AsosiyIqtisodiyot

Soliq kodeksiga o`zgartirishlar kiritildi. Eng asosiylari...

'Soliq kodeksiga o`zgartirishlar kiritildi. Eng asosiylari...'ning rasmi

Prezident “O`zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida”gi Qonunni (O`RQ–714-son, 14.09.2021 y.) imzoladi. Bu haqda Davlat soliq qo`mitasi xabar bermoqda. 

Mazkur qonun bilan Soliq kodeksiga ayrim hududlarda soliq solishning alohida tartibini nazarda tutuvchi maxsus soliq rejimi kiritildi.

Alohida hududlar sifatida quyidagilar belgilandi:

– Farg`ona viloyatining So`x tumani;

– Rishton tumanining Cho`ng`ara mahallasi;

– Farg`ona tumanining Shohimardon, Yordon mahallalari va Hosilot mahallasining Toshtepa – 2 ko`chasi.

 

Ayrim hududlarda soliq stavkalari quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

- foyda va daromad solig`i bo`yicha – 1 foiz;

- tadbirkorlar uchun har chorakda 25 ming so`m;

- ijtimoiy soliq bo`yicha – yuridik shaxslar uchun – 1 foiz (byudjet tashkilotlari bundan mustasno), YaTTlar uchun – yiliga BHMning kamida 1 baravari;

- aylanmadan olinadigan soliq bo`yicha – 1 foiz (2021 yil 1 yanvardan yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan ham qo`llaniladi).

Qonunda davlat organlari soliq solish ob`ektlariga oid ma`lumotlarni soliq organlariga real vaqt rejimida elektron shaklda taqdim etishi ham belgilandi.

Quyidagilarga to`lanadigan boshlang`ich yordam pulidan hamda uy-joy ijarasi uchun har oylik pul kompensasiyasidan daromad solig`i undirilmaydi (2021 yil 1 iyundan yuzaga keladigan munosabatlarga nisbatan ham qo`llaniladi):

– olis, borish qiyin hududlardagi byudjet bakalavriat yoki magistraturani tamomlagandan 3 yilda ishga qabul qilingan xodimlarga;

– olis va borish qiyin hududlardagi shifokorlik punktlari va poliklinikalarga, ta`lim muassasalariga ishga kirgan, boshqa hududlarda yashaydigan oliy ma`lumotli shifokorlarga va mutaxassislarga.

– Prezident yoki Hukumat qarorlari bilan belgilangan dasturlarda qatnashib olingan bonuslar, pul mukofotlari tarzidagi pul to`lovlaridan ham soliq undirilmaydi.

2022 yil 1 yanvargacha davrda 2020 yil 31 dekabrdagi holatga ko`ra soliq qarzini majburiy ravishda undirish, shuningdek quyidagilar bo`yicha penya hisoblash choralari ko`rilmaydi:

– turizm, transport va umumiy ovqatlanish bilan band tadbirkorlarning mol-mulk va er solig`i bo`yicha;

– 2020 yilda hisoblangan va qiyinchiliklar bilan yuridik shaxslar tomonidan to`lanmagan ularning mol-mulkiga solinadigan soliq va er solig`i bo`yicha;

– 2020 yil 15 maydagi holatga ko`ra qarzdorligi mavjud bo`lgan mikrofirmalar va kichik korxonalarga soliqlar, penyalar va soliq to`g`risidagi qonunchilikni buzganlik uchun hisoblangan jarimalar bo`yicha.

Turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari (joylashtirish xizmatlari) ko`rsatuvchi tadbirkorlik sub`ektlari 2021 yil 31 dekabrgacha bo`lgan davr uchun:

– foyda solig`ini belgilangan soliq stavkalariga nisbatan 50 foiz kamaytirilgan stavkada to`laydi;

– ijtimoiy soliqni 1 foiz miqdoridagi stavkada to`laydi;

– yuridik shaxslarning mol-mulkidan olinadigan soliqni va yuridik shaxslardan olinadigan er solig`ini to`lashdan ozod qilinadi.

Quyidagilar mol-mulk, er, aylanmadan olinadigan soliqni to`lashdan, YaTTlar uchun daromad solig`ining qat`iy belgilangan summalarini to`lashdan ozod qilinadi:

– 2024 yil 1 yanvargacha Qoraqalpog`iston Respublikasining har bir shahri va tumani uchun “o`sish nuqtasi” deb belgilangan faoliyat turlarini amalga oshirayotgan yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub`ektlari;

– 2024 yil 1 yanvargacha Qoraqalpog`iston Respublikasining Taxtako`pir, Bo`zatov va Shumanay tumanlarida joylashgan, yangidan tashkil etilgan sanoat sohasidagi tadbirkorlik sub`ektlari. Soliq to`lovchilarning mazkur toifasi foyda solig`ini va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqni belgilangan soliq stavkasidan 50 foiz pasaytirilgan soliq stavkalari bo`yicha to`laydi;

– 2026 yil 1 yanvargacha Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi tomonidan aniqlangan ro`yxat bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasida xizmatlar ko`rsatishga ixtisoslashtirilgan va og`ir sharoitlardagi 45 ta mahalla va ovullarda joylashgan, yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik sub`ektlari. Tadbirkorlik sub`ektlarining mazkur toifasi foyda solig`idan ham ozod qilinadi.

    Boshqa yangiliklar