Rossiyaning Qozon shahrida ilk marotaba o`tkazilayotgan MDH davlatlari o`yinlari dasturidan Tataristonning milliy sport turi, ya`ni koresh ham o`rin olgan va ushbu sport turi bo`yicha o`tkazilgan bellashuvlarda O`zbekiston Bel olish va uch kurash assosiasiyasi nomidan 10 nafar sportchi ishtirok etishdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, koresh bellashuvlarida 10 nafar terma jamoa a`zolaridan 4 nafari kumush va 5 nafari bronza medalini qo`lga kiritib, umumjamoa hisobida faxrli 3-o`rinni egallashdi.
Biroq, terma jamoa bosh murabbiyi Nosir Azizovning ta`kidlashicha, natijalar bundan ham yuqori bo`lishi mumkin edi. Boisi, -70 kg vazn toifasida Manguberdi Imyanov hamda -75 kg vazn toifasida kurash tushgan Husan Abduhakimov final bellashuvlarida rossiyalik raqiblariga nisbatan yaqqol ustunlikka erishgan bo`lsa-da, musobaqa hakamlari tomonidan sportchining natijalari e`tiborga olinmagan. Shu tariqa har ikki sportchi kumush medallarga loyiq ko`rilgan.
I MDH o`yinlarining "koresh" bo`yicha musobaqalarida o`z vazn toifalarida medallarga ega bo`lgan polvonlar bilan tanishing:
Kumush medal sohiblari:
- -70 kg: Manguberdi Imyanov,
- -75 kg: Husan Abduhakimov,
- -100 kg: Uchqunjon Xursandov,
- Mutlaq vazn: Ilyosbek Obidjonov.
Bronza medali sohiblari:
- -65 kg: Abdurahmon Egamov,
- -80 kg: Muhammadkarim Karimov,
- -85 kg: Akmaljon Hakimov,
- -90 kg: Umidjon Jalilov,
- -120 kg: Asadbek Zokirov.