my5
Sevimli

Toshkent shahrida “Rossiya va O`zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari” mavzusida xalqaro konferensiya o`tkaziladi

Siyosat 10.09.2021, 20:46
Toshkent shahrida “Rossiya va O`zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari” mavzusida xalqaro konferensiya o`tkaziladi

 

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda “Valday” xalqaro munozara klubi hamkorligida joriy yilning 20 sentyabrida Toshkent shahrida “Rossiya va O`zbekiston hamkorligining yangi tarixiy bosqichidagi taraqqiyot va xavfsizlik tahdidlari” mavzusida xalqaro konferensiya bo`lib o`tadi.

Ushbu konferensiya institut hamda klub o`rtasida 2019 yil Samarqandda boshlangan muloqotning davomi bo`lib, O`zbekiston va Rossiya ekspertlarining hamkorlikdagi ikkinchi tadbiri hisoblanadi.

Tadbirda ikki mamlakatning yuqori martabali vakillari, jumladan, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o`rinbosari Sodiq Safoev, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o`rinbosari Akmal Saidov, O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o`rinbosari Farhod Arziev, Rossiya Federasiyasi Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Andrey Rudenkolar qatnashishadi.

Shu bilan birga, Toshkentdagi platformada ikki davlatning etakchi mutaxassislari ham, jumladan, O`zbekiston tomonidan – O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg`oniston bo`yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov, Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Anvar Nosirov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Jumaev, shuningdek, Rossiya tarafidan – “Yandeks Go” kompaniyasining korporativ aloqalar bo`yicha direktori Aleksandr Visoskiy, Rossiya temir yo`llarining xorijiy loyihalar va xalqaro hamkorlik bo`limi boshlig`i Anton Kozlov, “Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo`llab-quvvatlash jamg`armasi boshqaruvi raisi Andrey Bistriskiy, “Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo`llab-quvvatlash jamg`armasi tadqiqotlari direktori Fyodor Lukyanov, “Valday” xalqaro munozara klubi dastur direktori Timofey Bordachev va boshqalarning ham ishtirokida ko`zda tutilgan.

Yuqori darajadagi navbatdagi muloqot o`tkazilishining asosiy sabablaridan biri, shubhasiz, mutaxassis va ekspertlarning O`zbekistonga bo`lgan katta qiziqishi bilan bog`liq. Aholi soni bo`yicha mintaqada etakchi, eksportga yo`naltirilgan ishlab chiqarish salohiyati hamda qudratli Qurolli Kuchlarga ega O`zbekiston Markaziy Osiyoda alohida o`rin tutadi.

So`nggi yillarda O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi munosabatlar yanada izchil rivojlanmoqda. Siyosiy va diplomatik aloqalar ittifoqchilik va strategik sheriklikning haqiqiy xususiyatiga ega bo`ldi. 2020 yilgi pandemiya davrida savdo aylanmasi 5,6 milliard dollargacha kamayganiga qaramay, ushbu ko`rsatkich 2016 yilga nisbatan 1,5 barobar ko`pdir. 2021 yilning birinchi yarmida tovar ayirboshlash hajmi o`tgan yilning shu davriga nisbatan 30 foizga ortib, 3,7 milliard dollarni tashkil etdi. Ikki mamlakat o`rtasidagi sanoat kooperasiyasini rivojlantirishning uzoq muddatli rejalari ham o`zaro savdo hajmini yanada oshiradi.

Ushbu tamoyil iqtisodiy hamkorlikdagi boshqa ko`rsatkichlarda ham namoyon bo`lmoqda. Oxirgi to`rt yilda O`zbekistonda Rossiya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 915 tadan qariyb 3 mingtaga etdi. Hatto 2020 yil, pandemiya davrida ham Rossiya kapitali ishtirokida 240 ta yangi korxona ishga tushirildi.

Bugungi kunda 2019-2024 yillarga mo`ljallangan Iqtisodiy hamkorlik dasturi, shuningdek, umumiy qiymati 25 milliard dollarga teng 800 dan ortiq savdo-investisiyaviy bitim va memorandumlar doirasida faol ishlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu konferensiyada O`zbekiston va Rossiya munosabatlarining asosini tashkil etuvchi yo`nalishlar va boshqa dolzarb mavzularni ko`rib chiqish rejalashtirilgan. “Markaziy Osiyoda islohotlar va taraqqiyot: Rossiya va O`zbekistonning yondashuvlari. Ikki tomonlama o`zaro munosabatlarning gumanitar jihatlari”, “Mintaqaviy xavfsizlik: tashqi va ichki omillar”, “Markaziy Evrosiyodagi xalqaro savdo va integrasiya” kabilar shular jumlasidandir.

Konferensiyaning ochilish, birinchi sessiyasi, shuningdek yopilish qismi ommaviy axborot vositalari va keng auditoriya uchun ochiq bo`lib, internet orqali onlayn-translyasiya qilinadi.

Konferensiya doirasida “Valday” xalqaro munozara klubi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti ko`magida tayyorlangan “Evrosiyoning temir ustuni: yutuqlar, muammolar va mintaqaviy bog`liqlik istiqbollari” nomli yangi to`plamning taqdimoti ham o`tkaziladi. Ushbu tahliliy hujjat Evrosiyodagi transport va logistika sohasiga bag`ishlangan bo`lib, temir yo`l aloqasini rivojlantirishga qaratilgan.

Шарҳлар