyb 2 barobar oshdi.
Lekin bu natijalar hali etarli emas. Bugungi kunda mahalliy korxonalar ichki bozor talabini natural hajmda 55 foizga ta`minlanmoqda, xolos.
Kelgusi besh yilda tarmoqda ishlab chiqarish hajmini 3 barobar oshirish, ichki bozorni ta`minlash darajasini natural hajmda 80 foizga etkazish vazifasi qo`yilgan. Shu maqsadda 2022-2026 yillarga mo`ljallangan istiqbolli loyihalar ishlab chiqilgan.
Taqdimotda ana shu loyihalar haqida ma`lumot berildi.
Xususan, jami 1,25 milliard dollarlik 104 ta investisiya loyihasi rejalashtirilgan. Ularning natijasida 376 million dollarlik import o`rnini bosuvchi mahsulotlar tayyorlanib, 84 million dollarlik eksport quvvati yaratilishi hisob-kitob qilingan. Eng muhimi, 9 mingga yaqin kishi ish bilan ta`minlanadi.
Prezidentimiz bu loyihalarning ijtimoiy va iqtisodiy ahamiyatini ta`kidlab, ularni jadallashtirish bo`yicha topshiriqlar berdi.
Taqdimotda mahalliy dorivor o`simliklarni etishtirish va qayta ishlash masalalariga ham alohida e`tibor qaratildi.
Mamlakatimiz hududida 750 turdagi dorivor giyohlar o`sadi. Ulardan foydalanib, dunyo bozorida xaridorgir tabiiy mahsulotlar ishlab chiqarish uchun hamma sharoit yaratib berilmoqda. Jumladan, O`zbekiston Prezidentining 2020 yil 10 apreldagi qarori bilan yovvoyi holda o`suvchi dorivor o`simliklarni muhofaza qilish, madaniy holda etishtirish va qayta ishlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar belgilandi, muayyan hududlar dorivor o`simliklar etishtirishga ixtisoslashtirildi. Bu yo`nalishda 19 ta korxona ishga tushirildi.
Lekin 750 turdagi dorivor o`simliklardan faqatgina 70 tasi mahalliy korxonalar tomonidan faol ishlatilmoqda.
Prezidentimiz yurtimizdagi dorivor o`simliklarni chuqur qayta ishlash orqali eksportni 15 million dollarga etkazish va 5 mingdan ortiq aholini ish bilan ta`minlash mumkinligini ta`kidladi. Mutasaddilarga shu yo`nalishdagi klasterlar faoliyatini yo`lga qo`yib, ishlab chiqarishni kengaytirish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Bunda, dorivor o`simliklarni etishtirish uchun er maydonlarini ajratish, urug`chilikni rivojlantirish, agronomlarni tayyorlash, dorivor o`simliklarni qayta ishlash hamda iste`mol bozorlarini yaratish masalalariga alohida e`tibor qaratish topshirildi.
Sohadagi yana bir yirik loyiha – “Tashkent Pharma Park” innovasion ilmiy-ishlab chiqarish farmasevtika klasteridir. Davlatimiz rahbarining 2020 yil 28 yanvardagi qaroriga muvofiq tashkil etilgan ushbu zamonaviy markaz Toshkent viloyatining Zangiota tumanida barpo etilmoqda. Xususan, farmasevtika universiteti, farmakopeya markazi, ilmiy-tadqiqot markazi, ekspertiza markazi, laboratoriyalar, vivariy va ilmiy-tajriba ishlab chiqarish binosi qurilmoqda.
Shuningdek, bu erda 140 million dollarlik 7 ta investisiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Taqdimotda biofarmasevtik dori vositalarini o`zlashtirish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Yurtimizdagi korxonalarda 3 mingdan ortiq nomdagi dori vositalari ishlab chiqarilayotgan bo`lsa-da, ular asosan bir komponentli, murakkab bo`lmagan dori vositalaridir.
Shu bois Prezidentimiz onkologik, gormonal, qon preparatlari, vaksinalar kabi innovasion biotexnologik dori vositalari ishlab chiqarishni yo`lga qo`yish bo`yicha ko`rsatmalar berdi.
Sog`liqni saqlash tizimi davlat xaridlari orqali mahalliy farmasevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni rag`batlantirish, xalqaro standartlar asosida tayyorlanayotgan mahsulotlarni sertifikasiyalashni soddalashtirish muhimligi ta`kidlandi.
Ilm-fan va sanoat korxonalari kooperasiyasini rivojlantirish, zamonaviy bilimlarga ega malakali mutaxassislar tayyorlash bo`yicha topshiriqlar berildi.
Sohani yanada rivojlantirish bo`yicha alohida dastur tayyorlash vazifasi qo`yildi.