Harakatning yuqori martabali amaldorlaridan biri Mulla Barodar va Xalil Rahmon Haqqoniy o`rtasida kelishmovchilik boshlangani BBC'ga ma`lum qilingan. Barodar bosh vazirning birinchi o`rinbosari bo`lsa, Haqqoniy migrasiya masalalari bo`yicha vazir hisoblanadi.
Xabarda aytilishicha, ikki amaldor bir-biriga keskin so`zlar aytgan. To`qnashuvda tarafkashlik holati ham ro`y bergan bo`lishi mumkin.
Nizoga Mulla Barodarning yangi hukumat tuzilishidan noroziligi sabab bo`lgan. Ammo BBC kelishmovchilikning tub ildizi toliblar g`alabasiga kim asosiy hissa qo`shganligi masalasiga borib taqalishini taxmin qilmoqda. Xususan, Barodarning fikricha, “Tolibon”ning hokimiyatga kelishida siyosiy qanot va u o`tkazgan muzokaralar katta rol o`ynagan. Xalil Haqqoniy va uning ortida turgan “Haqqoniy tizimi” guruhi esa g`alabaga harbiy muvaffaqiyatlar sabab bo`lgan, deb hisoblamoqda.
Mulla Barodarning toliblar harbiy qanoti bilan nizosi haqidagi xabarlar bir necha kundan buyon tinmayapti. Uning o`zi bir haftadan beri ko`rinish bermagan. Ba`zi manbalar Barodar Kobulni tark etib, Qandahorga jo`nab ketganini ma`lum qildi. Uning qaerda ekani haqida “Tolibon”ning o`zi ham bir-biriga zid bayonotlar bermoqda. Masalan, dastlab uni Qandahorga ketganligi aytilgan. Ammo keyinchalik “Mulla Barodar charchagan va unga dam olish zarur”ligi xabar qilindi. Shu bilan birga bosh vazir birinchi o`rinbosari tez orada Kobulga qaytishi va rasmiy bayonot berishi ham mumkin.