Joriy yilning 8 sentyabr kuni Markaziy saylov komissiyasida O`zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi va O`zbekiston Ekologik partiyasi tegishli hujjatlar va O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko`rsatilgan nomzodni qo`llab-quvvatlovchi imzo varaqalarini taqdim etdi. Bu haqda Markaziy saylov komissiyasi Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ro`yxatga olinganganligi haqidagi guvohnomalarni olganidan so`ng, saylovchilarning imzosini to`plashga kirishgan edilar.
Qayd etish joiz, siyosiy partiya O`zbekiston Prezidentligiga ko`rstilgan nomzodni qo`llab-quvvatlab, jami saylovchilarning umumiy sonidan kamida bir foizining imzosini (taxminan 212 ming imzo) to`plashi kerak.
Saylov kodeksining 38-moddasiga muvofiq, saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qo`llab-quvvatlab imzo qo`yishga haqli.
Imzo varaqasi imzoni to`plagan shaxs tomonidan o`z familiyasi, ismi, otasining ismi ko`rsatilgan holda imzolanadi, shuningdek tegishli siyosiy partiyaning tuman, shahar tuzilmasi rahbari tomonidan muhr bosib tasdiqlanadi.
Saylovchilarning imzosini to`plash ish, xizmat, o`qish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek tashviqot yuritish va imzo to`plash qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshiriladi. Imzo to`playotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va o`ziga og`dirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab bo`ladi.
Saylov kodeksining 39-moddasiga asosan, siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining to`g`ri to`ldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida o`n besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qo`ygan saylovchilar to`g`risidagi tegishli ma`lumotlar tekshirilishi lozim.
Tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoxud O`zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qo`llab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir ma`muriy-hududiy tuzilmadan teng nisbatda tanlab olinadi.